Jahon | 10:42 / 04.10.2021
77982
8 daqiqa o‘qiladi

Pandora hujjatlari: davlat rahbarlarining maxfiy boyliklari fosh qilindi

Hujjatlarda Iordaniya qiroli Abdulloh II, Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «eng yaxshi imijmeykeri» Konstantin Ernst va bir qancha davlat rahbarlarining ofshor kompaniyalarga aloqadorligi keltirib o‘tilmoqda.

Foto: ICIJ

Dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda moliyaviy hujjatlari fosh etildi. Yangi ofshor faylga Pandora hujjatlari deb nom berilgan.

Xalqaro jurnalist-surishtiruvchilar konsorsiumi 650dan ortiq jurnalist boshchiligida millionlab fayllarni o‘rganib chiqqan va 35ta hozirgi va sobiq davlat rahbarlari va uch yuzdan ortiq amaldorlar haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilmoqda.

Qayd etilishicha:

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning oilasi o‘z mamlakatini talon-toroj qilishda ayblangan. So‘nggi yillarda Aliyevlar va ularning yaqin sheriklari Buyuk Britaniyada 400 million funt sterlingdan ziyod mulkiy bitimlar tuzishgan. Xususan, prezidentning 11 yoshli o‘g‘li Haydar Aliyev uchun Londonda 33 mln dollarlik mulk xarid qilingan. Mayfeyrdagi yana bir bino esa Ilhom Aliyev oilasiga tegishli Mallnick Holdings tomonidan sotib olingan va bir oy o‘tib mulk Aliyevlar bilan oilaviy yaqin aloqalari bor Gaydar kompaniyasi tomonidan qayta xarid qilingan.

Iordaniya qiroli Abdulloh II AQSh va Buyuk Britaniyadan 100 million dollarga maxfiy ravishda ko‘chmas mulklar xarid qilgan. Yigirma yillik hukmronlik davrida doimiy ravishda avtoritarizm ayblovlariga duchor bo‘lgan qirol Kaliforniya va Angliyaning eng markaziy va zamonaviy hududlaridan 15ta uy va kvartiralar sotib olgan. Qirollik huquqshunoslarining ta'kidlashicha, Abdulloh II barcha mulklarni Iordaniya fuqarolarining ehtiyojlari uchun o‘z shaxsiy jamg‘armasidagi mablag‘lari hisobidan xarid qilgan. Ular ofshor kompaniyalar orqali ro‘yxatdan o‘tishni xavfsizlik va maxfiylik nuqtayi nazaridan mashhur odamlar orasida keng tarqalgan amaliyot deb atashgan.

Keniya prezidenti Uxuru Kenyatta va uning oilasining olti a'zosi yashirin ravishda ofshor kompaniyalar tarmog‘iga egalik qilishgan. Ular 11ta ofshor firma bilan aloqa bog‘lagan — ulardan biri 30 million dollarlik aktivlarga ega bo‘lgan.

Kipr prezidenti Nikos Anastatsiades ta'sischisi bo‘lgan advokatlik firmasi bir qancha ofshor kompaniyalarning haqiqiy egasi bo‘lgan sobiq rossiyalik siyosatchini yashirish maqsadida bir qancha soxta mulkdorlardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Hujjatlar yuridik firma rossiyalik milliarder va sobiq senator Leonid Lebedevga to‘rtta kompaniyaning mulkini yashirishga yordam berganini aniqlagan. Biroq yuridik firma buni rad etmoqda. Yirik neft magnati bo‘lgan Lebedev energetika sohasida 220 million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblagandan keyin Rossiyadan qochib ketgan. Shuningdek, kiprlik yuridik firma rus po‘lat magnati Aleksandr Abramov uchun ham ma'lumotnomalar tayyorlaganlikda ayblanmoqda.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon va yaqinlari, mamlakat vazirlar mahkamasi hamda ularning oilalari millionlab dollarlik ofshor kompaniyalarga ega. 2016 yil aprelida Panama hujjatlari bo‘yicha Pokistonda tergov bo‘lganida Imron Xon juda xursand bo‘lgan. Panama hujjatlarida o‘sha vaqtdagi Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifning farzandlari ofshor kompaniyalar bilan aloqada bo‘lganligi keltirib o‘tilgandi. Bu esa Imron Xonga siyosiy raqibini «korrupsionerlar koalitsiyasi» rahbari sifatida ayblashga imkon bergan. «Rivojlanayotgan mamlakatlarda odamlardan talon-toroj qilish jirkanchlikdir» degan Imron Xon 2016 yilda The Guardian nashriga bergan intervyusida. Oxir-oqibat, Pokiston oliy sudi Novoz Sharifni Panama hujjatlari sabab bo‘lgan tergov natijasida lavozimidan chetlatdi. Imron Xon esa keyingi milliy saylovda uning o‘rnini egallagan. Bugungi kunga kelib esa Imron Xonga yaqin odamlarning ofshor holdinglar tashkil qilgani oshkor qilinmoqda. Ular orasida uning moliya vaziri va moliyaviy masalalardagi yordamchisi ham bo‘lishi mumkin.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish tomonidan Fransiyada 22 million dollarlik kinoteatr va ikkita suzish havzasiga ega bo‘lgan qasr ofshor investitsiya kompaniyasi yordamida xarid qilingan. Hujjatda bosh vazir mamlakatida iqtisodiy va siyosiy korrupsiyasiga qarshi kurashgan «milliarder» sifatida tavsiflangan.

