O‘zbekiston | 09:36 / 12.11.2021
8099
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda 56 tup ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Oqtosh qishlog‘i hududida 53 tup ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy kesilgani haqida xabar tarqaldi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tumani inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida hududda o‘sish holatida bo‘lgan jami 56 tup, shundan, 53 tup shumtol, 2 tup baqaterak, 1 tup qizil do‘lana daraxtlari noqonuniy ravishda kesilganligi aniqlangan.

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan xolis guvohlar ishtirokida belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Noma'lum shaxclarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari natijasida o‘simlik dunyosiga 288 mln 792 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsiddinovning ma'lum qilishicha, Oqtosh qishlog‘i hududida ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy kesilgani va o‘simlik dunyosiga 288 mln so‘m zarar yetkazilgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avvalroq, Bosh prokuratura hududlarda 30 foizni tashkil etishi lozim bo‘lgan yashil maydonlar 3-4 barobarga qisqarganini ma'lum qilgandi.

Joriy yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri hamda viloyatlarda daraxtlar va ekinlar pala-partish ekilayotgani sabab qurib qolayotgani, tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini e'tiborsiz qoldirayotganini qattiq tanqid qilgan edi.

Mavzuga oid