Jamiyat | 22:10 / 07.11.2021
15802
7 daqiqa o‘qiladi

Haykalga milliardlar, changda qolgan Toshkent, bloklangan tarmoqlar – blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan haftada ham o‘zbek blogosferasi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi. Kun.uz blogerlarning hafta mavzularini to‘pladi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Hafta muhokamasi: haykalga kutubxonadan ko‘ra 4 barobar ko‘p pul sarflanadi

Dastlab Davletov.uz kanali Toshkent viloyati hokimi farmoyishi bilan Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirovaga ehtirom ko‘rsatish maqsadida haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish ishlari uchun 28 mlrd 400 mln ajratilishi borasida yozdi.

Shundan so‘ng boshqa blogerlar ham bu masalaga e'tibor qaratdi. Xususan, Bakiroo kanali muallifi shunday dedi: “Odatda budjetning orttirib bajarilgan qismi chayishga, hokimto‘ra yo amaldorlarning ehtiyojlariga yoki shunaqa olamshumul qiymatlardagi ishlarga sarflanadi”.

Shuningdek, u shunga o‘xshash boshqa keysga e'tibor qaratdi.

“Toshkent shahar hokimiyati budjetning orttirib bajarilgan qismiga Pushkin haykali joylashgan maydon va uning tegrasini 35,5 mlrd so‘mga ta'mirlamoqchi. Bu maydon va uning atrofidagi binolar 5 yil avval kapital ta'mirlanganini kim ham eslaydi? Xotirasi kaltalar uchun eslatma mana bu yerda. Pul bormi? Uni albatta o‘zlashtirish kerak. Qancha qimmat bo‘lsa, shuncha yaxshi!” – deydi u.

Zafar Solijonov amaldorlarni xalqning pulini foydali narsalarga sarflashga chaqirdi.

“G‘alaba parkida Zulfiya Zokirova va uning yaqinlari uchun yodgorlik majmuasi bor-ku. Nega yana haykal? Bugun prezident qo‘l qo‘yib qasam ichgan Qur'oni Karim (Hashr surasi 10-oyatni eslang) va hadislar (Usmon ibn Affon r.a.dan kelgan hadis) bo‘yicha vafot etganlarni duo qilishga buyurilganmiz, haykalbozlikkamas. Ularning avlodiga yaxshilik qilinsa ham jamoatchilik e'tiroz bildirmasa kerak, fikrimcha. Xalqniki hech kimniki degani emas. Pulimizni muhimroq sohalarga yo‘naltiringlar. Bunaqada 2025 yilga borib o‘qituvchi oyligi 1000 dollarga yetishiga ishonasizmi?” – deb yozdi u.

Hafta voqeasi: changda qolgan va daraxsizlik jabrini tortgan Toshkent

“Zametki ekonomista” kanali muallifi o‘tgan haftada eng ko‘p muhokama qilingan changda qolgan Toshkent mavzusida qiziq post joyladi.

“Toshkent va boshqa bir qancha shaharlarda bugungi chang bo‘ronning sababi Uraldan kelgan vaqtincha shamol emas. Aslo. Shamol Uraldan, Qizilqum cho‘lidan, janubdan yoki Marsdan kelishining ahamiyati umuman yo‘q. Qayerdan kelsa ham shahar ekotizimi bularni o‘z ichiga “yutib” yuborishi va shahar aholisi uchun tabiiy filtr rolini o‘ynab berishi kerak edi.

Shuning uchun chang bo‘ron ko‘tarilishi va havo iflosligining eng asosiy sababi – bu tabiat bilan o‘ynashish, ekotizim muvozanatini buzishdir. Aslida geografik joylashuvimizning o‘zi juda og‘ir. Uning ustiga o‘z qo‘limiz bilan (imzo bilan, benzopila bilan, beton bilan) shaharlarimizni yashashga yaroqsiz holga keltiryapmiz. Qandaydir bir tiyinga qimmat binolar va beton ustiga qurilgan ko‘ngilochar joylar deb daraxtlarni ayovsiz kesyapmiz, ko‘llarimizni qurityapmiz, bog‘larimizni qirib tashlayapmiz. Hamma joyga beton quyilgan, ariqlar qurigan, daraxtlar o‘lgan. Shu kamlik qilganidek yana 6-8 polosalik yo‘llar quryapmiz. Shuning uchun bugungi chang bo‘rondan, nimaga unday bo‘layotganidan ba'zilar hayron bo‘lishi taajjubli. A, nima, siz boshqa natijani kutganmidingiz?” – deb yozdi u.

Bloger Shahnoza Soatova changli bo‘ron voqeasidan keyin Ekopartiyani faollikka chaqirdi.

“Hozir gaping o‘tadigan, so‘zing salmog‘i ortgan, tabiat o‘zi sen tomonda turgan kunlar. Paytdan foydalan, Ekopartiyajon. Hademay yangi saylov kelib qoladi, bu galgisiga odamlar yanada siyosiy faol, savollar yanada o‘tkir bo‘ladi. O‘zliging namoyon qil. Tabiatga foydang tegsin, o‘zingga ham!” – deb yozdi u o‘z blogida.

“Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashish kerak” – bloger Xushnud Xudoyberdiyev ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga oid fikrlarini yozib qoldirdi

“Ijtimoiy tarmoqlar bloklangach, birdan masalaga prezident aralashdi, “O‘zkomnazorat” rahbari ishdan olindi, bloklar olib tashlandi. Bir qaraganda hammasi zo‘r, barchasi ajoyib, shunday emasmi?

Ammo biz oqibatlar bilan kurashyapmiz, xolos. Ya'ni ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi — aslida avvalroq qabul qilingan xato qarorning oqibati. Xo‘sh, unda buning sababi qayerda?

Qonunni qabul qilgan boshqalar, jabrini tortgan ijrochilar.

Aslida bu mashmashalarning barchasiga “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonun sababchi. Yanada aniqroq aytsak, 2019 yilda qabul qilingan bu qonunning o‘zi yomon emas. Unda shaxsiy ma'lumotlarga oid ko‘p foydali qoidalar belgilangan.

Ammo 2021 yilda, ya'ni joriy yilning yanvar oyida ushbu qonunga bitta kichkina modda qo‘shildi. Yangi qo‘shilgan 27-1-moddada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari bilan ishlaydigan tizimlar serverlarini O‘zbekistonda o‘rnatishi talab qilinadigan bo‘ldi. Kim serverini O‘zbekistonda o‘rnatishga rozi bo‘lmasa, unda bloklanadigan bo‘ldi.

Ko‘ryapsizmi, kechagi mashmashalarning barchasi aslida qaysidir G‘olibsher ismli ijrochining o‘zboshimchaligidan emas, balki 150 nafar deputat qabul qilib, 100 nafar senator ma'qullab, keyin imzolangan qonun sababli bo‘lmoqda”, – deb yozdi bloger.

U shu hafta sodir bo‘lgan bloklash mashmashasini va ko‘rilgan chorani og‘riq qoldiruvchi dori, ammo kasallikning o‘zini tuzatmaydi deya baholadi.

Bloger fikrlarini hammasiga sababchi bo‘lgan qonunni qayta ko‘rib chiqish lozimligi bilan xulosaladi.

Mavzuga oid