Livanning sobiq vaziri va Al-Mavarid banki raisi Marvan Xayriddin 2019 yilda mamlakatda og‘ir iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan va aholining yarmi qashshoqlik bilan kurashayotgan bir paytda 2 million dollarlik yaxtalarga egalik qilgan BVI kompaniyasining rahbari sifatida bitimlar imzolagan. Livan fuqarolaridan birining ta'kidlashicha, aholi kundalik yashash uchun kurashayotgan bir paytda «siyosatchilar va bankirlar» mamlakat pullarini chet elga «investitsiya» qilgan.

Pandora hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, sobiq Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bleyr va uning rafiqasi Cheri 8,8 million dollarlik ko‘chmas mulkka ega va hozirda bu yerda Cheri Bleyr yuridik firmasi joylashgan. Ushbu bino Bahrayn sanoat va turizm vaziri Zayid bin Rashid oilasiga tegishli ofshor kompaniyadan xarid qilingan. Bu xarid oilani 400 ming dollarlik mol-mulk solig‘i to‘lashdan «qutqarib» qolgan. Bleyr va Zayid bin Rashidning ta'kidlashicha, ular dastlab bir-birlarining bitimga aloqadorligi haqida bilishmagan.

Rus-televizion ijrochisi va Oskar mukofotiga nomzod prodyuser Konstantin Ernst ham ofshor kompaniyalarga aloqadorlikda ayblanmoqda. U Putinning eng yaxshi imijmeykeri, prezidentni «Rossiyaning qutqaruvchisi» degan fikr bilan xalqni sotgan ijodiy iste'dod sifatida ta'riflangan. Pandora hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, Ernstga 2014 yilgi Sochi qishki olimpiada o‘yinlarining ochilish va yopilish marosimlarini tayyorlaganidan so‘ng, daromadli ishlarda ishtirok etish imkoniyati berilgan. U hukumat tomonidan moliyalashtirilgan ofshor kompaniyalar orqali Moskva shahridan o‘nlab kinoteatrlar va boshqa mulklarni sotib olish bo‘yicha bitim tuzgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilga kelib Ernstning mulklardagi shaxsiy ulushining qiymati 140 million dollardan oshgan. Ernst xususiylashtirish bitimlarida qatnashganligini inkor etmasligini, ammo bu 2014 yilgi Olimpiada o‘yinlariga umuman daxli yo‘qligini ta'kidlagan.

Hujjatlarga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining ofshor kompaniyadagi 25 foiz ulushini saylov kompaniyasi boshlanishidan oldin yaqin do‘sti, hozirda prezidentning bosh maslahatchisi bo‘lgan Serxiy Shefirga o‘tkazib bergan. London ko‘chmas mulkining yana bir egasi prezident Zelenskiyning sobiq biznes sherigi, ssenariy muallifi va «Studiya 95» teleseriali direktori Andrey Yakovlevdir. Shuningdek, Ukraina prezidentining aka-uka Shefirlar bilan birgalikda asos solgan ofshor shirkati Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining ishonchli boshqaruvidaligi xabar qilinmoqda. Bundan tashqari, Vladimir Zelenskiy milliarder oligarx Kolomoyskiyga bog‘liq tuzilmalardan 40 million dollar miqdoridagi o‘tkazmalarga aloqador bo‘lishi mumkin. Pandora hujjatlari oligarx Igor Kolomoyskiy tuzilmalaridan Vladimir Zelenskiy va uning sheriklarining ofshor kompaniyalariga pul o‘tkazish sxemasini qisman tasdiqlagan.

Mavzuga oid