«Tolibon», IShID va «Al-Qoida»: ularning orasida qanday farqlar bor?
Garchi ular jihodchilik mafkurasiga ega ekanliklari bilan o‘xshash bo‘lsa-da, «Tolibon», IShID va «Al-Qoida»ning usul va maqsadlari butunlay boshqacha. Xo‘sh, bu uch tashkilot qaysi jihatlari bilan bir-biridan farq qiladi?
«Tolibon»ning Afg‘onistonda boshqaruvni qo‘lga olishi butun dunyodagi radikal kuchlarni xursand qildi.
Yaman va boshqa ko‘plab mamlakatlarda mushaklar otildi. Somalida esa jihodchilar «Tolibon» g‘alabasini nishonlash uchun shirinliklar tarqatishdi. Osiyo janubidagi guruhlar G‘arb davlatlarining Afg‘onistondan chiqib ketishini nishonlashdi.
Ayrim ekspertlar Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda terrorizm kuchayishidan xavotirda.
Eng katta tahdid «Al-Qoida» va IShIDga aloqador guruhlar bilan bog‘liq. Ular so‘nggi yillarda zaiflashgan bo‘lsa-da, hamon butunlay tugatilgani yo‘q.
AQSh bilan kelishuv natijasida «Tolibon» G‘arbdagi nishonlarga hujum qilmoqchi bo‘lgan ekstremistik guruhlarga mamlakat hududida boshpana bermaslikka va'da bergan. Biroq harakat hali ham «Al-Qoida» bilan aloqalarni saqlab qolmoqda.
IShIDning Xuroson bo‘linmasi sifatida tanilgan va ISIS-H deb nomlangan guruh ham 26 avgust kuni Kobul aeroporti tashqarisida qonli hujumlar uyushtirdi. Natijada 170 kishi halok bo‘ldi, ulardan 13 nafari AQSh askarlari edi. Ekspertlarning fikricha, endilikda «Al-Qoida»ning raqibi IShIDga nisbatan bosim o‘tkaziladi.
«Tolibon» Afg‘onistondagi eng qudratli kuch. «Al-Qoida» esa ko‘p millatli jihodchi guruh bo‘lib, u o‘zining eski tarmoqlarini tiklashga urinmoqda. IShID ham. Lekin IShID buning uchun o‘zining ashaddiy dushmanlari - «Al-Qoida» va «Tolibon»ga qarshi qattiq kurash olib borishi kerak bo‘ladi», deydi Nyu-Yorkdagi Soufan markazi tadqiqotchisi, xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Kolin Klark.
Tashkilotlarning ildizlari
«Al-Qoida» va «Tolibon» 1980-yillar oxiridagi sovet bosqiniga qarshi kurash va 1990-yillardagi Afg‘onistonning ichki kurashlarida paydo bo‘ldi.
IShID esa bir necha yil o‘tgach, «Al-Qoida»ning Iroqdagi qoldiqlaridan paydo bo‘ldi va 2003 yilda Iroq ishg‘oliga javoban mahalliy «Al-Qoida» unsuri sifatida sahnaga chiqdi.
Garchi bu tashkilot 2007 yilda Iroqdagi AQSh qo‘shinlari sonining ortishi fonida bir necha yil davomida ko‘zga tashlanmay turgan bo‘lsa-da, 2011 yil qayta tiklana boshlaydi.
«Al-Qoida»ga 1980-yillar oxirida saudiya arabistonilik millioner Usama Bin Lodin tomonidan asos solinadi. «Al-Qoida» «tayanch», «poydevor» degan ma'nolarni anglatadi. U sovetlar ittifoqiga qarshi qurollangan kuchlar moddiy va harbiy jihatdan yordam ko‘rsatadi.
Bin Lodin butun dunyo bo‘ylab jihodchilarni «Al-Qoida» safida to‘playdi.
Pushtu tilida «talabalar» degan ma'noni anglatuvchi «Tolibon» sovetlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan 90-yillarda Pokiston shimolida paydo bo‘ladi.
U dastlab Saudiya Arabistonidan kelgan mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi va o‘zini pushtunlar harakati sifatida namoyon qiladi.
«Tolibon»ning va'dasi Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi pushtun mintaqasida islomiy ahkom va shariatga asoslangan boshqaruv bilan tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash edi.
