O‘zbekiston | 10:41 / 30.08.2021
18575
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda Qozon universiteti filiali ochildi  

Prezident qarori bilan Jizzax shahrida Qozon federal universiteti filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qozon federal universiteti

Qayd etilishicha, filialda quyidagi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:

  • geologiya;
  • dasturiy injiniring; 
  • iqtisodiyot; 
  • mashinasozlik; 
  • davolash ishi; 
  • stomatologiya;
  • farmatsiya; 
  • tibbiy biokimyo.

Filial Qozon federal universitetining (Rossiya Federatsiyasi) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa ta'lim shakllarida olib boriladi. Filialda ta'lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olib filial tomonidan tasdiqlanadi.

Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta'lim olgan filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo‘lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi. Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ma'lumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

2021/2022 o‘quv yilidan Universitet O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmatsiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o‘qishlarini filialda davom ettiradi. 2022 yil yakunigacha filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.

Mavzuga oid