Jahon | 11:02 / 26.08.2021
41202
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirilishini to‘xtatgandik» - «Tolibon»ning bu da'vosi qanchalik to‘g‘ri?

«Tolibon» Afg‘onistonda hukmronlik qilgan davrida afyun yetishtirishni ham, noqonuniy narkotik savdosini ham to‘xtatganini da'vo qilmoqda.

Foto: Getty Images

Garchi 2001 yilda keskin pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, «Tolibon» nazorati ostidagi hududlarda afyun yetishtirish so‘nggi yillarda ko‘paygan.

Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish qanday ahvolda?

Afyun qayta ishlansa, u kuchli qaramlikka sabab bo‘luvchi giyohvand moddalarga aylanadi.

BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasi (UNODC) ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston afyun yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi - ushbu mamlakat ulushi 80 foizdan ortiq.

UNODC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018 yilda Afg‘oniston iqtisodiyotida afyun ishlab chiqarish ulushi qariyb 11 foizni tashkil qilgan.

Afg‘onistonning jahonda afyun yetishtirishdagi ulushi 80 foizni tashkil qiladi.

«Tolibon» nima deydi?

«Biz ilgari boshqaruvda bo‘lganimizda giyohvand moddalar ishlab chiqarish yo‘q edi. Biz afyun yetishtirishni yana nolga kamaytiramiz», deydi poytaxt Kobulni egallab, mamlakatni o‘z qo‘liga olgan «Tolibon»ning matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.

Mujohid ular giyohvand moddalar kontrabandasining ham oldini olishlarini da'vo qilgan.

«Tolibon» davrida afyun yetishtirish qanday bo‘ldi?

AQSh Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, 1990-yillarda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin afyun yetishtirish sezilarli darajada ortgan. Masalan, 1998 yil 41 ming gektarga yaqin maydonda hosil yig‘ilgan bo‘lsa, 2000 yilda bu ko‘rsatkich 64 mingdan oshdi.

Hilmand viloyati giyohvand moddalar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu hududda dunyodagi noqonuniy afyunning 39 foizi tayyorlangan.

Biroq 2000 yil iyulida «Tolibon» o‘z nazorati ostidagi hududlarda afyun yetishtirishni taqiqlab qo‘yadi.

Shu tariqa, BMTning 2001 yil may oyida e'lon qilgan hisobotida taqiq bu hududlarda «deyarli to‘liq muvaffaqiyatli amalga oshirilgani» qayd etiladi.

«Tolibon» taqiqidan so‘ng, 2001 va 2002 yillarda dunyoda musodara qilingan afyun va geroin miqdori sezilarli darajada kamayadi.

«Tolibon» Afg‘onistonda nazoratni qayta qo‘lga kiritishidan oldin, oxirgi hukumat davrida garchi mamlakatning ayrim hududlarida ham ishlab chiqarish bo‘lgan esa-da, afyun yetishtiriluvchi asosiy hududlar «Tolibon» nazorati ostidagi hududlar edi.

Masalan, mamlakat janubdagi Hilmand va Qandahor viloyatlari 2018 yilda «Tolibon» nazorati ostidagi eng ko‘p afyun yetishtiriladigan yerlar bo‘lgan.

Afg‘onistonda afyun yetishtirilishi

«Tolibon» afyundan qanday qilib pul topadi?

Afg‘onistonda afyun yetishtirish bandlikni ta'minlashning asosiy manbayi hisoblanadi.

UNODC’ning Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, 2019 yilda mamlakatda 120 ming kishi afyun yetishtirish bilan shug‘ullangan.

AQSh Davlat departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, toliblar afyun yetishtirishdan soliq yig‘ishadi va uning noqonuniy aylanmasi va qayta ishlanishidan bilvosita pul ishlashadi.

«Tolibon» afyun yetishtiradigan dehqonlardan 10 foiz soliq yig‘adi.

Shuningdek, afyun geroinga aylantiriladigan laboratoriyalar va noqonuniy giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanadiganlardan ham soliq olinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, «Tolibon»ning noqonuniy giyohvandlik iqtisodiyotidan oladigan yillik ulushi 100 milliondan 400 million dollargacha.

AQSh ma'muriyati nazorati ostidagi tashkilot – Afg‘onistonni qayta qurish maxsus inspeksiyasi (SIGAR) tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, «Tolibon» yillik daromadining qariyb 60 foizi noqonuniy giyohvandlikdan keladi.

Giyohvand moddalar qayerlarga ketyapti?

Afg‘onistonda yetishtiriladigan afyundan ishlab chiqariladigan geroin Yevropa bozorining 95 foizini qondiradi.

AQSh Giyohvand moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi – DeA ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatga yetkazib berilgan giyohvand moddalarning atigi 1 foizi Afg‘oniston, aksar qismi esa Meksikadan keladi.

2017-2020 yillarda afyunning 90 foizi avtomobil yo‘llari orqali tashilgan.

Dunyo bo‘ylab qo‘lga olingan afyun va geroin miqdori

Ammo keyingi paytlarda Hind okeani va Yevropa o‘rtasidagi dengiz yo‘llarida qo‘lga tushirilgan giyohvand moddalar miqdorida o‘sish kuzatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish va uning savdosi ma'lum tebranishlarga qaramay, so‘nggi 20 yil ichida oshdi.

SIGAR’ga ko‘ra, hukumatning giyohvand moddalar savdosini to‘xtatish yo‘lidagi urinishlari mamlakatdagi afyun ishlab chiqarishga aytarli ta'sir qilmadi. 2008 yildan buyon musodara qilingan afyun miqdori 2019 yilda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan afyunning atigi 8 foizini tashkil qiladi, xolos. 

Mavzuga oid