Jamiyat | 17:26 / 17.11.2021
9836
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax neft bazasi mansabdorlariga oid jinoyat ishi sudga oshirildi

Jizzax neft bazasida aniqlangan kamomadning o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

Illyustrativ foto / Energetika vazirligi

«O‘zbekneftgaz» AJ aniqlagan holatga ko‘ra, Jizzax neft bazasida AI-80 avtobenzindan 4,2 ming tonna, AI-91 avtobenzindan 61 tonna va Eko dizel yonilg‘isidan 13,1 ming tonna bo‘lgan, o‘rtacha qiymati 146 mlrd so‘mni tashkil etuvchi kamomad aniqlangan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov bergan xabarga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha «Jizzax neft bazasi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 27 sentabr kuni ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Xabarda ishning boshqa tafsilotlari, shu jumladan, ayblanuvchilar soni, ularga nisbatan e'lon qilingan ayblov mazmuni (JK moddalari) tanlangan ehtiyot chorasi, tergov organi aniqlagan jami zarar summasi va uning undirilgani kabi ma'lumotlar ochiqlanmagan.

Avvalroq, 19 mlrd so‘mlik benzin mahsulotlari talon-toroj qilingan Andijon neft bazasi ishi sudga oshirilgani xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, Jizzax, Buxoro va Andijon viloyatlarida jami 185 milliard so‘m miqdoridagi neft mahsulotlari talon-toroj qilingan.

Buxoro neft bazasidagi 20,7 mlrd so‘mlik talon-torojlik holatlari haqida hozircha ma'lumot berilmagan.

Mavzuga oid