O‘zbekiston | 19:27 / 02.10.2021
10510
6 daqiqa o‘qiladi

“Ishni to‘g‘ri tashkil qilsangiz, eski davrdagidek “tanka”ning keragi yo‘q” - Ostex Group top-menejyeri

Jamil Maqsudi – Ostex kompaniyalar guruhi boshqaruv kengashi a'zosi. Qashqadaryoga safarimiz davomida ushbu kompaniya tarkibiga kiruvchi Oqsaroy Vortex korxonasi va Oqsaroy klasterida bo‘lib, kompaniya top-menejyeri bilan suhbatlashdik.

Oqsaroy Vortex korxonasi 2020 yilning noyabr oyida ishga tushgan bo‘lib, loyiha qiymati 15 million dollarni tashkil etadi. Korxonada 600 nafardan ziyod xodim ishlaydi.

— Jamil Maqsudi bu kompaniyaga qanday kelib qolgan?

— Bu yerga ishga kelishimdan avval turli sohalarda ishlab ko‘rdim. Ish faoliyatimning ilk yillari sharbat ishlab chiqaruvchi korxonada o‘tgan bo‘lsa, keyinchalik kommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi Erikson va Nokia kompaniyalarida ishladim. So‘ng IT kompaniyada ishladim.

Yaqin do‘stim tekstil sohasida ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, eksport va importni nazorat qiluvchi kuratorlikka talif qilgach, 2016 yilda ushbu kompaniyaga o‘tdim. Men uchun yangi bo‘lgan bu sohani alifbosidan boshlab o‘rganishga to‘g‘ri keldi.

— Jamil aka, markaziy ofis poytaxt Toshkentda joylashgan bo‘la turib, viloyatlardagi korxonalarni boshqarish qiyin emasmi?

Kompaniyalar guruhining top-menejyerlari bor va ularning har birining o‘z jadvali mavjud. Top-menejyerlar faqat Toshkentda o‘tirib ishlamasdan, belgilangan vaqtda respublikadagi korxonalarga tashrif buyurib, o‘z yo‘nalishidagi holat va muammolarni o‘rganadi hamda zarur choralarni ko‘rishga harakat qiladi.

— Sizni Jamillioner deb atasharkan. Rostdan millionermisiz?

— (Kuladi) Yo‘q, Xudo xohlasa, bo‘lib qolar. Ko‘p yillar muqaddam Instagram tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tayotganimda, o‘zimga yuzerneym tanlayotganda qiynaldim. Men tanlamoqchi bo‘lgan variantlarning bari band ekan. Shunda tavakkaliga Jamillioner variantini sinab ko‘rdim – bo‘sh ekan. Shu-shu, Jamillioner bo‘lib qoldim.

— Taniqli bir blogerning aytishicha, O‘zbekistondagi katta bizneslarning 90 foizining “tanka”si bor ekan. Sizlar shu 90 foizga kirasizlarmi yo qolgan 10 foizga?

— (Qat'iy qilib) 10 foizga. Bu biznesga 2016 yil kirib kelgan bo‘lsam, o‘sha paytlar bitta fabrika bor edi. Izlandik, modernizatsiya qildik, texnologiyalarni va jarayonlarni o‘zgartirdik, mutaxassislarni jalb qildik, shu tariqa biznesni kengaytirib bordik.

Odam o‘ziga ishonsa, ish jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsa, odamlar va davlat bilan munosabatlarni risoladagidek shakllantira olsa, soliq va boshqa masalalarni shaffof qila olsa, eski davrlardagidek “tanka”ning keragi yo‘q.

— Siz prezident bilan uchrashgansiz. Oddiy odam sifatida davlat rahbari bilan uchrashish qanaqa bo‘lishi qiziq: hissiyotlar, tayyorgarlik, kutib olish va hokazo?

— Prezident bilan ikki bor ko‘rishganman. Birinchisi 2018 yilda Zarbdordagi fabrikada. Ikkinchisi 2020 yil noyabrda shu fabrikada. Bu yerga kelish-kelmasliklari aniq emasdi. Karantin choralari, tig‘iz grafik va boshqa omillar tufayli kelishlariga ishonchimiz komil emasdi. Lekin fabrikamizda ishlab chiqarilayotgan sun'iy tola u kishini juda qiziqtirarkan – keldilar.

Ishlab chiqarish uskunamiz yangi usulda ishlashini tushuntirayotganimda: “Ha, bunday texnologiyada ishlovchi uskunadan chiqqan ipning sifati yuqoriroq bo‘larkan-da” deb, sohaning nozik taraflarini ham tushunishlarini namoyon qilib qilib, hayratda qoldirganlar.

— Prezident bilan uchrashuvning birinchisi qanday bo‘lgandi? Qandaydir qiziq holatlar bo‘lganmi undayam?

— 2018 yilning mart oyida Jizzaxning Zarbdor shahridagi tikuv fabrikamizga tashrif buyurgandilar. U yerda futbolka, pijama kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu oliy darajadagi ilk tashrif bo‘lgani bois, biz uchun nihoyatda boshqacha bo‘lgan. Rejamiz bo‘yicha fabrika may oylariga ochilib, ishga o‘sha atrofda yashaydigan yosh qizlar jalb qilinishi kerak edi. Lekin viloyat va tuman hokimlarining qistovi bilan hali ishga tushmagan fabrikaga qizlar olib kelingan. Tashrif mobaynida kompaniya rahbarimiz prezidentga tushuntirish berayotganda bor haqiqatni aytgan. Holbuki, bu juda qaltis ish edi. Ya'ni rahbarimiz: “Fabrikada o‘tirgan qizlarning ishga o‘qitish jarayoni endi boshlanadi. Eplab ketganlari may oyidan ishga olinadi va fabrikada qoladi”, deganda, prezident: “Bular hali ishlamaydimi?” deb so‘ragan. “Yo‘q” deb javob berilgan.

— Reaksiya qanday bo‘lgan?

— Reaksiya oddiy bo‘lgan. Eng qizig‘i, ishlab chiqarish qismiga prezident bilan sanoqli odam kirgan. Tashqarida qolgan boshqa mutasaddilar ommaviy axborot vositalariga fabrikaning ishga tushgani va uning eksport salohiyati haqida intervyular berib yuborishgan. Eng tepada haqiqat normal qabul qilindi. O‘rta bo‘g‘inda esa hanuz eskicha qarashda yuribdi.

Shoakmal Isroilov suhbatlashdi.

Mavzuga oid