O‘zbekiston | 18:18 / 04.10.2021
26749
5 daqiqa o‘qiladi

Oq xalat, tanish-bilish, dorilar... Shifokorlar kunida tibbiyot xodimlarini nimalar bilan eslaymiz?

Bugun, 4 oktabr – Xalqaro shifokorlar kuni. Dam olinmaydi, alohida nishonlanmaydi, hatto ko‘pchilik bu haqda bilmaydi ham. Eng qizig‘i, tibbiyot xodimlarining o‘zlari ham hordiq chiqarishmaydi, bayramni ham o‘zlari tashkillashtirib, o‘zlari nishonlashadi.

Foto: The Kiev Times

So‘nggi ikki yil ichida tibbiyot sohasi nihoyatda jiddiy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Chunki zamonaviy dunyo har qancha taraqqiyotga erishgan bo‘lmasin, pandemiya bilan birinchi marta duch kelmoqda. Koronavirus tibbiy xizmatning tub mohiyatini ostin-ustun qilib tashladi, jahonning eng rivojlangan davlatlari sog‘liqni saqlash tizimlari ham uning qarshisida dovdirab qolishdi, millionlab qurbonlar berilgani esa insonning tabiat qarshisida naqadar ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Bugun shifokorlar kuni. Xo‘sh, bugungi kunda shifokor deganda birinchi navbatda nimalar ko‘z oldimizga keladi? Oq xalat, bir varaq tushunarsiz dorilar, navbatda diqqatchilik, pora... So‘nggi yillarda bular yoniga “bilimsizlik” degan tamg‘a ham qo‘shila bormoqda. Qachondir juda ulug‘langan kasb egalari kimlarningdir beminnat xizmatkoriga aylandi, paxta terdi, ko‘cha tozaladi, xullas o‘ta maishiy muammolarga qorishib, qadrsizlanib ketdi. Qars ham ikki qo‘ldan chiqdi – qadrsizlana borgan sari tib sohiblari ham eng mayda uzatmani ham qaytarmay qo‘ydilar. Ikkita nonning puli ham tap tortmay olinaverdi.

Vaziyat shu darajada chuqurlashdiki, omma shifokorlarni butkul poraxo‘rlikda aybladi, shifokorlar maosh va ta'minot o‘ta pastligidan o‘zlarini bunday tutishga haqli hisoblay boshladilar. Ya'ni illatli doiraga kirib qolindi. Natija ham o‘zini ko‘p kuttirmadi – rivojlangan davlatlar buyrak, jigar kabi a'zolarni almashtirishni odatiy holga aylantirib, murakkab neyroxirurgik operatsiyalar ustida tadqiqot olib borayotgan bir paytda O‘zbekiston Hindistonga samolyot-samolyot bemor jo‘natadigan davlatga aylanib qoldi.

So‘nggi yillarda vaziyatni o‘nglash uchun ayrim harakatlar qilindi. Ta'minot, maoshlar nisbatan yaxshilandi. Shifokorlar o‘zlariga aloqador bo‘lmagan ishlardan ozod qilindilar. Xususiy tibbiyot birmuncha oyoqqa turdi, murakkab operatsiyalar bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yildi. Mana shu jarayonlarda to‘satdan boshlangan pandemiya endi oyoqqa turayotgan tibbiyotni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Ma'lum bo‘ldiki, bizda tanlov imkoniyati yo‘q. Murakkab vaziyatda baribir o‘z sog‘liqni saqlash tizimimizga suyanishdan o‘zga choramiz qolmaydi.

Albatta, tizimni uzluksiz tanqid qilish mumkin, lekin uni yaxshilash faqat soha vakillarining ishi emas. Qolaversa, shu shifokorlar ham yurtdoshlarimiz, O‘zbekiston farzandlari. Ta'limga jiddiy e'tibor berishimiz, farzandlarimizning tanlovini hurmat qilishimiz, ularning o‘z maqsadlariga hech qanday qing‘irliklarsiz erishishlarini ta'minlashimiz zarur.

Umuman, bugungi O‘zbekiston tibbiyoti quyidagi tizimli muammolar yechimiga muhtoj va yangi takliflarni o‘ylab ko‘rsa arziydi:

1. Pulli va bepul xizmatlar bo‘yicha mavhumlikni bartaraf qilish, aniqlik va shaffoflikka erishish;

2. Nodavlat tibbiyotda xorijiy klinikalar kirib kelishini ta'minlash, raqobat muhitini yaratish orqali narxlarni mo‘'tadillashtirish;

3. Tibbiy ta'lim tizimida sohaga umuman aloqador bo‘lmagan fanlardan butkul voz kechish, amaliyotni kengaytirish, har bir talabaning zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishini majburiy qilib qo‘yish;

4. Ta'limda “institutga kirgan talabaning 99 foizi bitiradi” degan eski aqidadan voz kechish, eng ilg‘or bitiruvchilarning kamida 10-15 foizi xorijda magistraturada o‘qishini ta'minlash, talabalar o‘rtasida ham uzluksiz raqobat bo‘lishiga erishish. Shuningdek, ta'lim tizimi bizdan orqada bo‘lgan davlatlardan o‘qishni ko‘chirish va super-giperkontrakt tizimini bekor qilish;

5. Oilaviy shifokorlik maktabini yaratish bilan birga, imkon qadar aniq yo‘nalishlar bo‘yicha ta'limni kuchaytirish, zamonaviy diagnostikani alohida yo‘nalish yoki fakultet sifatida ajratish;

6. Sug‘urta tizimini joriy etish orqali davlatga yuklamani kamaytirishga erishish, shifoxonalar o‘rtasida raqobat paydo qilish;

7. Va nihoyat shifokorlarning maoshini bevosita mehnat samaradorligiga bog‘lab qo‘yish tizimini yaratish. Ya'ni kim qancha bemor davolasa, shuncha ko‘p maosh olsin va poraga umid qilmasin.

To‘g‘ri, bu muammolarni darhol bartaraf etib, takliflarning hammasini ham tez va oson joriy qilib bo‘lmaydi. Ayrimlari shu qadar ildiz otib ketganki, yechimi yo‘qdek tuyuladi. Ammo og‘riqli islohotlar baribir o‘tkazilishi kerak. Shunda bizni qiynagan muammolarga farzandlarimiz duch kelishmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid