“Qizil” hududni tark etgan Shofirkon: Yosh va shijoatli rahbarlar bilan tuman “yashil” hudud bo‘lishga intilmoqda
Buxoro viloyatiga navbatdagi safarimiz Shofirkon tumaniga bo‘ldi. Tuman sanoatlashmagan, asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, paxta, g‘alla va uzum yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu sababli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha tuman viloyatdagi boshqa tumanlardan orqada qolgan edi.
Buxoro viloyati tumanlari rahbarlari ichidagi eng yosh hokim, 2020 yilning fevral oyida ish boshlagan 37 yoshli Shukurullo Hakimov bizni hokimlik binosi foyesida kutib oldi.
Qayd etish lozimki, 2019 yil yakunlari bo‘yicha tuman respublikadagi boshqa 33 ta tuman singari iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgan edi. Tumanga Shukurullo Hakimov rahbar etib tayinlangach, uning oldiga tumanni ko‘tarishdek qiyin vazifa qo‘yilgan.
Shukurullo Hakimov tumanda sanoatlashtirish darajasini ko‘tarish bo‘yicha o‘tgan davrda nima ishlar qilinganini sanab berdi. Chunonchi, hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2016–2020 yillarda 32 ta sanoat loyihalari amalga oshirilishi evaziga 2020 yil yakunida 621,4 mlrd so‘mni (o‘sish sur'ati 134,8 foiz) tashkil qilgan.
Tuman hokimi infrastrukturani yaxshilash uchun bir talay ishlar amalga oshirilganini ta'kidlab o‘tdi. Ichki yo‘llarni yaxshilash doirasida yo‘llar ta'mirlandi. Jumladan, 26 km yo‘l asfaltlashtirilishi nazarda tutilgan holda, 125 km yo‘lga asfalt yotqizilgan. Yana shuncha tuproq yo‘llarda homiylar hisobidan shag‘al yotqizilgan.
Hokim kabinetida tumanning ulkan xaritasi osig‘lik turardi. Buning boisini so‘radik.
Shukurullo Hakimovning so‘zlab berishicha, tumandagi sug‘oriladigan ekin maydonlarining konturlari bittama-bitta shu xaritaga jamlangan. Qaysi hududda fermer qaysi konturga nima ekishi kerakligini hokim adashmasdan aytib bera oladi. Tumanda bu borada ham ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘lgan. Hozir hammasi tartibli, hech kim hech kimni alday olmaydi.
Tuman hokimligi hech qanday panjara bilan o‘ralmagan. Fuqaro qiynalmasdan rahbarlar huzuriga kira oladi. Hokimlik binosidagi kabinetlar barcha yangi ta'mirdan so‘ng oynavand qilib yasalgan. Koridor bo‘ylab yurar ekansiz, qaysi bo‘limda kim nima ish qilib turganini bemalol ko‘rsa bo‘ladi.
Shu kuni tumanda investitsiya dasturiga tushgan va to‘liq ta'mirlangan 2 ta maktab va qishloq oilaviy poliklinikasining ochilishi bo‘ldi. Biz bayram tadbirlariga yo‘l olar ekanmiz, yo‘l yo‘lakay hokimni yana savolga tutdik.
— O‘zingiz shofirkonlikmisiz?
— Ha shu tumanda tug‘ilib, o‘qiganman. Maktabda o‘qishni bitirib, Toshkentda moliya yo‘nalishida oliy ta'lim olgach, asosan bank sohasida ishladim. Tumanga faqat mehmondek kelib ketgan ekanman, endi eslasam. Bu yerdagi muammolar, xalqni nimalar qiynayotgani, tashvishga solayotganidan bexabar edim.
— Xo‘sh, hokimlik lavozimining bir yilidan so‘ng taassurotlaringiz qanday?
— Bankka murojaat qilib keluvchilarning aksariyati tadbirkorlar bo‘lishadi. Ularning talabi, muammolari ham shunga yarasha bo‘ladi. Hokim xalqning barcha qatlamlarining muammolarini hal qiluvchi rahbar bo‘lar ekan. Kambag‘allikni qisqartirish, kam ta'minlangan oilalarning turmush farovonligi darajasini oshirish. Bankka bunaqa odamlar kelmasdi-da.
— Ayting-chi, «temir daftar», «ayollar daftari», «yoshlar daftari» degan narsalar joriy qilindi. Ularni qo‘llashdan maqsad nima?
— Ilgari kam ta'minlangan oilalar murojaati sayyor qabullarda o‘rganilardi. Lekin kam ta'minlangan, nogironligi bor, ishsiz yoshlar va ayollar, kambag‘allarning hammasi ham murojaat qilmasdi. Daftarlarga ana shunday oilalarning har biri kiritilgan. Uyma-uy yurib. Murojaat qilish-qilmasligidan qat'i nazar. Biz ana shunday oilalarga va fuqarolarga tashkilotlarni biriktiramiz. Ularni kambag‘allikdan chiqarish, ish bilan ta'minlash choralarini ko‘ramiz. Masalan, ikkinchi ekin ekish uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlardan ajratib beramiz.
