Jamiyat | 15:59 / 11.10.2021
5390
5 daqiqa o‘qiladi

“Yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili tarafdorimiz” – Narzullo Oblomurodov

Foto: Ekopartiya matbuot xizmati

11 oktabr kuni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Partiya matbuot xizmati nomzodning saylovoldi uchrashuvida e'tibor qaratgan masalalarni ma'lum qildi.

Tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Uchrashuv davomida Narzullo Oblomurodov Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirar ekan, jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta'siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish tarafdori ekanini ta'kidladi.

“Partiyamiz tabiatni asrab-avaylash, mamlakatdagi daraxtlar va suv havzalarini, tabiiy yodgorliklarni salbiy antropogen ta'sirdan himoya qilish uchun katta sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ilgari suriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta'siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili tarafdorimiz”, deb aytgan Oblomurodov saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida.

Orolqum O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududi atmosferasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda”

Prezidentlikka nomzod o‘z chiqishida Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muammolari masalasiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

“Orol dengizining qurishi oqibatida paydo bo‘lgan 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan Orolqum sahrosi Orolbo‘yi hududi va butun O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududining atmosferasiga o‘ta qattiq ta'sir ko‘rsatayotgani barchamizga ma'lum. Ma'lumotlarga ko‘ra, Orolqumdan zararli kimyoviy unsurlar, tuz va tuproq zarrachalaridan iborat chang havoga ko‘tarilib, shamol bilan butun dunyoga tarqalmoqda.

Oxirgi yillarda Orolbo‘yi mintaqasida ilk bor paydo bo‘lgan “tuz yomg‘irlar” aynan shu muammoning o‘ta dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarining ekologik normativlarga muvofiqligini ta'minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi”, – deya ta'kidlagan Narzullo Oblomurodov.

Sanitar-epidemiologik monitoring tizimi rivojlantiriladi

Oblomurodov qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Orolbo‘yi va boshqa ekologik nomaqbul hududlarda ekologik holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha sanitar-epidemiologik monitoring tizimini rivojlantirishni maqsad qilganini ma'lum qildi.

“Aholi salomatligini mustahkamlash uchun sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ommaviy sport va jismoniy tarbiya rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, harakatsiz turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar tarqalishini kamaytirish ustuvor yo‘nalishimiz hisoblanadi.

Orolbo‘yi va boshqa ekologik nomaqbul hududlarda ekologik holatni tubdan yaxshilash bo‘yicha sanitar-epidemiologik monitoring tizimi rivojlantiriladi”, deydi Narzullo Oblomurodov.

“Ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas”

Ekopartiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod respublikada uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas deb hisoblaydi.

“Xabaringiz bor, jahonning eng ilg‘or mamlakatlari “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish ishlarini allaqachon boshlab yuborgan. Chunki dunyoning bugungi qiyofasi, tiklab bo‘lmas ekologik falokatlar va atrof-muhitga yetkazilayotgan ulkan zararlar mana shuni taqozo etadi. O‘zbekiston 2019 yilda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi”ni qabul qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas. Shuning uchun ham “yashil taraqqiyot” saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Mamlakatda ekologik barqarorlikni ta'minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotning barcha sohalariga joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari hamda farovon jamiyat barpo etish eng katta maqsadlarimizdan biridir. Qoraqalpog‘istonlik va mo‘ynoqlik yoshlar bu ulkan vazifalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatishiga, bizga ko‘makchi bo‘lishiga umid qilamiz”, deya Oblomurodovdan iqtibos keltirmoqda Ekopartiya matbuot xizmati.

Narzullo Oblomurodovning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

Mavzuga oid