«Huzurni hokim ko‘rib, uzrni muxbir so‘rasin»: faktcheking haqida gapirayotgan poytaxt hokimiyati o‘zi undan qochmoqda
Toshkent shahar hokimligi Yunusobod tumanida tadbirkorning mulki buzilishi bilan bog‘liq holat Kun.uz tahririyati yoritgandek emasligi, vaziyat boshqa nashrlar ishtirokida sinchiklab o‘rganilgani, voqeani yoritishda noxolislikka yo‘l qo‘yilganini ro‘kach qilib, tahririyatdan uzr so‘rashni talab qilmoqda. Voqeaning qisqacha mazmuni quyidagicha.
Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasi bo‘yida joylashgan, fuqaro Ulug‘bek Shukurovga tegishli savdo do‘koni yo‘l kengaytirilishi sababli buzilishga tushgan. Kompensatsiya masalasida og‘zaki muzokara olib borilgan, lekin birorta kelishuv bitimi yoki boshqa hujjat imzolanmagan. Qayta ta'kidlaymiz: mulkdor bilan birorta kelishuv bitimi yoki boshqa hujjat imzolanmagan.
Lekin hokimiyat vakillari do‘konni buzishga kelishgan, do‘kon egasi esa janjal bilan uni buzilishdan saqlab qolgan.
Voqea Kun.uz saytida yoritilganidan so‘ng, keyingi kuni Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov e'lon bilan OAV vakillarini yig‘ib, do‘kon egasiga kompensatsiya to‘lanishi, evaziga pul yoki o‘sha do‘konga teng bino xarid qilib berilishi, do‘kon kompensatsiya to‘lanmasdan buzilmasligini e'lon qildi.
Bu voqeagacha ham, bu voqeadan keyin ham Toshkent shahar hokimligi takror va takror Kun.uz tahririyatidan kechirim so‘rashni talab qilmoqda.
Ikkinchi munosabatda Kun.uz sayti xodimlari kelgusida masalani o‘rganishda jurnalistikaning «fakt cheking» degan joyiga alohida e'tibor bilan yondashgan holda materiallar chop etishidan umid qilib qolingan...
Xo‘p, faktcheking nima o‘zi?
Aslida bu shunchaki zamonaviy bir so‘z emas. Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati bu so‘z birikmasidan xabardorligi ularning professionalligini anglatmaydi.
Faktcheking — birorta video, fotosurat, maqola yoki xabarda foydalanilgan faktlarni e'lon qilishdan avval birma-bir tekshirib chiqish deganidir.
Endi qarang: tahririyatga murojaat bo‘lgan. Murojaatchi o‘z og‘zi bilan nimalar bo‘lganini so‘zlab bergan. Tahririyat xodimi savollar bilan hokimlik mas'ullaridan uchtasiga murojaat qilgan. Shaxsan tuman hokimi bilan ham gaplashgan.
Hokim buzish ishlariga doir barcha hujjatlar hamda qaror mavjudligi, mas'ul shaxslar tomonidan tezda yetkazilishi haqida aytadi. Ammo tahririyatga hokimning tegishli qarori emas, 11 sentyabr sanasi bilan imzolangan allaqanday ma'lumotnoma taqdim etilgan, xolos.
Jurnalist mana shu yerda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati tilga olgan faktcheking bilan shug‘ullangan.
Yunusobod tuman hokimligi taqdim etgan ma'lumotnomada «snos» bo‘layotgan hududdagi obodonlashtirish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi qaroriga (!) asosan amalga oshirilayotgani aytiladi.
Lekin qonun hujjatlari milliy bazasi (lex.uz)da aynan shu sanada qabul qilingan hukumat qarorlari ro‘yxatida Toshkent shahrining biror ko‘chasini obodonlashtirishga oid qaror yo‘q.
Jurnalist mahalliy hokimlar qarorlarining reyestri yuritiladigan E-qaror onlayn bazasini ham ko‘zdan kechirgan. U yerda ham Ahmad Donish ko‘chasidagi obektlar «snos»iga doir qaror topilmagan.
Hokim Jahongir Ibrohimov qaror E-qaror platformasida bor-yo‘qligi haqidagi so‘rovni ham javobsiz qoldirgan (darvoqe, bu savol hamon ochiq turibdi). Hokimlik kiroyi faktchekingga dosh berolmayapti-ku o‘zi?
Xo‘sh, poytaxt hokimligi axborot xizmati faktcheking deganda nima nazarda tutgan ekan-a?
Qolaversa, jurnalist Ahmad Donish ko‘chasi kengaytirilishiga qarshi chiqmagan, tadbirkorning mulkini kompensatsiya to‘lamay buzishga urinilgani haqida uning tilidan hikoya qilgan.
Ushbu murojaat Kun.uz’da yoritilganidan keyingina Yunusobod tumani hokimligi qonuniy yo‘l tutilishini ma'lum qildi. Shunda ham kompensatsiya endi to‘lanishi va to‘langanidan so‘ng do‘kon buzilishi aytildi.
Agar kompensatsiya puli avvalroq to‘langan bo‘lganida yoki tadbirkorga u istagan boshqa mulk xarid qilib berilgan bo‘lganida, Jahongir Ibrohimov boshliq davlat tashkilotiga jurnalist tomonidan tuhmat qilingan deyish mumkin edi va raddiya berib, uzr so‘ralsa arzirdi.
Lekin kompensatsiya hali to‘langani yo‘q. Qay tarzda to‘lanishi ham dargumon. Hokimlarning bu kabi va'dalarini ko‘raverib, ko‘zlar pishib ketgan...
