«Rossiya O‘zbekistonni YeOIIga qo‘shilishga shoshiltirmayapti» – Andrey Rudenko
Moskva rasmiy Toshkentni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘laqonli a'zo sifatida qo‘shilishga shoshiltirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Rudenko 20 sentabr kuni «Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari» mavzusida Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro konferensiyada ma'lum qildi.
«Biz O‘zbekistonni [YeOIIga qo‘shilish bo‘yicha] hal qiluvchi qarorni qabul qilishga shoshiltirmayapmiz. Bu O‘zbekistonning o‘z ixtiyoriga bog‘liq, tashkilotga qachon qo‘shilish zarur deb hisoblaganda qo‘shiladi.
Biz YeOII unga a'zo davlatlar va yaqinda qo‘shilgan Qirg‘iziston va Armanistonga haqiqatan iqtisodiy rivojlanish uchun katta imkoniyatlar taqdim qilayotganidan kelib chiqamiz. Davlatlar ushbu tashkilotga a'zolikdan kelayotgan foydalarni o‘zida his qilishmoqda. O‘zbekistonlik do‘stlarimizga YeOII a'zo bo‘lishning foydalari haqida ko‘proq bilishga yordam beramiz, lekin hech qachon shoshiltirmaymiz», dedi Rossiya TIV vakili.
Ma'lumot uchun, 2020 yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) sammitida O‘zbekiston va Kubaga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.
Shuningdek, joriy yil boshida O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlik bo‘yicha 2021 yilga oid «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlagan. 2021 yil fevral oyida esa Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida qatnashgan.
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori o‘rinbosari Doniyor To‘rayev O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida YeOII bilan hamkorligi O‘zbekistonga hech qanday huquqiy majburiyatlar yuklamasligini va tashkilotga a'zo bo‘lish majburiyati yo‘qligini ma'lum qilgandi.
RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk «Gaydar» forumida «Biz O‘zbekistonni ittifoq a'zosi sifatida ko‘rishga ishonamiz va barcha a'zolar bunda ko‘mak beradi. Rossiya ham bu masalada O‘zbekistonga yordam beradi», – deya ta'kidlagan edi.
Mavzuga oid
14:38 / 07.11.2024
«Turkiy davlatlar tashkiloti YeOIIga raqobatchi bo‘ladi» – qirg‘iz siyosatshunosi
22:40 / 19.10.2024
Million dollarlik litsenziya, YeOIIga rad javobi va 2x YaIM prognozi - hafta dayjesti
21:12 / 17.10.2024
O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi - Akmal Saidov
22:35 / 26.08.2024