Jahon | 15:37 / 19.09.2021
102402
8 daqiqa o‘qiladi

Toliblar hukmronligidagi bir oy: Afg‘onistondan lavhalar

15 avgust kuni toliblar Kobulni egallashgandi. Avvalgi hukumat rahbarlari qochib ketishdi, «Tolibon» esa Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e'lon qildi.

Foto: Getty Images

BBC korrespondenti Sekunder Kirmoniy Afg‘oniston shimoliga qaytdi va hokimiyat almashinuvidan to‘rt haftadan oshiq vaqt o‘tib oddiy odamlar hayotida qanday o‘zgarishlar ro‘y berganini kuzatdi.

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida yuk poyezdi Amudaryo ustidan o‘tib, yangi tashkil etilgan Islom Amirligiga kiradi. «Tolibon»ning qora-oq ranglardagi bayrog‘i o‘zbeklar bayrog‘i bilan yonma-yon hilpiraydi.

Mahalliy aholining bir qismiga toliblar hukmronligi ostidagi hayot ma'qul, yana bir qismi esa bunga ko‘nikishi qiyin kechmoqda.

Bug‘doy ortilgan yuk mashinasi haydovchisining aytishicha, u avvalgi davrda blokpostlardan o‘tishda doimiy ravishda poraxo‘r politsiyachilarga pulining bir qismini berishga to‘g‘ri kelganini aytadi.

«Endi bunday emas. Men bir afg‘oniy bermasdan Kobulga yetib borishim mumkin», deya mamnuniyat bilan so‘zlaydi u.

Shu bilan birgalikda, mamlakatda iqtisodiy inqiroz yetilmoqda va naqd pul tanqisligi yuzaga kelgan.

Tadbirkorlardan biri tashqi savdo to‘xtab qolgani, chunki afg‘on importyorlariga olib kirilgan mahsulotlar uchun hech kim hech narsa to‘lamayotganini aytib o‘tdi.

Hayraton portidagi bojxona xizmati rahbari Maulvi Sayidning aytishicha, «Tolibon» import bojlarini kamaytirib, mamlakatga yana badavlat savdogarlarni jalb etishga intilmoqda. «Odamlar ishli bo‘ladi, tadbirkorlar esa kelgusida buning mukofotini oladi», deya qayd etgan u.

Chegaradan chamasi bir soatlik yo‘lda Afg‘onistonning to‘rtinchi yirik shahri Mozori Sharif joylashgan. Tashqaridan qaraganda bu yerda barchasi joyidadek  ko‘rinadi, ammo ko‘pchilik qashshoqlashgan.

Mozori Sharifdagi Moviy masjid

«Mozori Sharifning madaniy yuragi, koshinlardan mohirlik bilan bino etilgan Moviy masjid tomon yo‘l olaman. Bu yerda men so‘nggi bor avgust oyi boshida, toliblar kelishidan biroz avvalroq bo‘lgandim. O‘shanda masjid atrofi yoshlar bilan gavjum bo‘lib, har tomonda yigit-qizlar selfiga tushishardi.

Hozir esa toliblar bu yerga tashrif buyurish uchun cheklovlar o‘rnatishgan: ayollar faqat tongda, erkaklar esa kunning qolgan qismida kelishi mumkin. Biz «ayollar vaqti»da kelib qo‘yibmiz. Masjid atrofida sayr qilib yurgan afg‘on qiz-ayollarni uchratish mumkin, ammo avvalgidek ko‘p ham emasdi. «Barchasi joyida, shunchaki odamlarga yangilarga ko‘nikish uchun vaqt kerakdek ko‘rinmoqda», deya mujmal javob bilan izohlaydi ulardan biri.

Men mahalliy toliblar yetakchilaridan biri Hoji Hikmat bilan uchrashdim. «Ehtimol, siz xavfsizlikni ta'minlayotgandirsiz, ammo sizlarning tanqidchilaringiz aytishmoqdaki, sizlar madaniyatni o‘ldiryapsiz», deyman unga.

«Yo‘q, – deya ishonch bilan javob beradi u. – Biz o‘z madaniyatimizni yo‘q qilmaymiz, balki uni qayta tiklaymiz. So‘nggi 20 yilda biz G‘arb ta'siri ostida bo‘ldik. So‘nggi 40 yilda mamlakat nazorati qo‘ldan qo‘lga o‘tdi. Biz ko‘p urf-odatlarimiz va an'analarimizni boy berdik».

