O‘zbekiston | 18:30 / 12.11.2021
11850
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisining qancha foizi chekuvchilar ekani ma'lum qilindi

O‘zbekistondagi jami erkaklarning 23 foizi, ayollarning esa 1 foizi chekuvchilardan iborat, mamlakatda har yili 30 mingga yaqin kishi aynan chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli olamdan o‘tadi. Bu haqda bugun, 12 noyabr kuni «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasining bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ma'lumot berildi.

Foto: Getty Images

Qonunchilik palatasida o‘tgan fraksiya yig‘ilishda dastlab «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda global muammoga aylangan – yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet kabi xastaliklarning paydo bo‘lishiga tamaki va alkogol mahsulotlari sabab bo‘layotgani qayd etilgan. BMT ma'lumotiga ko‘ra, tamakidan yiliga 5,4 million, ya'ni har 6 soniyada 1 kishi hayotdan ko‘z yumar ekan. Alkogol sabab esa 3,3 millionta o‘lim qayd etilmoqda.

«Mamlakatimizda ham bu boradagi ahvol xavotirli. Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 30 mingga yaqin kishi aynan chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli olamdan o‘tadi. Yurtimizdagi jami erkaklarning 23 foizi, ayollarning 1 foizi chekuvchilardir. Ayniqsa, keyingi paytlarda yoshlarning elektron sigaretalar, nikotinli snyuslarga ruju qo‘yishi ko‘paymoqda. Mutaxassislarning fikricha, elektron sigareta chekuvchilar keyinchalik odatiy sigaretalarni ikki baravar ko‘proq cheka boshlaydi. Bu esa yosh avlodning nikotinga qaramlik darajasi yanada ko‘tarilishiga olib keladi», – deyiladi quyi palata matbuot xizmati xabarida.

Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, qonun loyihasi tayyorlangan hamda unda alkogol hamda tamaki mahsulotlarining aylanmasini tartibga solish, salbiy oqibatlardan fuqarolarni himoya qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Amaldagi qonunning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari kuchsizligi natijasida unda belgilangan qoida va cheklovlarga rioya etish darajasi juda past bo‘lmoqda.

«Qonun loyihasining yangi tahririda alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishga doir cheklovlar 20 yoshdan 21 yoshga o‘zgartirilmoqda, yetkazib berish va tarqatish bo‘yicha talablar kuchaytirilmoqda. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari peshtaxtalarida tamaki mahsulotini qo‘yish va namoyish etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, loyihada amaldagi qonunda nazarda tutilmagan, ammo hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida urfga aylanayotgan, ularning sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi nikotinli snyuslar ham tamaki mahsulotlari qatoriga kiritilib, uning aylanmasiga cheklovlar nazarda tutilmoqda», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid