O‘zbekiston | 20:09 / 31.08.2021
39811
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasiga to‘xtaldi

“Afg‘onistonda hokimiyat tranziti milliy kelishuv asosida, tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi o‘ta muhim, deb hisoblaymiz”, – dedi prezident.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bayram tadbirida tashqi siyosat, xususan Afg‘onistondagi hokimiyat almashinuvi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“So‘nggi kunlarda yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.

Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.

Afg‘oniston bilan aloqalarimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.

Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi o‘ta muhim, deb hisoblaymiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘z so‘zida Markaziy Osiyoda chegaralar ochilib, bir mamlakatdan ikkinchisiga borib kelish ancha osonlashganini qayd etdi.

“Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish yaxshi an'anaga aylandi. Yaqinda Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Maslahat kengashida hamkorlikning yangi, istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi”, – dedi prezident.

“O‘tgan davrda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar bilan samarali bitim va kelishuvlarga erishdik.

Amerika Qo‘shma Shtatlari va G‘arb davlatlari bilan pragmatik hamkorlik sari yangi qadamlar tashlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.

2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquq́li a'zo bo‘ldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishdi.

2020 yilda mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qildi.

Bu davr pandemiya sharoitida o‘tganiga qaramasdan, O‘zbekistonning bu boradagi faoliyati muvaffaqiyatli tashkil etildi va yuqori baholandi.

Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olamiz va uning kelgusi yili o‘tadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rayapmiz”, – ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid