O‘zbekiston | 12:42 / 20.11.2021
5573
4 daqiqa o‘qiladi

2225ta ish beruvchi emlanmagan xodimlari tufayli jarimaga tortildi

Foto: Getty Images

Respublikadagi budjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlarida 50056 nafar xodim emlanmagan holda faoliyat olib borayotgani uchun 2225ta ish beruvchiga nisbatan jarima solindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma'lum qildi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan xodimlarning koronavirusga qarshi emlanishini nazorat qilish maqsadida respublika bo‘yicha 27 923ta tekshirish o‘tkazildi.

Shundan 7 905tasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda, 20 018tasi budjet tashkilotlarida o‘tkazilgan.

Tekshirishlar davomida jami 50 056 nafar vaksina olmagan shaxslar aniqlanib, ularning 11 244 nafari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda, 38 812 nafari budjet tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlarini tashkil etdi.

Vaksina olmagan 26 008 nafar shaxs ishdan vaqtinchalik chetlatilgan.

2 225ta holatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 175 ta obektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish chorasi qo‘llandi.

Joriy yilning 2 avgust kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, mehnat qonunchiligiga xodim profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekaniga oid qo‘shimcha kiritildi. Ma'lum qilinishicha, quyidagi toifadagi xodimlar ixtiyoriy bo‘lmagan holda ommaviy emlanishi zarur:

  • aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat ko‘rsatish obektlari (davlat xizmatlari markazlari, O‘zbekiston pochtasi bo‘linmalari, advokatlik tuzilmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug‘urta kompaniyalari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalar) xodimlari;
  • barcha turdagi savdo (oziq-ovqat, xo‘jalik mollari, kiyim-kechak, dorixona va boshqalar) obektlari xodimlari;
  • sport maktablari hamda sport inshootlari, madaniy hamda ko‘ngilochar obektlar va dam olish maskanlari xodimlari;
  • mehmonxonalar, uy mehmonxonalari (hostellar), otellar, yotoqxonalar va kempinglar ishchi-xodimlari;
  • yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlari; davlat va nodavlat ta'lim muassasalari xodimlari; harbiy xizmatchilar;
  • umumiy ovqatlanish korxonalari, jumladan jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish nuqtalari, choyxona, to‘yxona, kafe va restoranlarning xodimlari, shuningdek, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar;
  • barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy obektlar xodimlari;
  • kommunal xizmat sohasi xodimlari;
  • aloqa va telekommunikatsiya obektlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari;
  • sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari.

“Yuqorida qayd etilgan xodimlar emlanishdan bosh tortgan holda ish faoliyatini davom ettirganda xodimga nisbatan chora ko‘rilmaydi. Ish beruvchiga jarima qo‘llanib, ushbu xodim ish beruvchi tomonidan ishdan vaqtincha chetlatiladi.

Bunday choralar emlanmaslik uchun asos bo‘ladigan hujjat mavjud bo‘lgan xodimlarga nisbatan qo‘llanmaydi”, deya ma'lum qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati dunyoning ayrim davlatlarida koronavirusga qarshi emlanmaganlar uchun kasallikka chalinganda davolanish hamda bepul test topshirish vakolati berilmasligini eslatib o‘tgan.

“Joriy yilning 9 noyabridan boshlab, Singapur davlatida koronavirus kasalligiga qarshi emlanmaganlar COVID-19ga chalinib qolsalar, ular endilikda shifoxonalarda bepul davolanish vakolatidan foydalana olmaydilar.

Germaniya davlatida esa joriy yilning 1 oktyabridan boshlab, 17 yoshdan yuqori bo‘lgan va koronavirus kasalligiga qarshi emlanmaganlar endilikda COVID-19ga tekshirish uchun bepul test topshira olmaydilar. E'tiboringiz uchun bitta testning narxi ushbu davlatda 43-128 YeVRO oralig‘idagi qiymatga to‘g‘ri keladi”, deyiladi SES xabarida.

Mavzuga oid