Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam - Afg‘oniston va u yerda o‘zbek tili masalasi hamda turkiy davlatlar aloqalari haqida
Jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari yuzasidan qator suhbatlar uyushtirib, o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam bo‘ldi. Suhbatning birinchi va ikkinchi qismi avvalroq e'lon qilinib, matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning uchinchi qismi matni e'lon qilinmoqda.
— Qo‘shni Afg‘onistondagi voqealarni kuzatib boryapsiz. U yerda qator qonli urushlardan keyin hukumat almashdi. Xo‘sh, bu voqealar siz kabi o‘zbek ijodkorlari, ziyolilari nigohida, ruhiyatida qanday qabul qilinyapti? Nimalarni his qilyapsiz, xulosa qilyapsiz?
Shuningdek, savolning yana bir qismi sifatida bugun u yerdagi o‘zbek millatdoshlarimizning taqdiri haqida ham gaplashishimiz kerak.
— «Yon qo‘shni – jon qo‘shni», «Uy olma, qo‘shni ol» degan maqollari bor xalqimizning. Bu degani shuki, yaxshi qo‘shni hayot-mamot masalasi qadar muhimdir.
Chunki esimizni taniganimizdan beri Afg‘onistondagi notinchlik xayolimizning bir chetini band qilib keladi. Men tug‘ilib o‘sgan olis Mingtepaning necha-necha askar yigitlarining o‘ligi kelgan Afg‘onistondan. Unda men maktab o‘quvchisi edim, endi bo‘lsa, yoshim 50 dan oshib, 60ga qarab ketyapti. Lekin hanuz Afg‘oniston muammosi mavjud. Bir qo‘shni, bir ziyoli sifatida uning tinch va rivojlangan o‘lkaga aylanishini juda-juda xohlayman.
U yerda pushtun, tojiklardan tashqari millionlab millatdoshlarimiz ham bor. Ularning taqdiri, qismati, shuningdek, bu yurtda o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat bizni doim o‘ylantiradi.
Payg‘ambarimizning bir hadisi bor: «Hech qachon o‘lmaydigandek dunyo uchun yasha, ertaga o‘ladigandek oxirat uchun yasha», deyiladi. Diniy radikalizmda esa faqat oxirat haqida gap bor. Bugungi kun va dunyoni inkor qilish bor.
Ming yil davomida zulmatga cho‘mgan g‘arbning ham aqidasi shunday edi. Har bir nuqta oxiratga qaratilardi. Bu dunyoda qancha ko‘p iztirob cheksang, u dunyoda shuncha yaxshi bo‘ladi degan qarash bor edi. Mana shu fikr millatlar, xalqlarning qon-qoni, hujayrasiga singdirilgani uchun g‘arb zulmat ichida yashadi. Bu mafkura inkvizitsiya bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Diniy radikalizmning dini yo‘q.
Dunyoviylikni inkor qilib, faqat oxiratga intilish g‘arbning ming yillik zulmatiga oyoq qo‘yishdir. Bu harakatlar shu yoqqa olib boradi. Shu ma'noda to‘g‘ri yo‘ldagi inson u dunyosini ham, bu dunyosini ham o‘ylaydi, obod qiladi. Eng yaxshisi shu yo‘l.
Hozir Afg‘onistondan kelayotgan xabarlar doim bir-birini inkor qilyapti. Shuning uchun bitta xabar chiqqandan keyin unga tezda munosabat bildirish qiyin bo‘lyapti. Chunki bu xabar sahihmi, sahih emasmi bilmaymiz.
Afg‘oniston muammolarini ko‘proq, kengroq, xolisroq yoritish kerak. Bu borada mutaxassislarimiz kam. Hozir u yerda o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat haqida Anvar Nazir, Shuhrat Barlos kabi tarixchi, blogerlarimiz yozib turishibdi. Bu borada shuningdek, rasmiy axborot agentliklari ham faol, yanada xolis bo‘lishlari kerak.
