O‘zbekiston | 17:59 / 06.09.2021
1360
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida sodir bo‘lgan yong‘inlar soni ma'lum qilindi

Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida 253 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari kapitan Farrux Abdurahmonov xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan 2021 yilning o‘tgan 8 oyi davomida Jizzax viloyati hududida 253 ta yong‘in qayd etilgan. Yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 taga ko‘paygan. Natijada 14 milliard 207 million so‘mdan ortiq moddiy zarar ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, sodir bo‘lgan yong‘inlarning 78 foizdan ortig‘i aholi yashash joylariga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, 2021 yil 27 avgust kuni soat 13:46 larda Jizzax shahar Sangzor mahallasida joylashgan xonadonlarning birida elektr uskunasi nazoratsiz qoldirilishi oqibatida kuchli yong‘in yuzaga kelgan. Oqibatda yashash xonadonining 120 metr kvadrat maydonida uy jihozlari, shift va tom qismi yonib zararlangan. Mazkur yong‘inda xonadon egalari 230 mln so‘mlik moddiy zarar ko‘rgan.

Bundan tashqari, joriy yil 30 avgust kuni soat 11:40 larda Arnasoy tumani «Oltin vodiy» MFY Cho‘lpon ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in yuzaga kelgan. Oqibatda og‘ilxonaning 18 metr kvadrat maydondagi tom va shift qismi yonib, fuqaro 2 million so‘mlik moddiy zarar ko‘rgan.

Shuningdek, joriy yil 30 avgust kuni soat 17:11 larda Sh.Rashidov tumani «Ravalliq» MFY dagi xonadonlarning birida elektr simlari qisqa tutashib, yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda og‘ilxonaning 40 metr kvadrat maydondagi tom-shift qismi hamda presslangan somon g‘arami yonib ketgan. Fuqaro 2 million so‘mlik moddiy zarar ko‘rgan.

Ta'kidlanishicha, Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2021 yilning o‘tgan 8 oyi davomida o‘tkazilgan profilaktik ishlar natijasida 1526 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfining oldi olingan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 5 nafar insonning hayoti saqlab qolingan. Shu bilan birga, 114 bosh uy hayvoni, 33 dona texnika, 17 milliard so‘mlik bino va inshootlar qurilmalari va 1,3 milliard so‘mlik moddiy boyliklar yonib ketishdan asrab qolingan.

 

Mavzuga oid