Turkiston muxtoriyati asoschilaridan biri: 91 yil deganda oqlangan Nosirxon to‘ra kim edi?
Sovet davrida qatag‘on qilingan, biroq shu kungacha reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan 115 nafar o‘zbekistonlik shu yilning 25 avgust kuni Oliy sud tomonidan oqlandi. Oqlanganlar orasida Turkiston muxtoriyatining maorif vaziri bo‘lgan, istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahbarlaridan biri Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li ham bor.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev Nosirxon to‘raning ibratli umr yo‘li haqida hikoya qilib berdi.
1871 yili Namangan viloyatining hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan Nosirxon ilk saboqni Namangandagi madrasalardan birida mudarrislik qilgan otasidan olgan. So‘ngra tahsilni Namangan va Buxorodagi madrasalarda, keyinchalik Kobul, Dehli, Bag‘dod va Hijoz shaharlarida davom ettirgan.
Turkistonga qaytgach, Namangandagi Mavlaviy va Mulla Qirg‘iz madrasalarida bosh mudarris bo‘lib faoliyat yuritgan va ko‘plab ilm toliblariga tafsir, hadis, fiqhdan saboq bergan. 1912 yili Namangan shahriga qozi etib tayinlangan. Nosirxon to‘ra 1913 yildan boshlab jadidchilik harakatida faol qatnashgan. Shuningdek, u 1917 yilning 26-29 noyabr kunlari Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘lka musulmonlarining to‘rtinchi qurultoyida qatnashadi va Turkiston muxtoriyati hukumati a’zosi – maorif vaziri etib saylanadi.
“1913 yilda u kishi Haj safariga boradi va bu safar asnosida dunyodagi ahvoldan xabar topadi. Hajdan qaytishi bilan mudarrislikdan tashqari Turkistonda keng qamrov olayotgan jadid taraqqiyparvarlik harakati g‘oyalarining targ‘ibotchisiga aylanadi. Jadid maktablari va muallimlariga homiylik qila boshlaydi.
O‘sha yillar haqida Boymirza Hayit o‘zining kitobida: “Nosirxon to‘ra Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishida juda katta harakatni amalga oshirdi”, deb yozadi. Ashurali Zohiriy o‘z xotiralarida: “Agar Nosirxon to‘ra tashabbus ko‘rsatmaganda edi, Turkiston muxtoriyati e’lon qilingan 4-qurultoy chaqirilmagan ham bo‘lardi”, deb eslaydi. Shu tarzda namanganlik alloma 72 kun yashagan bo‘lsa-da, tariximizda katta mavqega ega bo‘lgan muxtoriyatning tashkil etilishiga bosh-qosh bo‘ladi”, deydi Bahrom Irzayev.
Sovetlar hokimiyati uch oy o‘tmayoq yangi muxtoriyatni qonga botiradi. Qonuniy hukumat a’zolarini ta’qib etish bilan qanoatlanmay, Qo‘qon shahriga hujum uyushtirib, o‘n mingga yaqin aholining yostig‘ini quritadi. Hukumat va Maslahat Sho‘rosi a’zolaridan ellikka yaqin odam qamoqqa olinadi. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, Nosirxon To‘ra Namanganda bolsheviklar qo‘liga tushadi va umumiy afv e’lon qilingach ozod etiladi hamda ma’lum vaqt yashirin hayot kechiradi.
“Muxtoriyatning hukumat a’zoligiga saylangan Nosirxon to‘ra Namangan va Farg‘onada bo‘lib o‘tgan 60 ming, 100 ming kishilik namoyishlarni tashkil etib, xalqni Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga ilhomlantiradi. Bolsheviklar tomonidan bu hukumat qonga botirilganidan so‘ng esa Katta Ergash, Muhammad Aminbekning rahnamosi sifatida, istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy otalaridan biri sifatida faoliyat olib boradi. Erk va ozodlik uchun qo‘liga qurol tutgan insonlar Nosirxon to‘raning ma’ruzalari ta’sirida, u yozgan nashidalarni kuylab hayot-mamot janglariga kirishadi.
