O‘zbekiston | 13:05 / 27.08.2021
56044
2 daqiqa o‘qiladi

«Mudofaa qudratimiz har qanday vaziyatga tayyor». Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston masalasida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida hudud faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi va Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtaldi. 

«Afg‘onistondagi vaziyat hammamizni o‘yga solishi tabiiy. Xavotir olmanglar, mudofaa qudratimiz har qanday vaziyatga tayyor, vaziyatni nazorat qilib turibmiz. Lekin meni o‘ylantirgani - ular bizning jonajon qo‘shnimiz, ular ham ko‘chib keta olmaydi, biz ham.

Mana, kechadan boshlab jafokash afg‘on xalqiga ko‘mak bo‘lish maqsadida Hayraton ko‘prigini vaqtincha ishga tushirdik. Chunki Afg‘oniston xalqi hozir yordamga muhtoj, agar ular tinchlik sari harakat qilsalar, biz ularga ko‘makchi bo‘lamiz. 

Boshqa davlatlardan kelayotgan oziq-ovqatni poyezdlar orqali yetkazib beramiz, o‘zimiz ham bunga hissa qo‘shamiz. Chunki Mozori Sharif shahriga yagona temiryo‘l biz orqali o‘tadi. 

Toliblar bilan ikki yil oldin muloqot olib borgandik, hali hech bir davlat bu ishni qilmaganda men ular bilan muloqot qilish bo‘yicha topshiriq bergandim. Ularning Dohadagi rahbari Birodar janoblari o‘shanda O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va'da bergandi. Va'dasini bajarayotgani uchun ham ular bilan muloqot qilib turishimiz tabiiy. 

Biz uchun xalqimizning tinchligi kerak. Xalqimiz tinch bo‘lishi uchun, kim bo‘lishidan qat'i nazar, istalgan tomon bilan gaplashaman. Afg‘onistonda shunday holat bo‘lishidan ikki yil oldingi tahlillarimiz dalolat bergan edi», dedi prezident.

Mavzuga oid