O‘zbekiston | 00:22 / 17.11.2021
118058
7 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonovga murojaat qilgan profilaktika inspektoriga jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olindi

Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, Sardorbek Otaboyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Facebook/olimjon.haydarov

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahar sobiq profilaktika inspektori shahar 2-sonli IIBdagi holatlar yuzasidan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB va bosh prokuratura izoh berdi.

Profilaktika inspektorining shov-shuvli murojaati

Namangan shahridagi 2-sonli IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, katta leytenant Sardorbek Otaboyev 12 noyabr kuni Facebook orqali ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat qilib, o‘zi ishlayotgan idorada sodir bo‘layotgan adolatsizliklar, tizimdagi korrupsiya haqida arz qilgandi.

Videomurojaatda u Namangan shahridagi 2-sonli IIB rahbari profilaktika inspektorlariga har kuni beshtadan ma'muriy bayonnoma tuzish, bir yilda 2ta ma'muriy nazorat o‘rnatish kabi noqonuniy talablarni majburiy reja sifatida belgilab berganini, bu rejalarni bajarmagan xodimlarni esa ishdan haydash bilan qo‘rqitib kelganini aytgan.

Shuningdek, videomurojaatda majburiy rejani bajarmay turib «gap eshitmaslik» yo‘li borligi haqida ham so‘z boradi. Video muallifining aytishicha, IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘iga 50 dollar “uzatilsa”, reja bajarilgan deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, 2-sonli ichki ishlar bo‘limida tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilik, mansabni suiiste'mol qilish kabi noqonuniy harakatlar avj olgani ta'kidlangan. Rahbarlarning qonunga zid ko‘rsatmalariga qarshi chiqib, huquqini talab qilgan xodimlar haqoratlangan va ularga turlicha bosim qilingan.

Rasmiylar munosabati

Namangan viloyati IIB axborot xizmati videomurojaat tarqalgan kuni holat yuzasidan munosabat bildirgan, Otaboyev xizmat mavqeyidan foydalanib, firibgarlik jinoyati sodir etganlikda gumonlanayotganini bildirgandi.

«2021 yil sentabr oyida fuqaro M.Yu.ning katta leytenant S.O.ning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizasiga asosan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida katta leytenant S.O. 2021 yil boshlarida Namangan shahrida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro va uning birga yashovchi o‘g‘li, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro hamda Namangan shahar Davlatobod tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqarolarga kredit olib berishni va'da qilib, ishonchiga kirib, ularning shaxsiga oid hujjatlari nusxalarini olib, so‘ng rasmiy hujjatligini bilaturib, soxta ma'lumotlar kiritib, ushbu fuqarolarning nomlariga Xalq banki orqali 81.400.000 so‘m kredit olib, ko‘p miqdordagi mulklarini qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlanib, tekshiruv yakuniga ko‘ra 2021 yilda katta leytenant S.O. egallab turgan lavozimidan ozod etilishi haqida xulosa qilingan.

Namangan viloyati IIBning xizmat tekshiruvi xulosasi va to‘plangan hujjatlar va aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun Namangan shahar prokuraturasiga yuborilgan. Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko‘ra, yuqoridagi holat yuzasidan 21.10.2021 yilda JKning 168-moddasi 3-qismi «b, v» bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy munosabatda.

Viloyat IIB bayonotida, shuningdek, katta leytenant Sardorbek Otaboyev javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘zining rahbarlaridan noroziligi mazmunida videomurojaat qilgani, o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida videodagi iddao tasdig‘ini topmagani, videomurojaat bo‘yicha ayni paytda qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma'lum qilingan. Bundan tashqari, Sardorbek Otaboyevning yetarli asoslari bo‘lmagan holda o‘zining rahbariga tuhmat qilib, bilaturib, shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganligi holatiga huquqiy baho berish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani ta'kidlangan.

Sardorbek Otaboyev va uning oilasi bilan aloqada bo‘lib turgan bloger Olimjon Haydarovning yozishicha, 13 noyabr kuni Namangan shahar prokuraturasi tomonidan berilgan taqdimnomaga asosan sud ajrimi bilan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan va Otaboyevga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. 14 noyabr – yakshanba kuni Sardorbek ushlanib, qamoqqa olingan.

Blogerning aytishicha, ikki kundan beri aloqaga chiqmayotgan profilaktika inspektorini qidirib 16 noyabr kuni Namangan shahar prokuraturasi Tergov bo‘limiga borganidan so‘ng unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanganidan xabar topgan. Ungacha uydagilari Sardorbekning qayerdaligini bilisholmagan.

«Shundan so‘ng Bosh prokuraturaning axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Telegram kanalida Sardorbekka nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida ilk marta rasmiy xabar berdi. Katta ehtimol bilan bunga mening Namanganga borib u haqda so‘rab-surishtirganim sabab bo‘ldi, shundan keyin rasmiy bayonot berishga qaror qilishdi, nazarimda», deydi Olimjon Haydarov.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Sardorbek Otaboyev boshqa fuqarolarning nomiga olingan jami 81,4 mln so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qilgan.

«Gumonlanuvchi turli bahonalar bilan tergovga kelishdan bosh tortib yashiringani sababli, unga nisbatan sirtdan ayb e'lon qilinib, 13 noyabr kuni sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va unga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 14 noyabr kuni ayblanuvchi ushlanib, himoya huquqlari ta'minlangan holda tergovga jalb qilingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

  • Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov ijtimoiy tarmoq orqali Farg‘ona viloyati Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan ochiq shikoyat qilgan, u o‘z murojaatida boshliq o‘rinbosari o‘z molxonasi qurilishida inspektorlarni ishlatgani, ulardan 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olgani, haydovchilarni jarimaga tortish bo‘yicha «plan» belgilaganini aytgandi.
  • Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov internetda tarqalgan videomurojaat bo‘yicha izoh berarkan, Nozimjon Nishonovning Quva tumani IIB rahbariyatining noqonuniy harakatlari bo‘yicha tarqatayotgan vajlari o‘rnatilgan tartibda tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Mavzuga oid