O‘zbekiston | 12:59 / 12.10.2021
9648
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p davlatlarning davlatchiligini o‘rganish mumkin, lekin birortasi O‘zbekistonga to‘lig‘icha to‘g‘ri kelmaydi – Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlaridan o‘ninchisi 12 oktabr kuni Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tmoqda. Qorako‘l tumanida tashkillashtirilgan saylovchilar bilan uchrashuvda O‘zLiDep vakillari nomzodni “Mirziyoyev” deya hayqiriqlar va “Inson qadri” qo‘shig‘i bilan qarshiladi.

Foto: Milliy mass-media fondi

Tadbirni nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili, Buxoroda 2016 yilgacha hokimlik qilgan Samoydi Husenov olib bordi. U “Bugun Shavkat Miromonovichning poyqadamlari tufayli Buxoroga nur yog‘ildi” deya so‘z boshladi va boshqa moderatorlar singari Shavkat Mirziyoyevni tanishtirishga hojat yo‘qligini bildirdi. 

Samoydi Husenov nomzodning viloyat ravnaqi yo‘lida qilgan xizmatlari haqida aytib o‘tarkan, 2008 yilda Kogondagi portlashlar chog‘ida 75 kun ishlagani va hodisa oqibatlarini bartaraf qilganini yodga oldi. Olot va Qorako‘l tumanlaridagi tabiiy ofatga qarshi kurashi bilan hudud aholisining ko‘nglini ko‘targanini bildirdi. Shundan so‘ng nomzodga so‘z berildi.

“Bugun mamlakatimiz katta siyosiy jarayon oldida turibdi. Men Buxoro xalqining dardini yaqindan biladigan odam sifatida qayerda ishlashimdan qat'i nazar odamlarni qanday rozi qilish maqsadida ko‘p o‘ylab yurganman. Islohotlarimizga kelsak, o‘tgan 5 yilda biz emin-erkin yashashni, inson qadriga yetishni, xalqimizni rozi qilishni o‘rgandik. Ko‘p davlatlarning davlatchiligini o‘rganish mumkin, lekin ularning birortasi O‘zbekiston sharoitiga to‘lig‘icha to‘g‘ri kelmaydi. Oldin bizda juda kuchli qo‘rquv bor edi, shu tufayli ko‘p insonlar hadikda yashadi.

Qandaydir o‘zgarish qilamiz desak, ta'limni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz, muallimning obro‘sini ko‘tarishimiz zarur. Tarix uchun 5 yil juda oz vaqt. Lekin shu 5 yildagi yutuqlarimizni ko‘rib, ertangi kunimizga ishonib, katta-katta rejalar qilyapmiz. Kamchiliklarimiz ham bo‘ldi, chunki izlangan odam albatta kamchilikka yo‘l qo‘yadi va tajribasi oshib, yutuqqa erishadi. Xalqimizda bir ibora paydo bo‘ldi “Qilsa bo‘lar ekan-ku!” Endi aytadigan gapim – Buxoroda ham qilsa bo‘lar ekan-ku! Bizning yer ostida ulkan boyliklarimiz bor. Lekin undan ham katta yutug‘imiz – yer ustida bunyodkor xalqimiz bor”, – dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid