Meteorit yoki asteroid emas. O‘zbekistonliklar videoga olgan noma'lum uchar jism nima edi?
5 oktabr kuni tungi soat 2:15 va 2:19 oralig‘ida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani va Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida mahalliy aholi noma'lum osmon jismi uchib o‘tganiga guvoh bo‘lgani haqida videoxabarlar tarqaldi.
«Soat taxminan 2:15larda Quyi Chirchiq tumani osmonida asteroid uchib o‘tdi. Uni telefonimda videoga oldim, lekin asteroid biror shovqin-suron chiqarmadi», deydi Kun.uz’ga yuborilgan video muallifi.
«Bu Marg‘ilondan olingan video. U olinganda soat 2:19ni ko‘rsatmoqda», — deyiladi ikkinchi videoda.
Kun.uz muxbiri ushbu videolarda aks etgan osmon jismi nima ekanligi va uning tabiatiga aniqlik kiritish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Yusuf Tillayev bilan bog‘landi.
Yusuf Tillayevga ko‘ra, O‘zbekistonning turli hududlarida ko‘rinish bergan noma'lum osmon jismi videolari hozirda tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda.
«Noma'lum osmon jismi bo‘yicha kecha bizga ham 7ta video yetib keldi. Videolarni sinchiklab o‘rganarkanmiz, hozircha bu noma'lum jismni koinot chiqindisi (kosmik kemalarning atmosferada yonib ketmagan bo‘laklari) bo‘lsa kerak degan fikrda turibmiz. Lekin bu fikrimiz qat'iy emas. Chunki bizda bu taxminni inkor qiladigan sabablar ham bor. Masalan, biz oxirgi kunlarda osmonga uchirilgan raketalar bo‘yicha ma'lumotlarni qidirib ko‘rdik, ammo bu jismning uchib o‘tish vaqti va yaqin atrofda uchirilgan raketalarning uchirilish vaqti bir-biriga mos kelmayapti.
Bu noma'lum jismni kometa yoki asteroid degan taxminlar esa bizga unchalik ma'qul emas. Chunki asteroidda yonish kattaroq bo‘lishi kerak. Bizdagi noma'lum jismda nur yonib o‘chib turibdi», – dedi Tillayev.
Mutaxassis noma'lum jism qandaydir kuzatuvlar uchun uchirilgan dron bo‘lishi mumkinligi taxmini yuzasidan ham fikrlarini bildirdi.
«Bizda bu variant ham bor edi, lekin uni chiqarib tashladik, chunki dronning uchish balandligi bunday bo‘lmasligi kerak. Noma'lum jism bir necha o‘n kilometr balandlikda uchmoqda», – dedi u.
Yusuf Tillayevning ta'kidlashicha, Astronomiya instituti qoshida koinot chiqindilari va yerga potensial xavf tug‘diruvchi osmon jismlarini o‘rganish markazi ham faoliyat yuritadi. Ammo noma'lum jism ushbu markaz tomonidan sezilmagan.
«Osmon jismlarining sezilmay qolishi juda xavfli hisoblanadi. Masalan, sayyoramizga meteoritlarning urilishi tez-tez bo‘lmasa ham kuzatilib turadigan hodisa. Eng so‘nggi kuchli to‘qnashuv 1908 yilda sodir bo‘lgan. Sibirdagi Tunguska daryosiga 50-100 metr diametrdagi olov shari urilishdan hosil bo‘lgan portlash kuchi 1945 yildagi Xirosimaga tashlangan atom bombasi kuchidan 185 marta kuchliroq bo‘lgan.
Umuman olganda, yerga yaqinlashadigan asteroid va kometalarning sezilmay qolishi xavfli. Lekin biz aytayotgan jism unchalik katta emasdi va u yerga tushgan taqdirda ham vayronkorlik keltirmasdi.
Umuman, aytilayotgan noma'lum jismning tezligi pastligi bizni hayron qoldirdi», – dedi olim.