Koshki bu birinchisi bo‘lsa!
Bu poytaxtda «snos» oqibatida yuzaga kelgan kompensatsiya masalasi bo‘yicha Kun.uz’da e'lon qilingan birinchi maqola yoki surishtiruv emas.
Garchi 2020 yil 19 dekabr kuni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida 2021 yil oxiriga qadar poytaxtda 2005 yildan boshlab buzilib ketgan mulklarning puli to‘lanishini va'da qilgan bo‘lsa-da, ko‘p holatlarda hanuz bu va'da va'daligicha qolib ketmoqda.
Masalan, xalq tilida «tekstil chorrahasi» deb nom olgan Muqimiy va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida umumiy ovqatlanish korxonasi buzib yuborilgan tadbirkor Miryoqub Mirzaahmedov 5 yildan buyon kompensatsiya talab qilib charchagan edi. Shahar hokimligi sud qarorini ikki pulga olmayotgandi.
Shayxontohur tumanidagi bir MFY binosini qurib bitirgan va boshqa bir MFY binosini ta'mirlagan, IIBga mebellar olib bergan, tadbirkor Rustam Muhammadga va'da qilingan yerni hokimlik qariyb uch yildan beri bermayotgan edi.
Toshkent xalqaro aeroportida «Toshkent-4» terminali qurilishi sabab qilinib, Sergeli tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasida uylar «terib-terib» buzilgan edi. Buzish ishlari oxiriga yetkazilmagandi. Buning natijasida yuzlab fuqarolar vayronalar ichida yashashga majbur bo‘lishayotgandi.
Toshkent shahar, Mirobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «NIYAT SERVIS» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan 1 mlrd 365 mln so‘mga baholangan 495 kv. metrlik bino-inshoot shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan edi. Evaziga 533,6 mln so‘mlik va 430,08 mln so‘mlik 2ta bino ajratilgan. O‘ringa-o‘rin berilgan obektlarning baholash qiymati 963,69 mln so‘mni tashkil etib, o‘rtadagi tafovut mulkdor foydasiga 401,54 mln so‘mni tashkil etgan va ololmagan edi.
Yana bir holatda sud Toshkent shahar hokimligiga 9 yil oldingi «snos» uchun zararni qoplashni yuklagan edi. Sudya poytaxt hokimligidan tadbirkor foydasiga 1 mlrd 198 mln so‘m undirish bo‘yicha qaror chiqargan edi. Sud qarori chiqdi, degani tadbirkor pulli bo‘lganini anglatmaydi, albatta.
«L.» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) uning mulk huquqlari buzilganligidan norozi bo‘lib, biznes-ombudsmanga murojaat qilgan edi. Aniqlanishicha, hokimning qarori bilan yer maydoni davlat ehtiyojlari uchun olingani natijasida tadbirkorga tegishli 87 kv. metrlik savdo do‘koni buzilgan ekan. Mulk qariyb 4 mlrd so‘mga baholangan. Tadbirkor murojaatiga qaramasdan Toshkent shahar hokimligi kompensatsiyani to‘lab bermagan edi. Sudga kiritilgan da'vo ariza natijasida Toshkent shahar hokimligiga bu MChJga qariyb 4 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab berish majburiyati yuklatilgan edi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi Saidabuvi Jo‘rayevaning turar joyi 2018 yilda buzilgan va sud qarori asosida Toshkent shahar hokimligidan uning foydasiga kompensatsiya tariqasida 1 mlrd 687 mln so‘m undirish haqidagi ijro hujjati 2021 yil 26 iyulda MIBga kelib tushgan edi.
Yuqoridagilar saytda so‘nggi bir yilda Toshkent shahridan bo‘lgan murojaatlarning ayrimlari, xolos. Ularning ba'zilari ijobiy hal etilgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin odamlar o‘z haqini ajratish uchun qanday sargardon bo‘lgani baribir taassufli va ta'sirli.
Huzurni hokim, uzrni jurnalist...
Tahririyatdan uzr so‘rashni talab qilayotganlarning rahbari shu tahririyat jurnalistlarini haqorat qilib, tahqirlab, tahdid qilganida uzr so‘raganmidi?
Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vaxabov tahririyat jurnalistlariga hujum qilganida, ketidan og‘ir jinoyatda ayblab, tuhmat qilganida uzr so‘raganmidi?
Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Oqqo‘rg‘on tumanidagi mahalla raisi Alisher Ikromovni haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatganda uzr so‘raganmidi?
Bedodlikni qarang: fuqarolar va tadbirkorlarning uy-joylari va daromad keltirib turgan mulklarini buzib, evaziga milliardlab mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lamasdan, hatto sudning qonuniy hal qiluv qarorlarini bajarmasdan fuqarolar va tadbirkorlarni sarson-u sargardon qilib yurganlar uzr so‘ramas ekan-da, shahardagi navbatdagi qonunsizlikning oldini olish uchun mikrofon ko‘tarib chiqqan jurnalist va uning tahririyati uzr so‘rashi kerak ekan.
Kechirib qo‘yasiz!
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti.
Mavzuga oid
18:40 / 26.04.2024
Toshkentda banklar tomonidan bitiruvchilar va talabalar uchun 100 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi
15:44 / 05.04.2024
Toshkent shahar hokimligi bir qancha loyihalar konsepsiyasiga 825 mln so‘m ajratdi
10:06 / 07.10.2023
Botanika bog‘i poytaxt hokimligi huzuridagi muassasa ixtiyoriga o‘tkazilmoqda
09:26 / 16.07.2023