«Vaqt mashinasida qorong‘i 2016 yilga borib kelamiz» – blogerlarning hafta mavzulari
Yakunlangan haftada ham o‘zbek blogosferasi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi. Kun.uz blogerlarning hafta mavzularini to‘pladi.
«Mahallabay» hokim yordamchilari
Davletov.uz kanalining muallifi o‘tgan haftada muhokamalar markazida bo‘lgan bank xodimlarining mahallalarga majburan ishga o‘tkazilishi bilan bog‘liq vaziyatga kadrlar genotsidi deb baho berdi.
«Shundoq ham davlat va jamiyat malakali kadrlarga och bo‘lib turganda, bunday kadrlar siyosati yaxshilik keltirmaydi. Bu bilan hech qanaqa natijaga erishilmaydi. Shundoq ham ish vaqtidan ko‘p, hatto dam olish kunlari ishlayotgani yetmayotgandek, ular qariyb majburlab, istak-xohishiga qarshi boshqa ishga o‘tkazilishini «kadrlar genotsidi», deb baholasayam bo‘ladi», deb yozdi bloger.
Bu mavzuda Kun.uz ham «Sallasi desa kallasi» — respublika bo‘ylab hokim yordamchiligiga mahallabay majburlov ketmoqda» sarlavhali maqola e'lon qildi.
«Boylar boyimoqda, kambag‘allar nisbiy qashshoqlashmoqda»
Iqtisodchi Otabek Bakirov rasmiy statistika odamlar daromadi oshganini ko‘rsatayotganiga qaramay, buni kishilar o‘z tanasida his qilmayotganiga oid fikrlarini yozdi.
«Bir qarashda, daromadlar oshmoqda, yillik hisobda jami nominal daromadlar 22,6 foizga o‘sgan.
Nominal daromadlar o‘sishi inflatsiyani ikki barobarga qoplagan. Nega unda ko‘pchilik norozi, hayoti sifati pasayib borayotgani, daromadlari xarajatlaridan ortda qolayotganidan tashvishda?
Nega o‘rta sinf va quyi daromad egalari rasmiy statistika aytayotgan o‘sishni tanasida, ro‘zg‘orida his etmayapti?
Birinchi va eng asosiy masala daromadlar to‘g‘ri taqsimlanmayotganida. Tinimsiz takrorlayotgan farazimizni yana takrorlashga majburmiz:
Boylar boyishda davom etmoqda.
O‘rtahollar nisbiy kambag‘allashmoqda.
Kambag‘allar nisbiy qashshoqlashmoqda», deb yozdi u.
Iqtisodchi rasmiy statistika daromadlarning turli daromad guruhlari qirqimida o‘sishi to‘g‘risidagi axborotni ochiqlamaganiga e'tibor qaratdi.
«Yagona mavjud axborot aholining 10 foizli guruhlari bo‘yicha notekis taqsimlanishi bo‘yicha ma'lumotlardir.
Unga ko‘ra, eng kambag‘al 10 foiz va eng kambag‘al 20 foiz aholining jami daromadlarida ulushining pasayishi 2018 yilda boshlangan va ularning ulushi 2020 yilda juda sezilarli darajada qisqargan.
Ayni shu davrda 3-8 desildagi, ya'ni shartli o‘rtahollarning jami daromadlardagi ulushi ham yo o‘smagan, yoki faqat pasaygan.
Nima deb o‘ylaysiz? Kimlarning jami daromadlardagi ulushi oshgan?
Tabiiyki, eng boy 2 desildagi aholi oxirgi uch yilda daromadlari ulushini keskin oshirgan. E'tiborlisi, ularning ulushi krizisli 2020 yilda jiddiy oshgan.
Aholi daromadlarining notekis taqsimlanayotganining yana bir ko‘rsatkichi - Jini koeffitsiyenti 2017-2019 yillardagi 0.262 miqdorida o‘zgarmay qolib, 2020 yilda birdaniga 0.276 gacha chiqqan.
Raqamlarning o‘zi aytib turibdiki, oxirgi yillardagi o‘zgarishlardan boylar va hukumat bilan chatishib ketgan oligarxlar rozi bo‘lishi mumkin, xolos. Propaganda va piar kun tartibini qarasangiz bunga o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin.
Davlat rahbari oxirgi chiqishida Marksga bekorga murojaat etmadi, nazarimda. Balki, bizga so‘l burilish kerakdir?» deya ta'kidlaydi u.
«Vaqt mashinasi»
Jurnalist Muhrim A'zamxo‘jayev o‘z blogida Senat raisi Tanzila Norboyevaning hafta davomida internetda muhokamalarga sabab bo‘lgan «Svet o‘chishi, zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil oldingi tarix edi», degan gapiga ishora qilib post qoldirdi.
