Qarshida YPX xodimlari va fuqarolar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida Patrul-post xizmati xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani, unda har ikki taraf ham kuch ishlatgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Holat bo‘yicha IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, janjalda qatnashgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 16 sentabr kuni soat 23:00larda Qarshi shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan Patrul-post xizmati xodimlariga mast holatda bo‘lgan uch nafar fuqaro faol qarshilik ko‘rsatgan va o‘rtada janjal sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 1990 yilda tug‘ilgan N.A. hamda uning sheriklari 1995 yilda tug‘ilgan N.A. va 1987 yilda tug‘ilgan X.A.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 194-moddalari hamda JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda huquqbuzarlar protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgan. Mazkur hodisa OAVda tarqalgach IIV matbuot kotibi munosabat bildirib, soliqchi boshqaruvidagi «Cobalt» svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamasdan, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganini, so‘ng haydovchi mashinani tashlab, piyoda qochishga uringanini ma'lum qilgandi. Ammo Kun.uz surishtiruvida voqealar tafsiloti boshqacharoq bo‘lgani aniqlangandi.
Joriy yil 14 sentabr kuni Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov yakunlanib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Mazkur ish yuzasidan ikki nafar YHXB xodimiga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bundan tashqari, 2018 yil 29 avgust kuni tunda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari, 1982 yilda tug‘ilgan Nodir Xushvaqtov o‘ziga biriktirilgan, davlat raqami 30 425 SAA bo‘lgan «Chevrolet Nexia» rusumli avtomashinada avtohalokatga uchrab, shifoxonada hayotdan ko‘z yumgandi. O‘shanda N. Xushvaqtovning otasi Hamidulla Xushvaqtov o‘g‘lining o‘limida YPX xodimlarini ayblab chiqqandi. Uning aytishicha, YPX xodimlari o‘g‘lini quvishgan va u qochaman deb yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgan.
Mavzuga oid
16:36 / 20.12.2024
Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza
17:32 / 19.12.2024
Qarshidagi fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq - “Hududgazta’minot”
12:07 / 19.12.2024
Qashqadaryoda ota va uning uch farzandi is gazidan zaharlanib vafot etdi
10:18 / 21.07.2024