Uning talqiniga ko‘ra, erkaklar va ayollar aralashmasligi kerak.

Hoji Hikmat: «So‘nggi 20 yilda bu yerda G‘arb ta'siri hukmini o‘tkazdi. Biz o‘z madaniyatimizni hayotga qaytarmoqchimiz»

Hoji Hikmat xalq toliblar tomonida ekaniga chin dildan ishonadi. Tashrif buyurganlardan biri Hikmat eshitmasligi uchun hamkasbimning qulog‘iga shivirladi: «Ular – yomon odamlar».

Toliblarning diniy qarashlari qishloq joylardagi konservativ ruhdagi aholiga to‘la mos keladi. Ammo shaharlarda ko‘pchilik ularga katta ishonchsizlik bilan qaraydi.

Hoji Hikmat buni ko‘p yillik tashviqot ishlari samarasi deb hisoblaydi, ammo toliblar tomonidan shaharlarda sodir etilgan teraktlar va qotilliklar ham o‘z rolini bajargan bo‘lishi mumkinligini yoddan chiqarmaslik zarur.

Moviy masjidni tark etar ekanmiz, biz asosiy ko‘chada to‘plangan va g‘azabga mingan odamlar guruhini uchratdik. Toliblar o‘qdan jarohatlanib o‘lgan to‘rt kishining jasadini tizib qo‘yishgandi. Ulardan birining ko‘ksiga qo‘yilgan qog‘ozga bular bola o‘g‘rilari bo‘lgani va bunday jinoyatchilarning barchasini shunday jazo kutishi haqida yozilgandi.

Jazirama ostida jasadlardan chiqayotgan qo‘lansa hidga qaramay, olomon ichidagi odamlar otib tashlanganlar bilan suratga tushish uchun bir-birini surib oldinga chiqishga intilardi.

Afg‘on shaharlarida azaldan jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan, shu tufayli toliblar boshqaruvini xushlamaydigan toifa ham ularning jinoyatchilikka qarshi jiddiy kurash boshlaganini ma'qullamoqda. «Agar ular chindan odam o‘g‘rilari bo‘lgan bo‘lsa, yaxshi ish bo‘libdi. Boshqalarga dars bo‘ladi!» – deydi tomoshaga yig‘ilganlardan biri», deya hikoya qiladi muxbir.

Ko‘chalarda mayda savdogarlar faoliyatini davom ettirmoqda

Ammo ko‘plab shaharliklar o‘zini xavfsizlikda his qilmayapti. «Har safar ko‘chaga chiqib, toliblarga ko‘zim tushganida, meni qaltiroq tutadi», – deydi huquqshunoslik fakulteti talabasi Farzona.

Xususiy universitetlar (ulardan birida Farzona tahsil oladi) faoliyatini davom ettirmoqda, ammo davlat oliy ta'lim muassasalari vaqtincha yopilgan. Toliblar qizlar va yigitlar alohida auditoriyalarda o‘qishini talab qilmoqda.

Farzona uchun eng qo‘rqinchlisi bu emas. U boshqa narsadan ko‘proq xavotirda: toliblar boshqaruvi davrida ayollar ishlay olishi katta muammoga aylanishi mumkin.

Toliblar bunday ehtimolni rad etishmoqda, ammo o‘qituvchi va shifokor bo‘lmagan ayollarga o‘z xavfsizligi uchun uyda o‘tirishni tavsiya qilishmoqda.

Universitetlarda qiz va o‘g‘il bola talabalar alohidalangan

«Hozircha men qo‘llarimni tushirmoqdaman. Ammo men kelajakka ishonchimni yo‘qotmaslik uchun harakat qilaman», – deydi Farzona.

O‘zlarining avvalgi boshqaruvi davrida (1996-2001) toliblar hozirgidan ko‘ra ancha qattiqqo‘llik bilan qat'iy cheklovlar o‘rnatishgandi. Masalan, ayollarga har qanday vaziyatda uydan mahramisiz chiqish taqiqlangandi. Shaharliklar ko‘p o‘tmay bu tartib yana qaytishidan xavotirlanishmoqda.

Hoji Hikmat toliblar Afg‘onistonni to‘la ishonch bilan boshqarish uchun afg‘onlarning ko‘ngillarini ham zabt etishi kerakligini tan oladi. «Mamlakatni jang qilib qaytarib olish oson ish emas, ammo bu mamlakatda qonun o‘rnatib, saqlab qolish yanada qiyinroq», deydi u.

Mavzuga oid