Jahon | 10:57 / 29.09.2021
20222
12 daqiqa o‘qiladi

Vaksina olganlar koronavirus yuqtirishda davom etishi nechog‘lik rost?

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha mana shunday fikrlar ham yangrab turibdi: koronavirusga qarshi vaksina olgan inson infeksiyani vaksina olmagan odamdek yuqtiradi va tarqatadi, shu sabab birovning vaksina olganidan boshqalarga foyda nima?

Vichan Poti / Pacific Press / SIPA / Scanpix / LETA

Aslida emlangan kishi infeksiyani vaksina olmagan odam singari tarqatmaydi aslo. Buning aksini ta'kidlayotganlar o‘zlarining shaxsiy fikrlarigagina tayanishmoqda, bu fikrlar asosida hech qanday nazariy asos yoki dalillovchi baza yo‘q.

Ko‘pincha yoshlar «menda COVIDga chalinib kasalxonaga yotish ehtimoli shundoq ham past, vaksina meni koronavirus yuqishidan, vaksinalanmaganlar singari infeksiya tarqatishdan asray olmas ekan, uning menga nima keragi bor?» qabilida fikrlashadi.

Mana shu bosqichda noto‘g‘ri fikr shakllanadi: «singari infeksiya tarqatish». Vaksinalanmaganlar SINGARI infeksiya tarqatish, degani 100 nafar vaksinalangan va 100 nafar vaksinalanmagan odam bir xilda virus yuqtirib olishi, bir xil virus yuklamasi — virus konsentratsiyasiga ega bo‘lishi va bir xil sondagi odamlarga uni yuqtirishini anglatadi.

Biz virus tarqatishni kamaytirish borasida vaksina tomonidan ishlab chiqilgan immunitet ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan eng kamida 4 bosqichga egamiz:

  • yuqtirishning o‘zi;
  • virus yuklamasi;
  • bir kishidan ikkinchisiga yuqtirish ostonasi;
  • kasallanish alomatlari.

Keling, bu lahzalarning har birini tahlil qilib ko‘ramiz.

Albatta, bu o‘rinda aslida juda ko‘p bo‘lgan dalil-isbotlarni qalashtirib tashlash ham mumkin, lekin oddiy inson bularning barchasi qanday kechishi, mexanizmni tushunishi murakkab.

Lirik chekinish tugadi, endi mohiyatga o‘tamiz.

1. Vaksinatsiyaning virus yuqtirish jarayoniga ta'siri

Virus yuqtirish jarayoni o‘zi qanday sodir bo‘ladi? Boshqa insonning so‘lak va shilliq qavatlaridan virus aerozol zarralari orqali bizning shilliq qavatimizga o‘rnashadi. Keyin virus epitelial hujayralarning ACE2 retseptorlari bilan bog‘lanib, ularning ichiga yorib kiradi.

Shuning uchun bu jarayonning oldini olishi mumkin bo‘lgan preparatlar ishlab chiqilgan. Xo‘sh, vaksina qay tariqa bu jarayonga ta'sir o‘tkazadi?

Vaksina plazmada aylanib yuruvchi IgG ishlab chiqarilishini ta'minlabgina qolmasdan, shilliq qavat sirtiga borib o‘rnashuvchi IgA ishlab chiqarilishini ham ta'minlaydi.

Ular nafas yo‘llari shilliq qavatining yuqori qismi, so‘lakda paydo bo‘lib, o‘sha yerdayoq koronavirusga qarshi kurasha boshlaydi hamda ularning ACE2 retseptorlari bilan bog‘lanishi va hujayraga yorib kirishi ehtimolini pasaytiradi.

Mana bu tadqiqotda koviddan sog‘ayganlar va vaksina olganlarning shilliq qavati hamda so‘lagida antitanachalar miqdorini o‘lchash natijalari keltirilgan. Pfizer va Moderna vaksinalarining ikki dozasidan so‘ng so‘lakda SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi neytrallashtiruvchi faollikka ega IgA topiladi.

Mana bu ishda esa neytrallashtiruvchi IgA’ning burun va tanglay shilliq qavatidagi konsentratsiyasi baholangan — burun shilliq qavatida ularning miqdori og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatiga nisbatan 15 barobar ko‘p bo‘lgan, biz uchun muhimi ularning qondan boshqa joylarda ham paydo bo‘lishi.

Bu tadqiqotda esa Moderna vaksinasining ikki dozasidan so‘ng shilliq qavatlardagi IgA darajasi o‘lchangan — ularning shilliq qavatdagi miqdori vaksinalashdan so‘ng ko‘tarilib, 6 oydan so‘ng pasaygan.

Bu esa vaksinalanganlarning burun, tomoq-tanglay shilliq qavatlari hamda so‘lagida neytrallashtiruvchi antitanachalar borligi haqidagi farazlarimizga isbotdir, ya'ni koronavirusga qarshi ular virus epitelial hujayralarning ACE2 retseptorlariga bog‘lanib, yorib kirishidan avvalroq kurasha boshlaydi.