— Ikkinchi ekin uchun fermerlarning yeridan ajratib berish jarayoni qanday kechyapti? Umuman, yoshlar unumli foydalana olishyaptimi bunday imtiyozdan?
— O‘zim har kuni ertalab tuman dalalarini aylanib chiqaman. 70 foiz yoshlar oilasi bilan, yerga mehr qo‘yib ishlab daromad ko‘rmoqda. 30 foizi eplolmasdan tashlab ketmoqda. Ayrim yoshlar ko‘p yillik daraxt ekish uchun yer so‘rashadi. Buning iloji yo‘q. Chunki yer daraxt ekish uchun ajratilmaydi. O‘ziga biror mahsulot yetishtirish uchun yoki chorvasi uchun yem-xashak yetishtirish uchungina ajratiladi.
Raqamlarga e'tibor beramiz: Tumanda 539 ta oilaning 1919 nafar kambag‘al fuqarolari «temir daftar»ga kiritilgan bo‘lib, ularning 434 nafari mehnatga layoqatli ishsizlarni tashkil qiladi.
Ushbu fuqarolarning bandligini ta'minlash maqsadida tuman sektor rahbarlari va mas'ul tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 436 ta oiladagi 406 nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning bandligi ta'minlanib, ulardagi 1560 nafar fuqarolar «temir daftar» dan chiqarildi.
Bugungi kunda «temir daftar»ning yangilangan ro‘yxatida 103 ta oilaning 359 nafar kambag‘al a'zolari va 27 nafar mehnatga layoqatli ishsizlari qoldi.
2021 yil yanvar-mart oylari davomida ishchi guruhi tomonidan «ayollar daftariga» kiritilgan 1859 nafar xotin-qizlarning bandligi ta'minlanib, ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Joriy yil boshidan 3132 nafar yoshlarning xoxish-istaklarini qo‘llab-quvvatlagan holda ularning bandligini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Hamda «yoshlar daftari»da turgan 3098 nafar yoshlarning doimiy bandligi ta'minlandi.
Shu kuni investitsiya dasturi bo‘yicha tumanda to‘liq kapital ta'mirdan chiqarilgan 33- va 30-maktablarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Mahalliy aholi va o‘quvchilar albatta bu xayrli ishlardan xursand. Milliy urf-odatlarimizga ko‘ra qurilish ishlarini sidqidildan bajargan quruvchilarga to‘nlar yopildi.
Aytishlaricha, Shofirkon tumani tarixida bo‘lmagan ishlar bo‘lgan: Tumandagi barcha 56 ta maktab bu yil to‘liq ta'mirlanibdi va bolajonlarni bag‘riga qabul qilishga tayyor.
Shu kuni to‘liq ta'mirdan chiqarilgan 46-oilaviy poliklinikaning ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Poliklinika ochilish marosimida shu yerda istiqomat qiluvchi onaxonlardan biri hokimni quchoqlab minnatdorchilik bildirdi. Ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimi homiylarni jalb qilib, hashar yo‘li bilan nogiron farzandi bilan istiqomat qiladigan onaxonning nuray deb turgan uyini to‘liq yangidan qurib beribdi.
Tumanda aholi salomatligini yaxshilash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasining 5 qavatli zamonaviy binosi yangidan barpo etilmoqda. Qayd etilishicha, bunaqasi Buxoro viloyatida hozircha yagona bo‘lar ekan.
Shu kuni butunlay yangi qiyofa kasb etgan Mingchinor mahallasida tuman aholisi uchun mustaqillikning 30 yillik bayrami tantanalari o‘tkazildi.
Hokim bu mahallaning obodonlashtirilishi haqida ham gapirib berdi. Bir paytlar uzumchilikka ixtisoslashgan sovxozdan yillar osha odamlar ko‘chib ketishgan uylar va infrastruktura vayron ahvolga kelib qolgan bo‘lgan. “Obod mahalla” dasturi doirasida to‘liq ta'mirlangan va obodonlashtirilgan Mingchinor bugun yangicha ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Bu yerdagi maydonda tumandagi barcha mahallalar va tashkilotlar o‘zlarining pavilonlarini tashkil qilishdi. Kechqurun ikki mingdan ziyod tomoshabinlar qarshisida taniqli san'atkorlar ishtirokida konsert dasturi o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Shofirkonda yosh rahbarlar mamlakat rahbarining belgilab bergan islohotlarni og‘ishmay amalga oshirayotganiga guvoh bo‘ldik. Muhimi, shofirkonliklar yosh rahbarlarining amalga oshirayotgan ishlaridan xursand, qariyalarning qo‘llari duoda.
Shuhrat Shokirjonov,
Isomiddin Po‘latov. (T)
Tasvirchilar:
Jahongir Aliboyev,
Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
10:37 / 04.11.2024
Shofirkonda 9 yoshli qiziga jarohat yetkazgan onaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
19:00 / 17.02.2023
Shofirkondagi yangi korxonada mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi
17:31 / 15.02.2023
Buxoro viloyatida 6 kun ichida 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
09:19 / 24.07.2022