O‘zbekiston | 11:44 / 04.09.2021
71373
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qizlar maktabda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishiga ruxsat berildi

Qizlar ro‘mol va do‘ppida maktabga kelishi mumkin. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ayni damda o‘tkazilayotgan ochiq muloqot vaqtida ma'lum qildi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida 2021-2022 o‘quv yili tashkil etilishiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Unda aytilishicha, yangi o‘quv yilida maktab o‘quvchilariga milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishga ruxsat berildi.

“Har doim yangi o‘quv yili oldidan muhokamalarga, gap-so‘zlarga sabab bo‘ladi bu masala. Davlat rahbari O‘qituvchi-murabbiylar kuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Bitta o‘g‘il bolani o‘qitsangiz bir insonga ta'lim bergan bo‘lasiz, bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” deya o‘zligimizni anglash, milliy urf-odatlar yuzasidan tashabbus ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan yangi o‘quv yilida yangilik qilmoqchimiz. Ko‘pchilik ota-onalarning murojaatlarini inobatga olib, milliy qadriyatlarimizni inobatga olgan holda, qizlarimiz uchun istisno tariqasida maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol (boshning orqa tomoniga o‘ralgan holatda) va do‘ppida bo‘lishlariga ruxsat etiladi”, deya ma'lum qildi vazir.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – qizlarni o‘qitishga e'tiborni kuchaytirish hisoblanadi.

“Bu istisno boshqacha talqin qilinib, boshqa tus olmasin. Buning tagida maqsad bor. Qizlarimizni o‘qitishimiz kerak. Oliy ta'lim muassasalariga kirish bo‘yicha qizlar orasida past ko‘rsatkich kuzatilayotgan hududlarda bu muammoni hal qilishga e'tibor qaratish kerak”

Mavzuga oid