Albatta, vaksinalanmagan va kovid bilan og‘rib ko‘rmagan odamlar shilliq qavatlarida bunday antitanachalarga ega emas, shu sababli ularga koronavirus yuqsa hujayralarga hech bir to‘siqsiz o‘tib oladi va o‘zi kabi millionlab viruslarni faol ko‘paytiradi.

Xo‘p, buni tushunib oldik. Navbatdagisiga o‘tamiz.

2. SARS-CoV-2ga qarshi vaksinatsiyaning virus replikatsiyasiga ta'siri

Ya'ni koronavirus vaksinalangan va vaksinalanmagan odamning organizmida qanday ko‘payishini o‘rganib ko‘ramiz. Chunki har bir insonning boshqa insonlarga qancha virus zarrachalari ajratishi aynan replikatsiyaga bog‘liq.

Vaksinalangandan so‘ng sizda o‘ziga xos T-hujayralar (o‘sha hujayraviy immunitet) paydo bo‘ladi. U darhol virusni taniydi, zararlangan hujayralarni ajratadi va ularni yo‘q qila boshlaydi, bu bilan yuqtirish onidan boshlab koronavirusning replikatsion salohiyatiga zarba beriladi.

Hali kasal bo‘lib ko‘rmagan vaksinalanmaganlar bunday hujayralarga ega emas, shu sababli bundaylar virus yuqtirsa immun javob shakllangunga qadar — bu taxminan 5–8 kun degani — virus organizmda istagan narsasini qiladi, ya'ni o‘ziga o‘xshagan millionlab viruslarni nusxalaydi va hech narsa ularni bu yo‘ldan to‘xtata olmaydi.

Buni tasdiqlovchi ma'lumotlar har bir vaksinalar bo‘yicha juda ko‘p. Mana, masalan bittasi — vaksina olganlarning 100 foizida 10-kunga kelib T-hujayraviy immunitet hosil bo‘ladi, aynan shu hujayralar virusni yo‘qotish bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shug‘ullanadi.

Ikkinchi bosqich tushunarli bo‘ldi: vaksinalanganlar o‘ziga xos T-hujayralarga ega bo‘ladi, bu hujayralar koronavirus hamda u zararlagan hujayralarni aniqlab, yo‘qotadi va ularga millionlab yangi viruslarni yaratish imkonini bermaydi. Vaksinalanmagan+kasallikni kechirmaganlarda bunday hujayra bo‘lmaydi.

3. Vaksinatsiyaning bir insondan ikkinchisiga yuqtirishga ta'siri

Bu punkt avvalgisiga ham, keyingisiga ham biroz o‘xshash, biroq farqli tomonlari bor. Birinchi ikki bosqichdan ma'lum bo‘ldiki, bizda boshqalarga yuqtirish mumkin bo‘lgan virus zarralari soni kamroq bo‘ladi.

Virus havoda uchib boshqa insonga yuqishdan avval qayerda bo‘ladi? Albatta, yuqori va quyi nafas yo‘llarida, og‘iz bo‘shlig‘ida (Bejiz niqob taqing deyilmayapti).

Nafas yo‘llaridagi virusning yuqori konsentratsiyasi (virus yuklamasi) bu inson boshqa qancha kishiga virus yuqtirishiga to‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.

Mana bu tadqiqotda kasallik alomatlariga ega insonda burun-tomoq bo‘shlig‘ida virus yuklamasi alomatlarsiz insondagiga nisbatan 2 barobar ko‘p bo‘lishi tasdiqlangan.

To‘siqlarga qaramasdan virus yuqtirgan insonlarda virus yuklamasi vaksinalanmasdan kasallanganlarga nisbatan kamroq bo‘lishi fakti ham bunga isbot bo‘ladi. Buni tushunib olish juda muhim: vaksinalangandan so‘ng kasal bo‘lganlar va vaksinalanmasdan kasal bo‘lganlar turlicha sondagi insonlarga virus yuqtirishadi.

Misol uchun, bu yerda vaksinalangan holida kasal bo‘lganlar (yorib o‘tuvchi infeksiya) va vaksinalanmasdan kasallik yuqtirganlarga virus konsentratsiyasi taqqosi. Vaksinalangan kasallarda bu ko‘rsatkich past, ya'ni ular vaksinalanmasdan kasal bo‘lganlarga nisbatan kamroq virus zarralari ajratib chiqarishadi.

Agar u kamroq zarra ajratsa, demak bir xil sharoitlarda kamroq sondagi odamlarni zararlaydi.

Buni ham tushunib oldik. Endi so‘nggi bosqichga o‘tamiz.

4. Vaksinatsiyaning kasallik alomatlariga ta'siri

Bu nima uchun muhim? Koronavirus kovidga sabab bo‘ladi — kovid yo‘tal, nafas qisishi bilan kechadigan kasallik, bu simptomlar esa virus tarqalishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir o‘tkazadi. Bu bosqichda vaksina qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini o‘rganamiz.