«Tolibon» Afg‘onistonning janubi-g‘arbidan boshlab, tezlik bilan o‘z ta'sirini kuchaytirib boradi. 1996 yilda toliblar prezident Burhoniddin Rabboniyni ag‘darib, Kobulni qo‘lga oladi. 1998 yilda mazkur tashkilot Afg‘onistonning 90 foizini nazorat qilardi.
«Al-Qoida» keyinchalik moddiy-texnik yordam tarmog‘idan global ambitsiyalarga ega jihodchi tashkilotga aylanadi. «Tolibon» rejimi esa «Al-Qoida»ni Afg‘onistonga taklif qiladi.
Iroqdagi «Al-Qoida» esa 2006 yilda boshqa ekstremistik guruhlardan ajralib, Iroq Islom Davlati nomini oladi.
2011 yildan keyin bu tashkilot Suriyadagi urushda to‘liq ishtirok etadi va o‘z nomini Iroq va Shom islom davlati (IShID) deb o‘zgartiradi. Shu tariqa «Al-Qoida» bilan uning yo‘llari ayriladi.
Bu uch tashkilot o‘rtasidagi umumiylik - ular sunniy mazhabiga e'tiqod qilishadi. BBC muxbiri bilan suhbatda London qirollik kollejida dars beruvchi Mishel Groppi shunday deydi: «Barcha uch tashkilot ijtimoiy va siyosiy hayot din bilan uzviy bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Ular shariat qonunlari amalda bo‘lishi uchun kuch qo‘llashni to‘g‘ri deb bilishadi».
Maqsadlar
«Tolibon»ning manfaatlari Afg‘onistonga qaratilgan, lekin «Al-Qoida» va IShIDning global ambitsiyalari bor.
«Tolibon» oxirgi marta 1990-yillarda shariat qonunlarini joriy qiladi. Uning hukmronligi davrida ayollarga nisbatan qo‘llangan qattiq tartib va jazolar, insonlarni omma oldida qatl qilish, kaltaklash va tana a'zosini kesib tashlash kabi holatlar kuzatiladi.
Shu bois ham tarix takrorlanishidan qo‘rqib, afg‘onlar mamlakatni tark etish maqsadida chegara va aeroportga yopirilishdi.
Vashingtondagi Jorjtaun universitetining terrorizm va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Deniyel Bayman «Al-Qoida» va IShID yanada radikal hisoblanishini ta'kidlaydi.
Baymanning aytishicha, toliblar Afg‘onistonda o‘tmishni tiklashga harakat qilsalar-da, ularning boshqa mamlakatlarni o‘zgartirishga qaratilgan maqsadlari yo‘q.
«IShID xalifalikni bugun o‘rnatmoqchi, «Al-Qoida» esa hali erta deb hisoblaydi. Toliblar bunga musulmon jamoalar hali tayyor emasligini aytishadi. Ularning bosh maqsadi xalifalik emas», deydi Bayman «Al-Qoida» va IShIDning xalifalik o‘rnatish borasidagi qarashlarini o‘zaro solishtirar ekan.
Dushmanlar
«Tolibon», «Al -Qoida» va IShIDning uzoq va yaqin dushmanlari bor. Dushmanlar ro‘yxatining eng boshidan AQSh va G‘arb davlatlari o‘rin olgan.
«IShID avvalboshdan «Al-Qoida»dan ko‘ra ko‘proq zo‘ravonlikni namoyish etdi va G‘arbga, shuningdek, o‘zining mafkurasiga qo‘shilmaydigan boshqa musulmonlarga ham qarshi mazhabiy kurash olib bordi», deydi Bayman.
Yana bir muhim farq shundaki, AQSh «Al-Qoida»ning bosh dushmani bo‘lib qoldi. IShID esa Yaqin Sharqdagi shia va boshqa diniy ozchiliklarga hujum uyushtirishda davom etmoqda.
Baymanning ta'kidlashicha, «Al-Qoida» ham shialarni «murtad» deb biladi. Biroq ularni o‘ldirishni resurslarni isrof qiluvchi va jihod loyihasiga zarar yetkazuvchi o‘ta keskin bir harakat, deb baholaydi. AQShning chiqib ketishi bilan bog‘liq rejalashtirilgan muzokaralar tufayli IShID «Tolibon»ni «xoin» deb biladi. «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi shu bois ham ularning o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirmoqda.
Biroq IShID uchinchi guruh orqali «Tolibon» bilan bilvosita aloqani saqlab turibdi. Ekspertlarning aytishicha, Afg‘onistondagi IShID guruhlari va «Tolibon» bilan yaqin aloqada bo‘lgan «Haqqoniy tarmog‘i» nomi bilan tanilgan guruh o‘rtasida kuchli aloqalar mavjud.
