Narxlar oshishiga nimalar ta'sir qildi? MB oktabr oyi uchun inflatsiya dinamikasi sharhini taqdim etdi
Oktyabr oyida kartoshka 14 foizga, tuxum 11,2 foizga qimmatlashdi. Bundan tashqari, bir qator oziq-ovqat narxlari va benzin, shuningdek, kiyim-kechak narxlari ham o‘sgan. Narxlar oshishining sabablari ma'lum qilindi.
Markaziy bank tomonidan 2021 yil oktyabr oyi uchun inflatsiya dinamikasi sharhi taqdim etildi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning oktyabr oyida iste'mol tovarlari va xizmatlari narxlari 1,3 foizga oshdi. Inflatsiya o‘sishiga oziq-ovqat tovarlari narxlari oshishi yuqori ta'sir ko‘rsatib, guruhning oshiruvchi ta'siri 0,8 foiz bandni tashkil qildi.
Go‘sht, tuxum va un qanchaga qimmatladi?
Oziq-ovqat mahsulotlari guruhida go‘sht mahsulotlari narxining oylik o‘sishi 1,9 foizni tashkil etdi. Parranda go‘shti narxining oshishini (3,6 foiz) yetishtiruvchilar tomonidan taklif kamaygani, ozuqa-yem narxi yuqoriligi hamda isitish xarajatlari mavsumiy oshgani bilan izohlash mumkin.
Yuqoridagi holatlar tuxum narxiga (11,2 foiz) ham oshiruvchi ta'sirni saqlab qoldi. Shuningdek, ushbu mahsulotning qo‘shni davlatlarga faol tarzda eksport qilinishi ichki bozorlardagi narxlarga ham ta'sir ko‘rsatmoqda.
Bug‘doy unlari narxi oshishini (birinchi navli 2,0 foizga, oliy navli 1,4 foizga) joriy yil mamlakatda bug‘doy hosili rejaga nisbatan kam bo‘lgani, Rossiya va Qozog‘istondagi qurg‘oqchilik tufayli g‘alla hosili prognoz ko‘rsatkichlariga yetmagani, shuningdek, ushbu davlatlardan eksport boji tariflari oshib borishi bilan izohlash mumkin.
Kartoshka rekord o‘rnatdi
Joriy mavsumda kartoshka hosilining yuqori unumdor dalalarda ham kutilganidek bo‘lmagani, (bunga hosilga kirgunga qadar kartoshka urug‘ining zararlanishi), qo‘shni davlatlarda ushbu mahsulot ulgurji narxlari balandligi hamda import qilishda yuk tashish xarajatlari qimmatlashishi mahalliy bozorlarda kartoshka narxi (oylik 14,9 foizga) qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.
Benzin narxi 13 foizga o‘sdi
Dunyoda muqobil energiya resurslari yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar sharoitida yonilg‘i mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi va jahon bozoridagi narxining o‘sib borishi ichki bozorda yonilg‘i mahsulotlari narxiga oshiruvchi ta'sir ko‘rsatdi. Xususan, avtomobil benzini narxi oktyabr oyining o‘zida 13,5 foizga o‘sdi.
Kiyim-kechak va maishiy texnika narxlarida biroz o‘sish kuzatildi
Jahon bozorida xomashyo narxi qimmatlashib borishi bilan bir qatorda, yarim o‘tkazgichlar va konteynerlar yetishmasligi, transport va logistikadagi muammolar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish xarajatlari oshib ketishi import mahsulotlari, jumladan, kiyim-kechaklar va maishiy tovarlar narxiga oshiruvchi bosimni saqlab qolmoqda. Oktyabr oyida kiyimlar 0,8 foizga o‘sgan bo‘lsa, maishiy texnika buyumlari 1,8 foizga qimmatlashdi.
Ma'lum qilinishicha, sement narxlari 0,9 foizga arzonlashgan (bunga bojlarning nol stavkasi, ishlab chiqarish oshishi sabab bo‘lgan). Bu oyda guruch, banan, olma, anor, uzum va limon, shuningdek, sabzavotlardan sabzi va lavlagi narxlari o‘tgan oyga nisbatan arzonlashdi.
Avvalroq, Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariysi taqdim etilgandi.
Mavzuga oid
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
15:24 / 07.11.2024
Birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan cheklov o‘rnatildi
13:10 / 02.11.2024
Oktyabrda 1 porsiya osh narxi qancha bo‘lgani aytildi
08:10 / 02.11.2024