O‘rta ahvoldagi bemorni davolash 15 mln so‘mga tushmoqda. SSV mutaxassislari bolalarni koronavirusga qarshi emlashga chaqirdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu yil O‘zbekistonda keng tarqalgan «delta» shtammi ancha xavfli chiqqani, u avvalgi yildagidan farqli ravishda aholining katta qatlami hisoblangan bolalarni ham qamrab olayotganini ma'lum qildi.
Izoh berilishicha, buning uch asosiy sababi bor. Birinchisi — bolalarning aksariyati vaksina bilan emlanmagan. Ikkinchi sabab — karantin qoidalariga yetarli e'tibor qaratilmayapti. Uchinchisi — yangi o‘quv yili boshlanishi bilan muloqot jarayoni faollashdi.
Joriy yil boshidan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18 yoshgacha bo‘lgan 3658 nafar o‘g‘il-qiz COVID-19 tashxisi bilan yotqizilgan. Ularning eng katta qismi, ya'ni 1263 nafarini 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
Shifoxona direktori Anvar Husanovning ma'lumot berishicha, O‘zbekistonda koronavirusning o‘rta og‘ir darajasini boshdan kechirayotgan bemorni davolashga davlat budjetidan 15 million so‘mgacha mablag‘ sarflanmoqda.
«Masalaning iqtisodiy jihatini tahlil qiladigan bo‘lsak, kasallangan o‘rta holatdagi bemor muolajasi uchun davlatimiz hisobidan 15 million so‘mgacha mablag‘ sarflanmoqda. Albatta, bu summalar dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy xizmat, transport, kommunal va boshqa ko‘plab sarf-xarajatlarni o‘z ichiga oladi.
Qolaversa, COVID-19ga chalingan bemor shifoxonadan tuzalib, uyiga qaytgach ham, immun tizimi to‘liq tiklanishi va xastalik asoratlaridan batamom xalos bo‘lishi uchun uzoq vaqt tibbiy preparatlarni qabul qilib yurishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, bularning barchasi katta chiqim talab etishi turgan gap. Bundan tashqari, koronavirus keyinchalik inson tanasining boshqa a'zolari faoliyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli yuqori. Shu ma'noda, vaksina eng arzon, xavfsiz va samarali usuldir», degan u.
Bemor Dilorom Ahmadjonova shifoxonaga farzandlari bilan tushib qolgan va hozirda vaksina olmaganidan afsusda.
«Bu yerda ikki o‘g‘lim bilan yotibmiz. Biri o‘n uch, ikkinchisi uch yashar. Kasallik avval ularga yuqqan, keyin men ham xastalanib qoldim. Palatadoshlarimiz Shoira Qodirova va uning 6 yoshli farzandi qarindoshlarimiz. Ular bilan ham muloqotda bo‘lgandik. Hozir muolajalar davom etyapti. Bolalarning ahvoli ancha yaxshi. O‘zimiz ham kundan kun tetiklashib boryapmiz. Lekin o‘z vaqtida vaksina olmaganimizdan afsusdamiz», degan u.
Bolalar bo‘limi mudiri Hilola Mardonova ham bolalarni emlashga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlagan.
«Bo‘limimizdagi bolalarning 20-30 foizida virusli pnevmoniya kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon 84 nafar bola jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan bo‘lsa, hammasi tuzalib chiqib ketishdi. To‘g‘ri, kasallik aksariyat o‘g‘il-qizlarda nisbatan yengil o‘tyapti. Tuzalish muddati ham o‘rtacha 5-7 kunni tashkil etmoqda. Ammo baribir xotirjamlikka berilmasligimiz shart. Shu ma'noda, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning emlanishi imkoniyatdan oqilona foydalanishimiz zarur», degan u.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
10:04 / 27.08.2024
Zangiotada harakatlanib ketayotgan Damas yonib ketdi
21:15 / 24.08.2024
Yevrokomissiya respirator viruslar tarqalishiga qarshi vaksinani ma’qulladi
14:32 / 25.07.2024