Usullar
«Al-Qoida» 2001 yil 11 sentyabrda Nyu-Yorkdagi egizak minoralarga qilingan hujumlar bilan yaxshi tanish.
Ushbu tashkilot o‘zining yuqori ta'sirchan usullari bilan butun dunyo musulmon jangchilarini safarbar qilish orqali AQShni Yaqin Sharq, ayniqsa, Saudiya Arabistoni va muqaddas joylardan haydashni maqsad qilgan.
Garchi bu tashkilotlarning targ‘iboti jihod har bir musulmonning burchidir, degan fikr atrofida aylansa-da, ularning asosiy e'tibori mahalliy musulmonlarga qaratilgan.
Baymanning aytishicha, IShID ham masalaga shunday yondashadi, biroq uning yondashuvida o‘ta keskinlik ko‘zga tashlanadi: «IShID uchun terrorizm inqilobiy urushning bir parchasidir. U hukmronligi ostidagi hududlarda ommaviy qatllar va zo‘ravonliklarni amalga oshirdi. Mahalliy aholini bo‘ysundirish uchun uni qo‘rqitishga harakat qildi. «Al-Qoida» esa «muloyimroq» yondashuvga ega».
IShID 2014-2017 yillar orasida kuchga to‘lib, Suriya va Iroqdagi o‘z hududlarini kengaytiradi. Ammo G‘arb davlatlari, Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya hukumati va kurd qo‘shinlariga qarshi janglarda hududlarni boy beradi.
2019 yil mart oyida IShID Suriyada o‘z boshqaruvidagi so‘nggi hududlarni qo‘ldan chiqaradi, xalifalik tugatilgani e'lon qilinadi, biroq tashkilot maxfiy tarmoq sifatida faoliyatini davom ettiradi va hamon tahdid manbayi bo‘lib qolmoqda.
IShIDning Afg‘onistondagi tarmog‘i ISIS-H 26 avgust kuni Kobul aeroportida 170 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Tashkilot mamlakatdagi ozchilik etnik guruhlarga hujum qilishda ham davom etmoqda.
«Tolibon» esa so‘nggi haftalarda yirik shaharlarni va nihoyat poytaxt Kobulni egallash uchun urush taktikasini qo‘lladi, Afg‘oniston hukumati va xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlar uyushtirdi.
Ta'kidlash joizki, «Tolibon» a'zolariga qarshi afg‘on askarlarini qatl qilish, xususan, ayollarga nisbatan qattiq jazo va cheklovlarni joriy etish singari ko‘plab ayblovlar mavjud.
Ammo Groppining aytishicha, toliblar mahalliy aholini, ayniqsa, qishloqlarda yashovchi insonlarni ko‘plab muammolar, xususan, korrupsiyaga yechim topishga ishontirish orqali o‘z maqsadlari sari ilgarilab bordi.
Jangchilar yig‘ish
«Tolibon», «Al-Qoida» va IShID mahalliy aholini urushga jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Uchala tashkilot ham bu ishni odamlarni jihodga targ‘ib qilish orqali amalga oshirdi.
«Al-Qoida» va IShID global ambitsiyalar orqali Yaqin Sharq chegaralaridan tashqaridagi odamlarni ham o‘z safiga qo‘shishga erishdi.
Groppining ta'kidlashicha, bu borada eng muvaffaqiyatli tashkilot IShIDdir. Mazkur tashkilot «odamlarni Iroq va Suriyadagi bazalariga jalb qilish uchun internet kuchidan foydalanadi».
Bayman ham ushbu fikrga qo‘shiladi. «IShIDning ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘iboti juda kuchli edi. U G‘arbda bu tashkilot bilan aloqasi mavjud bo‘lgan-bo‘lmagan, Suriya va Iroqqa bora olmaydigan odamlarni ham o‘z mamlakatlarida hujumlar uyushtirishga safarbar eta oldi», deydi Bayman.
Bunga misol sifatida 2015 yilda ba'zilari Yaqin Sharqdagi jang maydonlarida bo‘lgan IShID jangarilari tomonidan uyushtirilgan va 130 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Parij voqealarini keltirish mumkin.
Mavzuga oid
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
23:27 / 27.10.2024
OAV: «Tolibon» ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi
12:00 / 21.10.2024