O‘zbekiston | 18:47 / 17.11.2021
52319
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalari: Qatnov qismi va harakatlanish bo‘lagi

Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha mutaxassis Nosirjon Zokirov avtomobil yo‘llari va ulardagi yotiq chiziqlar bo‘yicha barcha uchun zarur birlamchi ma'lumotlarni aytib o‘tdi.

Yo‘l harakati qoidalarida asosiy tushuncha va terminlar, ibora va atamalar bor. Ularni bilmasdan turib, yo‘l harakati qoidalarini bilishning iloji yo‘q. Har bir atama va tushuncha yuridik kuchga ega.

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”da 50ta atama va tushuncha mavjud. Biz ko‘proq qo‘llaniladigan so‘zlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Yo‘l – transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan yer bo‘lagi yoxud sun'iy inshoot yuzasi. Yo‘l avtomobil va shahar elektr transporti yo‘llarini hamda trotuarlarni o‘z ichiga oladi.

Nosirjon Zokirov Foto: Kun.uz

Shunday savol bo‘lib qoladi: Yo‘lda nechta qatnov qismi bor? Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pchilik yo‘lning tarkibini, uning elementlarini bilmaydi. Buning natijasida o‘rnatilgan yo‘l belgilari yo‘lning qaysi qismiga amal qilishi borasida ham tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi.

Yo‘l trotuar yoki yo‘l yoqasini ham o‘z ichiga oladi. Uning asosiy qismi – qatnov qismidir. Barcha yo‘llar, toki 5.5 belgisi o‘rnatilmagan ekan, harakatlanish ikki tomonlama tashkil etilgan hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

Yo‘lda bir nechta qatnov qismi (yo‘lning relssiz transport vositalari harakati uchun mo‘ljallangan qismi) bo‘lishi mumkin. Yo‘l ikkita qatnov qismiga ega bo‘lishi uchun o‘rtada ajratuvchi bo‘lak (yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) ikkita 1.1 yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismi) bo‘lishi kerak.

Amaldagi Yo‘l harakati qoidalarida “1.1 yotiq chizig‘i” deb ketilgan va bu xato. Aslida, “ikkita 1.1 yotiq chizig‘i” yoki “1.1 yotiq chiziqlari” bo‘lishi kerak edi. Shundagina bu ajratuvchi bo‘lak sanaladi.

Foto: lex.uz

Haydovchilarning “polosani bosdim” yoki “YPX xodimi polosa uchun jarima yozib berdi” deyishi ham xato. Ruscha gapirganda ham “polosa” – bu harakatlanish bo‘lagi (avtomobillarning bir qator bo‘lib harakatlanishi uchun yetarlicha keng bo‘lgan, yo‘l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo‘l qatnov qismining har qanday bo‘ylama bo‘lagi).

Mabodo, yo‘lda 4ta harakatlanish bo‘lagi bo‘lib, unda ajratuvchi bo‘lak tashkil etilmasa, bu holda 1.3 chizig‘i chiziladi.

Bu holatda yo‘lning tarkibi qanday bo‘ladi? Bitta yo‘l bo‘ladi, bitta qatnov qismi bo‘ladi. Birinchi ko‘rib chiqilgan holatda bitta yo‘l va 2ta qatnov qismi bo‘lib, qatnov qismilarini ajratuvchi bo‘lak ajratib turgan bo‘lsa, ikkinchi holatda yo‘l ham qatnov qismi ham bitta bo‘ladi. Ikkisida ham bo‘laklar soni oltidan.

Mavzuga oid