O‘zbekiston | 11:55 / 29.09.2021
7272
4 daqiqa o‘qiladi

Senat Toshkentdan Qibrayga ko‘chirilganlar muammolarini hal qilish uchun Davron Hidoyatovga ikki oy muhlat berdi

2020 yilda hukumat qarori bilan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasidan Toshkent viloyati Qibray tumani Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilgan, bir yildan beri elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlar ulab berilmagani tufayli qiyin sharoitda yashab kelayotgan odamlarning muammolarini hal qilish uchun Senat viloyat hokimi Davron Hidoyatovga ikki oy muhlat berdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasida joylashgan turar joy binolari davlat ehtiyojlari uchun olinishi sababli u yerda yashovchi aholi Toshkent viloyati Qibray tumani Do‘rmon qishlog‘iga ko‘chirilgani ortidan yuzaga kelayotgan muammolar, jumladan, bir yildan beri elektr, gaz, suv va boshqa tarmoqlar ulab berilmagani tufayli birlamchi sharoitlarsiz yashayotgan yuzdan ortiq xonadon ahli Oliy Majlis Senatiga shikoyat yo‘llagan, senatorlar tomonidan jarayon o‘rganilib, fuqarolarning shikoyatlari asosli ekani ma'lum bo‘lgandi.

Qibray tuman hokimligida mazkur hududdagi muammolar yechimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev hududning qurilish rejasi bo‘lmasa, elektr ham, gaz va suv ham ulab bo‘lmasligini aytgandi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov ham bosh rejasiz ish qilib bo‘lmasligini ta'kidlagandi.

Senatorlar tomonidan Toshkent viloyati hokimligiga mazkur hudud bosh rejasini ishlab chiqishi uchun 10 kun muhlat berilgan, mutasaddilar hudud bosh rejasi tasdiqlanishi bilan barcha tarmoqlarni ulash va aholiga zarur sharoitlarni yaratish ishlari boshlab yuborilishini va'da qilishgandi.

Senatning 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ushbu masala muhokama qilindi.

“Ishchi guruh yig‘ilishi 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 10 sentyabrdan boshlab ushbu hududni gaz, suv, elektr energiyasi bilan ta'minlash, stolbalar o‘rnatish choralarini ko‘rish ishlari boshlab yuborildi. Kuni kecha, ya'ni 27 sentabr kuni ushbu hududda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qibray tumani hokimi va soha rahbarlari ishtirokida joyiga chiqqanimizda o‘tgan 15-20 kun davomida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgani, jumladan 1,5-2 kmga yaqin masofada ichimlik suv uchun quvur yotqizilgani, uy kadastr hujjatlari tayyor bo‘lgan xonadonlar tabiiy gazga ulab berilgani, mahalla hududidan o‘tuvchi avtoyo‘lni qurish ishlari boshlab yuborilganiga guvoh bo‘lindi. Tuman hokimi va soha rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ushbu holat yuzasidan aholi vakillari juda ham mamnunligi, boshlangan ishlar sifatli tarzda oxiriga yetkizilishidan umidvor bo‘lib, barcha mas'ullarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi”, deya senator Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yalpi majlisda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari sifatida Mirzo Ulug‘bek tumani O‘qituvchilar ko‘chasida yashovchi aholini Toshkent viloyatiga ko‘chirishda bosh-qosh bo‘lgan, bugungi kunda esa Toshkent viloyati hokimi bo‘lib ishlayotgan Davron Hidoyatovga sovuq kunlar kelgunicha viloyatdagi mutasaddi idoralarni jalb qilgan holda Do‘rmon qishlog‘ida boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish choralarini ko‘rish uchun ikki oy muhlat berildi. Ta'kidlanishicha, viloyat hokimi ikki oydan so‘ng bajarilgan ishlar to‘g‘risida Senat yalpi majlisida axborot beradi.

Mavzuga oid