1920 yilga kelib sovetlar umumiy afv e’lon qilganidan keyin Nosirxon to‘ra tinch hayotga qaytadi va 1923 yilgacha Namanganda “Mahkamai shariya” (Shariat sudi) idorasiga rahbarlik qiladi”, deydi Bahrom Irzayev.
Nosirxon to‘ra 1924 yili Kosonsoyda Batraklar uyushmasini mustamlakachilar va ularning malaylariga qarshi oyoqlantirgani uchun dehqonlarning ommaviy chiqishlari butun Farg‘ona uyezdiga yoyilib ketadi. Bunday faoliyat bosqinchilarga albatta yoqmas edi. Shuning uchun sovetlar hokimiyati xalq orasida obro‘yi oshib ketayotgan yirik ulamo va siyosiy arbobdan qutulish choralarini izlay boshladi. 1925 yili Nosirxon to‘ra “sovetlarga qarshi siyosiy faoliyat olib borgani uchun” degan soxta ayblar bilan maxsus uchlik qaroriga ko‘ra hibsga olinib, Orenburgga surgun qilinadi.
“1923–24 yillarda u Batraklar ittifoqi deb nomlangan kambag‘al-dehqonlar jamiyati faoliyatiga aralashadi va azaldan islomda mavjud bo‘lgan vaqf xo‘jaligi haqidagi tajribalarini ushbu jamiyatda joriy qiladi. Natijada qisqa muddatda Batraklar ittifoqi undagi adolat ma’qul keladi va odamlar Batraklar ittifoqini tashlab Nosirxon to‘raning atrofida to‘plana boshlaydi.
Bundan tashvishga tushib qolgan sovet ma’murlari nima qilib bo‘lmasin Farg‘ona vodiysidan Nosirxon to‘rani chiqarib yuborish kerak degan xulosaga keladi va natijada 1925 yilning avgustida Nosirxon to‘ra Said Kamolxon to‘ra o‘g‘li Samarqandga chaqirilib, qamoqqa olinadi va bir qancha bo‘htonlarga asoslanib, uchlik qarori bilan Orenburgga surgun qilinadi.
Namangan, umuman, vodiy ahlining ko‘plab arizalari natijasida Nosirxon to‘ra 1928 yilning 10 avgustida Orenburg surgunidan qutulib vatanga qaytishga ruxsat oladi. U kishining Namanganga qaytib kelishi nafaqat vodiy xalqi, balki tog‘ va dashtda yashovchi minglab qirg‘iz va qozoqlar uchun ham bayramga aylanib ketadi, uning ziyoratiga butun vodiy ahli oqib keladi. Ayniqsa, allomaning shogirdlari Oltinxon to‘ra, Sayid Mubashshirxon to‘raning ustozining ziyoratiga kelishi xalqni nihoyatda to‘lqinlantirib yuboradi. Bu voqealardan tashvishga tushgan sovet ma’murlari Nosirxon to‘ra haqida jiddiyroq rejalarni ishlab chiqa boshlaydi”, deydi Bahrom Irzayev.
Sovetlar o‘lkada katta obro‘ va ta’sir doirasiga ega bo‘lgan ulamoni bir lahza bo‘lsin tinch qo‘ygan emas. Xonadoni, o‘zi va oila a’zolari muttasil kuzatuvda bo‘lgan. Maxfiy xizmat idoralarida saqlanayotgan hujjatlarda Nosirxon to‘raning Turkistonning Namangan, Qo‘qon, Toshkent, O‘sh, Taroz, Chimkent kabi shaharlaridagi har bir qadami, kimlar bilan uchrashgani, nimalar haqida suhbatlashgani haqidagi ko‘plab ma’lumotlar qayd etib borilgan.
