O‘zbekiston | 11:12 / 10.11.2021
4023
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Sirdaryoda IES qurish uchun 100 million dollar ajratdi 

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Saudiyaning ACWA Power energetika kompaniyasiga Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishi uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma'qulladi.

Foto: iStock

Kredit quvvati 1500 MVt bo‘lgan kombinatsiyalangan gaz turbinali issiqlik elektr stansiyasini qurish uchun ajratilgan. 

Bu O‘zbekistonda OIIB uchun yuqori samarali gaz elektr stansiyalari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan birinchi nodavlat moliyalashtirish loyihasidir. 

2020 yil 5 mart kuni energiya ishlab chiqaruvchi ACWA Power kompaniyasi bilan O‘zbekiston tomoni o‘rtasida yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasi va ushbu IESdan elektr energiyasini 25 yil davomida sotib olishga aloqador shartnoma imzolangan edi. 

Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lib, shundan 747 million dollari Xalqaro taraqqiyot banki va xorijiy xususiy tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlardir. 

Kreditorlar qatorida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotining Xalqaro taraqqiyot fondi, Germaniya investitsiya korporatsiyasi, Standard Chartered Bank (Buyuk Britaniya), Natixis (Fransiya), Societe Generale (Fransiya), Xitoy banki bor. 

Kredit shartnomalarining muddati 18 yil bo‘lib, shundan dastlabki 3 yil davomida qurilish ishlari olib boriladi. 

Mavzuga oid