Bu yerda aslida hammasi juda oddiy — vaksinalanmaganlar vaksinalanganlarga nisbatan simptomli kovid bilan 5 marta ko‘proq og‘rishadi — bunga isbotlar talaygina, turli davlatlardan real word data.

Ha, vaksinaga qarshi kishilar kasallik alomati bo‘y ko‘rsatgan kasallar darhol izolyatsiyaga olinadi, ulardan hamma cho‘chiydi, simptomlarsiz odamlar esa past virus yuklamasiga qaramasdan hamma yerda yuraverishadi, ko‘p odamlar bilan uchrashib, aloqa qilishadi, alaloqibatda ular ko‘proq insonlarga yuqtirishlari mumkin, deyishadi.

Aslida esa aynan simptomlari bo‘y ko‘rsatgan odamlar kasallik ko‘proq yuqishi uchun javobgar, bu ham o‘z isbotini topgan, kamida mana shu tadqiqotda.

Unda virus yuqqan 730 kishining 8800 kontaktlari kuzatilgan.

Simptomli kovid holatlarining ko‘proq qismi aynan simptomli bemorlar bilan kontakt qilganlar orasida bo‘y ko‘rsatgan, simptomsizlar bilan emas. Simptomsiz kovid esa aynan simptomsiz bemor bilan aloqa qilganlar orasida ko‘proq tarqalgan.

Boshqacha aytganda, yaqqol kovid bilan kasallanganlar yuqori virus yuklamasiga ega bo‘lishadi, buning oqibatida ular ko‘proq simptomli yuqtirishlarni amalga oshirishadi. Vaksina simptomli kovidga duchor bo‘lish tahdidini 5 barobarga kamaytiradi.

Ya'ni 100 nafar vaksinalanganlar guruhida vaksinalanmagan 100 inson guruhiga qaraganda kasallanganlar soni 5 barobar kam bo‘ladi. Ular 5 barobar kam bo‘lgach, bir xil sharoitda yanada kamroq insonlarga kasallik yuqtirishadi. Qolaversa, vaksina olib kovidga uchragan bemorlar kasallikni tezroq yengib, tezroq sog‘ayishadi, demakki, kamroq insonlarga yuqtirishga ulgurishadi.

Vaksinatsiya nafaqat simptomatik kovid, simptomsiz yuqtirish ehtimolini ham kamaytirishiga oid dalillar ham bor. Bu tadqiqotda vaksinalangan tibbiyot xodimlari — ya'ni virus yuqtirib olish ehtimoli juda yuqori bo‘lgan shaxslarni kuzatuv ostiga olishgan.

Vaksinalangan tibbiyot xodimlarining faqat 1,2 foizigina koronavirusga qarshi musbat PsRga ega bo‘lishgan.

Shu sababli, vaksina faqat kasallik og‘ir kechishining oldini oladi, yuqtirishdan himoyalay olmaydi, deyishsa — bu yolg‘on. Vaksina kasallikni boshqalarga yuqtirish ehtimolini pasaytiradi, ham nazariy, ham amaliy jihatdan.

Xo‘sh, demak xulosalaymiz: yuqorida vaksinalangan insonlar xuddi vaksinalanmaganlar singari kasallik yuqtirib olishi, kasal bo‘lishi va eng asosiysi — boshqalarga ham virus yuqtirishiga qarshi nazariy asoslash va isbotlar keltirildi.

Vaksinatsiya eng kamida 4ta asosiy jarayonga ta'sir qiladi:

  • virus yuqtirib olish jarayoniga;
  • virus replikatsiyasi jarayoniga;
  • bir insondan ikkinchisiga yuqishida;
  • kasallikning avj olishida.

Mana shu bosqichlarga ta'sir o‘tkazilishi koronavirusning bir insondan ikkinchisiga tarqalishi imkoniyatlarini cheklaydi.

Britaniyada o‘tkazilgan yirik tadqiqotda vaksina olgan odamning yaqin atrofida virus yuqtirganlar soni vaksinalanmagan inson yon-atrofiga nisbatan 50 foizga kamroq bo‘lishi isbotlangan.

Shunday qilib, endi siz vaksinatsiya sizni nafaqat kasallik og‘ir kechishi hamda o‘limdan asrashi, shuningdek, u qanday qilib epidemiya tarqalishining oldini olishidan boxabar bo‘ldingiz. Vaksinalanganlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, koronavirus bir insondan ikkinchisiga shunchalik qiyin yuqadi va pandemiya tezroq tugaydi.

Vaksinaga qarshilar vaksina virus yuqtirib olishdan asray olmasligi yoki vaksina olgan insonlar ham kasal bo‘lishi va xuddi o‘zlari singari boshqalarga kasallik yuqtirishini ta'kidlay boshlashsa, mana shularni o‘qiting.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi

Mavzuga oid