Endi ilgarigidan ham o‘n marta ko‘p mehnat qilishimiz kerak – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga katta turtki beradigan navbatdagi muhim islohotlar bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.
27 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir oldidan prezidentlik saylovi g‘olibi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy jarayon natijalariga to‘xtaldi va xalqqa minnatdorlik bildirdi.
«Assalomu alaykum, hurmatli yig‘ilish qatnashchilari! Bugun sizlar bilan mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan g‘oyat muhim siyosiy voqea – prezident saylovi jarayonlaridan so‘ng, birinchi yig‘ilishimizni o‘tkazmoqdamiz. Hammamizga ayon bo‘ldi, hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda xalqimiz o‘z fikrlarini, takliflarini bildirishdi. Joylardagi rahbarlar ham yechimini kutayotgan muammolar borligiga yana bir marta amin bo‘lishdi.
Xalqimiz saylovda uyushqoqlik bilan ishtirok etib, o‘zining siyosiy-huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotganini, tinch va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan ezgu va oliyjanob intilishini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Saylov natijalari tinch-farovon hayotimizga, ertangi kunga ishonch bo‘lganligi, keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan oliy baho, deb hisoblayman. Men o‘zim uchun ko‘p xulosalar qildim, rejalar tuzib oldim. Endi kechagidek ishlashga umuman haqqimiz yo‘q. Chunki biz juda katta-katta va'dalar berdik.
Ushbu saylovda el-yurtimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni biz besh yil oldin boshlagan, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman.
Fursatdan foydalanib, mening O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan va samimiy qo‘llab-quvvatlagan aziz yurtdoshlarimga, ko‘p millatli butun xalqimizga, xususan, alohida Qoraqalpog‘iston ahliga yana bir bor o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.
Mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti bizning eng katta boyligimizdir. Mana shunday bebaho boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni men prezident sifatida o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman.
Ushbu saylovlarni milliy qonunchiligimiz va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘la mos holda, yuqori saviyada, ochiq-oshkora, demokratik, sog‘lom raqobat va kurash muhitida o‘tkazishga katta hissa qo‘shgan barcha mutasaddi va faollarga minnatdorchilik bildiraman.
Xususan, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari, saylov uchastkalarining rahbar va a'zolariga, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, viloyat, shahar va tuman hokimliklariga, alohida barcha tashkilot va idoralar xodimlariga samimiy tashakkurimni izhor etaman. Tayyorgarlik, tartib bo‘yicha ularga birorta savol tug‘ilmadi.
O‘zbekiston prezidenti etib saylanishim munosabati bilan o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llayotgan mamlakatimiz jamoatchiligiga, aziz vatandoshlarimga chuqur ehtiromimni bildiraman.
Ayni paytda, muqobillik asosida o‘tgan saylovda boshqa partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning kelgusi faoliyatlariga omad tilayman. Biz kuni kecha o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, jonajon vatanimiz ravnaqi yo‘lida faol hamkorlik qilamiz.
Har bir partiya dasturlarida ham zarur jihatlar bor. Boshqa partiyalarga bildirilgan tashabbuslarni ham o‘rganamiz, hisobga olamiz.
Endi, saylovoldi uchrashuvlarimizda ilgari surilgan strategik dasturimiz – Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning hayotini obod va farovon qilish bo‘yicha belgilab olgan maqsad va vazifalarni jadal va izchil amalga oshirish uchun, belimizni mahkam bog‘lab, ilgarigidan ham o‘n marta ko‘p mehnat qilishimiz kerak.
Xalqimizning ishonchini oqlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini, ularning xavfsizligi va farovonligi, qonuniy manfaatlarini ta'minlash, bir so‘z bilan aytganda, inson qadr-qimmatini ulug‘lash barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas burchiga aylanishi zarur.
Aminmanki, tarixning ko‘plab sinovlaridan mardona o‘tib kelayotgan mehnatkash va oliyjanob, bag‘rikeng xalqimizning mustahkam va metin irodasi, betakror hayotiy tajribasiga tayanib, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Oldinda bizni murakkab sinovlar kutmoqda. Lekin biz mehnatdan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, o‘z kuchi, salohiyati va imkoniyatlariga ishonadigan xalqmiz.
Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun erkin tafakkur, zamonaviy dunyoqarash asosida fidokorona mehnat qilib, milliy yuksalish sari dadil borishda davom etamiz.
Bugun o‘tkazadigan yig‘ilishimiz ham ana shunday vazifalar bilan bevosita bog‘liq», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
- Eslatib o‘tamiz, 25 oktabr kuni MSK tomonidan e'lon qilingan natijalarga ko‘ra Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz to‘plab, yana bir bor prezidentlik saylovi g‘olibi bo‘lgandi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
20:28 / 01.11.2024