O‘zbekiston | 13:23 / 27.08.2021
10260
3 daqiqa o‘qiladi

26 sentyabr DXX xodimlari kuni sifatida belgilanmoqda

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur qonunda 26 sentyabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1991 yil 26 sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli farmoniga borib taqaladi.

Senat yalpi majlisida qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yilning 5 aprelida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi. Natijada prezidentning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish siyosatiga mos bo‘lgan shaffof, davlat va xalq manfaatini himoya qiluvchi organ yaratildi.

2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunda 5 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.

Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Bildirilishicha, o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.

Shu bois, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi.

Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi va 26 sentyabr tarixiy sanasi asosida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.

Senat a'zolari ushbu qonunni ma'qulladi.

 

Mavzuga oid