Nosirxon to‘ra haqida har qanday xabar keltirganlarga mukofotlar va’da qilingan. Bu ishlar o‘z samarasini berib, mamlakatdan bosh olib ketayotgan atoqli olim sotqinlar bergan xabar ortidan sovetlar tomonidan qo‘lga olinadi.
Nosirxon to‘ra SSSRning davlat xavfsizligi bo‘yicha maxsus organi uchligining 1930 yil 27 noyabrdagi yig‘ilishi qarori bilan otishga hukm qilingan. U bilan birga yana ko‘plab kishilarga o‘lim jazosi berilgan. Davlat arbobi 1931 yilning 13 martida Toshkent shahrida qatl etiladi.
Nosirxon to‘ra diniy ilmlar qatori dunyoviy bilimlardan ham yaxshi xabardor bo‘lib, uning Islom asoslariga oid risolalaridan tashqari tarix, falsafa kabi fanlarga doir asarlar ham yozgani ma’lum. Olimning yirik “Turkiston tarixi” asari o‘lkamizning uzoq yillik tarixini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Nosirxon to‘raning shogirdlaridan yirik din olimlari, millatparvar va ma’rifatparvar arboblar yetishib chiqqan. Xususan, 1894–1992 yillarda yashab o‘tgan Sayyid Mahmud ibn Sayyid Nazir Taroziy Turkistonda Oltinxon to‘ra nomi bilan mashhur bo‘lib, u yirik olim, adib, tarjimon edi. 1932 yili sovetlar tuzumi tazyiqi tufayli hijratga ketgan Oltinxon to‘ra Afg‘oniston, Hindistonda, keyin ellik yil mobaynida Makka va Madina shaharlarida yashagan. Masjidul-Harom va Masjidun-nabaviyda mudarris bo‘lgan. Qur’oni karim ma’nolarini ilk bor o‘zbek tiliga tarjima va tafsir qilgan, bir qancha kitoblar yozib, ko‘plab kitoblarni arabchadan o‘zbek tiliga o‘girgan.
Nosirxon to‘raning yana bir shogirdi Abu Nasr Sayyid Mubashshir Taroziy 1896–1977 yillarda yashab o‘tgan. U ham taniqli ulamo va adib bo‘lib yetishgan. Uning «Qur’on va nubuvvat» kitobi sovet hokimiyati tomonidan musodara qilingan. Sayyid Mubashshirxon to‘ra Taroz shahrida diniy idora ochgan, maktablar tashkil etgan. Ta’qib kuchaygach, 1930 yili vatanni tark etib, Afg‘oniston va Misrda muhojirlikda yashagan. Uning islom fiqhi va tarixiga oid 47 ta asari bor.
“Sovetlar Nosirxon to‘rani qidirib topish va qo‘lga olish jarayonida yuzlab odamni yo‘q qilib yuborishgani, ulardan ma’lumot olish uchun inson zoti chiday olmaydigan qiynoqlarni qo‘llagani, hatto ularning oilalari, qizlari, farzandlariga nisbatan qattiq zulm qilinganini ko‘rgan turkistonlik ilm ahli sho‘roviylarning qanchalik qattol ekanini anglab yetdi va taqdirlariga tan berishga majbur bo‘lishadi.
Nosirxon to‘ra umrining so‘ngiga qadar o‘zining g‘oyasi uchun, o‘zi ishongan, o‘zi suyangan iymoni yo‘lida shahodatni hech qanday ikkilanishlarsiz qabul qiladi. Bizning tariximizda yashab o‘tgan shunday bir inson mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida oqlandi va ishonamanki kelajakda bu insonning nomini abadiylashtirish, ilmiy va ijodiy merosini, faoliyatini o‘rganish masalasida katta izlanishlar olib boriladi”, deydi Bahrom Irzayev.
To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.
Jamshid Niyozov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi –
Abdusalim Abduvohidov.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024