O‘zbekiston | 18:29 / 08.10.2021
12008
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Termizda o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi 9-ixtisoslashtirilgan maktab-internatini borib ko‘rdi.

«Bu maktab 1979 yilda qurilgan. Binolar eski, xonalar kamligi tufayli talabga javob bermay qolgan. O‘quvchi o‘rni bor-yo‘g‘i 250 ta.

Ta'lim sifati esa juda yaxshi. O‘quvchilarning oliy ta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish ko‘rsatkichlari yuqori. 

Qolaversa, atrofda yangi uylar qurilib, aholi soni ko‘payishi bilan maktabga talab oshib bormoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Prezident ushbu muassasa o‘rnida 1 ming 500 o‘rinli zamonaviy maktab barpo etish maqsadga muvofiqligini ta'kidladi.

«Mamlakatimiz bugun o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsadlarni amalga oshiradiganlar - kadrlar. Muallimning obro‘yini ko‘tarib, ta'limni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, natija bo‘lmaydi. Shuning uchun kelgusi besh yilda maktablarni ta'mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha yangi Milliy dastur qabul qilinadi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ushbu maktab o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi. Ular maktab ta'limini yaxshilash va muallimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarini aytdi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida umumta'lim tizimini rivojlantirish choralari muhokama qilindi. Surxondaryo viloyatida 96 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun 21 ta yangi maktab va 358 ta maktablarda yangi binolar quriladi, 116 ta maktab mukammal ta'mirlanadi. Axborot texnologiyalari, matematika, kimyo-biologiya fanlariga ixtisoslashgan 19 ta maktab tashkil etiladi.

Mavzuga oid