Institut direktori o‘rinbosarining farazicha, 5 oktabr tongida osmonda ko‘rinish bergan noma'lum jism xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham biroz shubhali, lekin bu borada ma'lumotlar yopiqligi unga to‘la aniqlik kiritishga imkoniyat bermaydi.
Meteorit nima?
Ma'lumot uchun, koinot atamalari lug‘atiga ko‘ra, meteorit – bu koinotdan yerga qulagan jismning – meteoroidning atmosferada oxirigacha yonib ketmagan qoldig‘idir. Yer atmosferasiga kirgach, meteoroid harorati bir necha ming darajagacha ko‘tariladi, bu holat o‘z navbatida fazo jismining maydalanib parchalanishiga olib kelishi mumkin. Sayyoramizning atmosferasi meteoroidning tezligini keskin pasaytiradi, ammo shunga qaramasdan meteorit (meteoroidning parchasi meteorit) yer qobig‘ida yirik krater va jarliklar hosil qilishga muvaffaq bo‘ladi. Butun Yer shari bo‘ylab har xil vaqtda diametri 200 metrdan 100 km.gacha bo‘lgan kraterlar aniqlangan.
Asteroid nima?
Quyosh orbitasida aylanuvchi nisbatan kichik bo‘lgan osmon jismlari Asteroidlar deb ataladi. Odatda ular bir xil shaklga ega emaslar, ularning diametri esa 1500 km.dan oshmaydi. Shu bilan birga asteroidning minimal diametri 30 metrdan kam bo‘lmasligi kerak: kichik hajmdagi osmon jismlari meteoroidlar deb ataladi. Hajm va og‘irlik jihatidan asteroidlar Quyosh sistemasidagi sayyoralardan ancha kichik bo‘lishadi, shuningdek ularda o‘zlarining atmosferasi mavjud emas, ammo ularda yo‘ldoshlar bo‘lishi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, Quyosh tizimida diametri 1 km.dan ortiq bo‘lgan 1,1–1,9 mln dona jism mavjud. Biroq Smitsonov astrofizika observatoriya markazining (MRS) ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunga qadar kuzatuvlar natijasida 794 832 ta asteroid aniqlangan. Quyosh tizimining eng yirik asteroidi ilgari diametri 933 km.li Tserera hisoblanardi, biroq 2006 yildan boshlab u mitti sayyora maqomiga ega bo‘ldi. Boshqa yirik asteroidlar Pallada (diametr 524 km), Vesta (520 km) va Yunona (133 km). Vesta – maxsus texnikasiz kuzatsa bo‘ladigan asteroidlar turkumidagi yagona jism.
Kometa nima?
Asteroidlar kabi kometalar ham Quyosh atrofida aylanishadi, biroq ular qattiq cho‘zilgan konus shakliga ega. Asteroiddan yana bir farqi shundaki, kometa quyoshga yaqinlashgan sari boshga o‘xshash (chang va gazdan iborat) bulut va dum (shuningdek chang va gazdan iborat) hosil qiladi.
Kometalar kichik yadrodan – kichik muzli jismdan hosil bo‘ladi, ularning o‘lchami bir necha o‘n kilometrgacha yetishi mumkin. Aksariyat kometa yadrolari Quyosh tizimining chekkasida joylashgan, biroq olimlar ularning ayrimlari bizlarga yulduzlararo bo‘shliqdan kelib qolishgan degan farazni ham rad etmaydilar. Kometa yadrosi qanaqadir sababga ko‘ra tizimning markaziga qarab harakatlana boshlasa, u qiziy boshlaydi va uning muzlari sekin bug‘lanadi, shu tufayli u kometaning boshini va dumini hosil qiladi.
Mavzuga oid
12:00 / 30.10.2024
AQSh Davlat departamenti Daniyaga "havo-havo" raketalarini sotishni ma’qulladi
09:20 / 08.10.2024
Odessada RF raketasi fuqarolik kemasiga borib urildi
09:10 / 24.09.2024
G7 BMTda Kiyevga uzoq masofali raketalarga ruxsat berish masalasini muhokama qiladi
13:25 / 23.09.2024