Jamiyat | 20:19 / 28.09.2021
63735
6 daqiqa o‘qiladi

SSV bolalar o‘rtasida noma'lum yuqumli kasallik tarqalgani haqidagi xabar yuzasidan izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bolalar o‘rtasida noma'lum yuqumli virus tarqalgani haqida xabar paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq noma'lum yuqumli kasallik tarqalayotgani, «Tez yordam» xizmatiga bolalarda isitma ko‘tarilishi bilan bog‘liq chaqiruvlar soni keskin ortgani, shu bois, bu qanday kasallik ekanini aniqlash hamda poytaxt umumta'lim maktablari va bolalar maktabgacha ta'lim muassasalarini 10 kun muddatga karantinga yopish lozimligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma'lum qildi.

«Avvalo shuni aytish kerakki, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llagan ushbu shaxs tibbiyot xodimi ekanligini e'tiborga olsak, sohada belgilangan tartibga muvofiq, shifokor o‘z amaliyotidagi xulosa va fikrlarini «Tez yordam» xizmatining navbatchi brigadasi boshlig‘i yoki muassasaning mas'ul rahbariga hamda tizimning mutasaddi ekspertlariga bildirishi lozim. Agar uning fikri chindan ham asosli bo‘lsa, muammoni yechish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda qaror qabul qilinadi va ijroga yo‘naltiriladi.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomiga «Bu qanday kasallik?» – deya murojaat yo‘llash orqali keng ommaning fikrini noto‘g‘ri shakllantirish, aholi o‘rtasida asossiz vahima va bezovtalikni qo‘zg‘ashga sabab bo‘luvchi bunday chiqish mutaxassisdan katta mas'uliyat talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu tibbiyot xodimining bunday pozitsiyasi sohada o‘rnatilgan tartib va kasb etikasiga umuman ziddir.

Aslida har yili kuz va qish fasli gripp hamda o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan palla hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda yurtimizda nafaqat bolalar, balki kattalar o‘rtasida ham yilning boshqa davrlariga nisbatan gripp va O‘RVI xastaliklari nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM)ning Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi CALL-markaziga so‘nggi o‘n kunda (18 – 27 sentabr) jami 41 ming 986ta chaqiruv kelib tushib, shundan bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i, burun bitishi kabi qator kasallik belgilari bilan 10 mingdan ziyod murojaat qayd etilgan.

Ayni kunlarda shifoxonalarga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari belgilari bilan yotqizilayotgan bemor bolalarning aksariyatida tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi mavsumiy O‘RVIga xos belgilar kuzatilayotgan bo‘lib, ushbu bemorlarga nisbatan virusga qarshi va antibakterial davo muolajalari olib borilgandan so‘ng, deyarli barchasi 3-4 kundan keyin kasallikdan sog‘ayishi kuzatilmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda poytaxt shifoxonalariga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari bilan yotqizilayotgan barcha bolalardan koronavirus infeksiyasiga PZR test tahlillari olinib, kasallikka qarshi tekshirilmoqda, biroq ularning deyarli barchasida kasallik aniqlanayotgani yo‘q. Vaholanki, so‘nggi haftalarda yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida ham pasayish kuzatilmoqda. Bundan ko‘rish mumkinki, ushbu kasallik COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq emas», deyiladi vazirlik xabarida.

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ham vaziyat yuzasidan fikr bildirgan.

«Shuni aytish lozimki, soha mutaxassislari tomonidan doimgidek bu yil ham tana harorati ko‘tarilishi bilan shifoxonaga murojaat qilayotgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazilganda ularda hech qanday noma'lum virus aniqlanmagani, kasallikni oddiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar qo‘zg‘atayotgani ma'lum bo‘lmoqda. Shunday ekan, mavsumiy kasallikdan fojia yasash, shusiz ham bugungi murakkab pandemik sharoitida yashayotgan odamlar orasida asossiz vahima uyg‘otish yaxshi holat emas, deb o‘ylayman.

Qolaversa, har yili tibbiyot xodimlari kuz mavsumi boshlanishi vaqtida aholidan gripp kasalligiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi. Chunki gripp kasalligi tanada ko‘proq asoratlar qoldirishi bilan xavfli hisoblanadi. Boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar esa tanada deyarli salbiy o‘zgarishlar qoldirmaydi. Shuningdek, grippga qarshi emlanish orqali insonda «chorraha immuniteti» shakllanib, bu boshqa O‘RVI kasalliklariga qarshi ham muhim himoya hisoblanadi», deydi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yil sentabr oyi boshidan buyon mamlakatda mavsumiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishini to‘liq nazoratga olgani va kasalikka chalingan barcha bolalar to‘liq shifokorlar nazoratidaligi qayd etilgan.

«Shunday ekan, mamlakatimizdagi umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q. Qolaversa, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli noto‘g‘ri  xabarlarga ishonmaslik hamda vahimaga tushmasliklarini, agar farzandingizda tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi belgilar kuzatilsa, oilaviy shifokorga murojaat qilishlarini so‘raymiz», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.