Qani edi, bizning hukumatdan chiqqan rasmiy xabarlarda bo‘lgani kabi Afg‘onistonda o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat saqlanib qolsa. Chunki O‘zbekistonda ham 7ta tilda ta'lim olib boriladi. Nega endi u yerdagi maktablarda o‘zbek tili inkor qilinishi, maktablardan siqib chiqarilishi kerak? Nega qizlar maktabda o‘qimasligi kerak? Shu narsalarni o‘ylaganda hamma narsa insonning darajasi bilan bog‘liqligini aytish kerak. Shu ma'noda diniy hukm chiqaradiganlar dunyoviylik, zamonaviylikdan ham yaxshi xabardor bo‘lishi kerak.
— To‘g‘ri aytasiz, nima uchun qiz bolaning umri faqat uyda, erini kutish, tanigan-bilmagan odamga erga tegib ketaverish bilan o‘tishi kerak? Afsuski, bizda mana shu hayotni yoqlab chiqayotgan radikal yoshlar ko‘payib boryapti.
— Buni ziyolilar ko‘proq gapirish kerak. Aytganingizdek, bizda ham diniy radikalizmga moyillik kuchayib boryapti. Diniy bilimlarni olish, adabiyotlarni o‘qish, masjidlarga borish, hammasi o‘z yo‘liga. Bular hammasi erkin bo‘lishi kerak. Lekin bu bilan qanoatlanmay, hamma narsani diniy radikalizmga olib borib bog‘layverish xato.
Bugun dunyo bilan, zamonaviylik bilan va modern dunyo bilan birga yurilmasa, faqat din deyayotgan odamlar dinidan ham, tilidan ham va hatto jonlaridan ham mahrum bo‘lib qolishi mumkin.
Inson o‘sha dini, qadriyatlari, tilini himoya qilishi uchun ham kuchli bo‘lishi kerak. Kuchli bo‘lish uchun esa zamonaviy bilimlarni bilishi kerak. Dunyo ilmlaridan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Dunyoviylik bir qanot bo‘lsa, oxirat va uxroviylik ikkinchi qanot. Bir qanot bilan uchib bo‘lmaydi. Mo‘'tadillik kerak. Kamalak nega chiroyli? Chunki u 7 va undan ortiq ranglarning gammasidan iborat.
Men o‘z yurtimga ham, qo‘shni afg‘onistonliklarga ham, simobdek qaynab turgan dunyoga ham ikki dunyo saodatini tilayman!
— Ulug‘bek aka, siz 1992-93 yillarda hukumat tomonidan o‘qishga yuborilgan talabalar safida Turkiyada tahsil olgansiz. Bugun turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, madaniy aloqalarini qanchalik kuzatib borasiz? Shuningdek, bir ziyoli sifatida turkiy davlatlar bilan aloqalar, yaqinlashuv O‘zbekistonga nimalar beradi deb hisoblaysiz?
— Integratsiya juda muhim. Ayniqsa, hozir. Chunki bugungi kunda tilla baliqcha bo‘lib qolish o‘ta xavfli. Mamlakatlar ham xuddi insonlarga o‘xshaydi: ular o‘zaro har tomonlama aloqalardagina o‘sib-unadi. Endi turkiy xalqlar aloqalariga kelsak, ular yanada muhim. Turkiy xalqlar bir musht bo‘lib jipslashishlarini orzu qilaman men. Yaqin yillarda aloqalar sezilarli darajada kuchaydi va bu yaxshi. Bo‘linganni bo‘ri yer, deydi el. O‘zgarib, turlanib turgan dunyoda o‘zlikni saqlashning yo‘li ham aynan mana shunday birlashishlarda ko‘rinadi. Sinovli damlarda turkiy xalqlar bir-birlarining yonlarida tura olishni o‘rganishlari kerak. Bu, ya'ni o‘zaro yordam, hamkorlik hatto oddiy holga aylanishi kerak.
— Suhbat uchun katta rahmat.
Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024