«Tahririyatimizda unda-bunda chiroq o‘chadi; el qatori (chiroq kam o‘chgani uchun ham shu binoda o‘tiramiz). Lekin bugun uzilishlar sal, saaaalgina ko‘proq bo‘ldi (ayb tahririyat joylashgan binoda bo‘lsa kerak, GESlarda emas — mamlakatda plyus-minus 90 foiz elektr IESlardan chiqayotgan bo‘lsa, GESlarni ayblab bo‘ladimi axir); davomiyligi emas (qisqa juda, chiroq odatda uzog‘i yarim soatga qolmay yonadi), soni ko‘proq bo‘ldi uzilishlarning.
Biz bunga pozitiv yondashishning oson yo‘lini topdik — chiroq o‘chsa, «Qorong‘i 2016 yilga tushib qoldik», deb kulyapmiz (xafa bo‘lish yo‘q), elektr qayta ulanishi bilan, yana tantana: «Urre, yorug‘ 2021 yilga qaytdik!», deb. Vaqt mashinasining o‘zginasi. «Zamonlararo sayohat» hatto eng fantastik kinolarda ham hech qachon bu qadar oson va davriy bo‘lmagan. Asosiysi, bu «o‘yin»da har doim «o‘z zamoning»ga qaytasan. Kulgili, kayfiyat zo‘r; pozitiv yaxshi-da baribir!» deyiladi postda.
Amaldorlarni qanday tayinlash kerak?
Bloger va huquqshunos Bahodir Ahmedov amaldorlarni tanlashda meritokratiya kerakligi haqidagi fikrlarni yozib qoldirdi.
«Saylovlar o‘tdi. Endi ko‘pchilik yuqori va o‘rta bo‘g‘in amaldorlari safida o‘zgarishlar bo‘larmikin deb ikki ko‘zi «katta kreslolar»da. Turli mish-mishlar ham oralamoqda.
Menimcha, ushbu 5 yillikda kadrlarni saralash va mansab lavozimlarga tayinlashda meritokratiya tamoyilini qo‘llash maqsadga muvofiq. Prezidentning 5843-sonli farmoniga asosan kadrlar tizimida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (bizning tilda – ARGOS)ga ko‘plab vakolatlar berilgandi.
Ushbu farmonda «kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish hamda ularning xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishini nazarda tutuvchi meritokratiya tamoyilini qo‘llash» degan jumla ketgan.
Singapurda ham biror vazir yoki qo‘mita raisligiga albatta tegishli tanlovlar o‘tkaziladi. Hamma har bir nomzod ko‘rsatkichlarini ko‘rib boradi. Bunday ish yuritishga o‘tish vaqti bizdayam keldi. Ming qonunchilik zo‘r bo‘lsa ham, ming xohishlar katta bo‘lsa ham baribir natijani kadrlar qiladi.
Axir, Otto fon Bismark bekorga aytmagan: «Yaxshi amaldorlar va yomon qonunlar bilan mamlakatni bemalol boshqarish mumkin. Lekin amaldorlar yomon bo‘lsa, eng mukammal qonunlar ham yordam berolmaydi», deydi u.
«O‘qituvchilarning oylik maoshi»
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev shifokorlarga va'da qilinayotgan 1000 dollarlik maoshga yetish uchun har yili ularning oyligi 3,4 barobardan oshirib borilishi kerakligi haqida yozdi.
«Oldin ham bir necha marta ta'kidlanganidek, o‘qituvchilarning oylik maoshini 1000 dollarga yetkazish masalasi bugun yana ko‘tarildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilga borib oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshi 1000 dollarga yetadi.
Hozirgi kunda oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshi 290 dollar atrofida ekan (to‘liq stavka bilan). Keyingi 4 yilda ularning oylik maoshi 1000 dollarga yetishi uchun hozirgi ko‘rsatkichdan taxminan 3,4 barobar oshishi kerak bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, oliy toifali o‘qituvchilarning dollardagi oylik maoshi yiliga o‘rtacha 36 foizdan o‘ssagina, ularning maoshi to‘rt yildan keyin 1000 dollar bo‘lishi mumkin (agar so‘mning almashinuv kursi bu yilgi kabi inflatsiyadan past darajada saqlanib qolsa, unda so‘mdagi o‘sish ko‘rsatkichining 36 foizdan pastroq darajada shakllanishi ham yetarli bo‘lishi mumkin, ammo keyingi yillarda so‘mning almashinuv kursi xuddi bu yilgi kabi past darajada saqlanib qolishini aniq aytolmaymiz).
Ta'lim sohasida band xodimlarning o‘rtacha oylik maoshi 1000 dollar bo‘lishi uchun esa ularning dollardagi oylik moshining qiymati yiliga 50 foizdan o‘sishi kerak bo‘ladi (hozirgi kunda ta'lim sohasida band xodimlarning o‘rtacha maoshi 200 dollar atrofida)», deb yozdi u.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024