Jamiyat | 18:45 / 20.11.2021
44197
12 daqiqa o‘qiladi

«Kalmar o‘yini» - Agar filmni o‘zbek rejissyorlari olganda unda qanday muammolar aks etardi?

17 sentyabrda Netflix platformasiga joylashtirilgan Janubiy Koreyaning Squid game («Kalmar o‘yini») filmi 2 kunda platformaning top 10talikdagi kinosiga aylandi.

Foto: Netflix

To‘qqiz qismdan iborat mini serial hozir 100 dan oshiq davlatda xitga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinyapti, butun dunyo kino haqida gapirmoqda.

Squid game’ni tomosha qilgan zakiy tomoshabin uni shunchaki kino emas, balki Janubiy Koreyada kuchayib borayotgan ijtimoiy notenglik, uy xo‘jaliklari qarzlarining oshib borishi, past daromadli kishilarning og‘ir ahvoli aks etgan drama ekanini tezda payqab oladi.

Bu borada koreys jamiyatini qiynayotgan o‘nlab muammolarni qiziqarli bir filmga jamlay olgani rejissyor Xvan Don Xyokning katta muvaffaqiyati deyish mumkin.

Filmning e'lon qilingan so‘nggi qismini ko‘rib tugatarkanman (aytishlaricha, kino hali yakunlangani yo‘q), o‘zbek jamiyati haqida o‘ylayman. Xo‘sh, agar o‘zbekistonlik rejissyorlarga ham yetarli mablag‘ va erkin ijod imkoniyati yaratilib, deylik «Kalamushlar o‘yini» nomli film olish topshirilsa, ular jamiyatimizdagi qaysi muammoni ko‘tarib chiqqan bo‘lardi? Ya'ni bugun o‘zbek rejissyorlarini jamiyatimizdagi qaysi muammolar ko‘proq o‘ylantiradi, qiynaydi? Ayni shu savol bilan rejissyorlarga yuzlanaman.

Zulfiqor Musoqov
Mashhur kinolari: «Abdullajon», «Kichkina tabib», «Osmondagi bolalar», «Vatan».

CCO7bWJwlfUTDTb596bpKhmNLtcfgNGi.jpg (800×484)

— Jamiyatda muammolar juda ko‘p, bu borada o‘zbek jamiyati o‘ziga xos degradatsiya holatida deyish ham mumkin. So‘radingiz, aytaman. Meni ko‘p qiynaydi, odamlarning xususiy mulki savol-so‘roqsiz buzib tashlanaverishi, olib qo‘yilaverishi? Meni ko‘p qiynaydi, ayrim hokimlarning xalqqa qilayotgan zo‘ravonliklari chegara bilmasligi? Meni ko‘p qiynaydi, ayrim amaldorlar nega bunchalik noprofessional? Meni ko‘p qiynaydi, nega umid bilan qandaydir muammo haqida gapirgan, yuqoriga arz qilgan odamlar qayerdandir topilgan, yopishtirilgan ayb bilan qamalib qolaveradi?

Ochig‘i, men yoshimni yashab bo‘lgan odamman. Ijodni to‘xtatib, tinch yashashim ham mumkin, lekin xalqning muammolarini sezib, ko‘rib turib, qanday tinch yashashim mumkin? Axir, vijdoni bor odam nohaqlikni ko‘rib, jim turolmaydi-ku.

O‘ylashimcha, prezidentning ko‘plab ezgu ishlarini joylardagi ayrim amaldorlar yo tushunmayapti, yoki tushunib turib, xato bajaryapti. Kinolarimda shularni aks ettirishga intilaman.

Shu o‘rinda yana bir muammo haqida gapirib olsam. Odamlar mendan «Osmondagi bolalar 3»ni qachon olasiz, deya ko‘p so‘raydi. Olaman, menda hatto ssenariy ham tayyor. «Osmondagi bolalar 3» (film nomi «Yerdagi otalar») nomli filmda avvalgi qahramonlarning farzandlari hayoti haqida hikoya qilinadi. Men bu ssenariyni «O‘zbekkino» milliy agentligiga berganimga 1 yil bo‘ldi. Ammo mas'ullar har xil bahonalar bilan filmimga mablag‘ ajratishni paysalga solib kelyapti, hatto muhokamaga ham o‘tkazishmayapti. Aslida shu kinoyimda ham ko‘p muammolar haqida so‘z boradi.

Rustam Sa'diyev
Mashhur kinolari: «Sotqin», «Baron», «Kelgindi kelin».

— Savol o‘rinli va ayni paytda juda qiziqarli. Shu ma'noda, bugungi shaxsiy kuzatuvlarim va kinodagi faoliyatim orqali bilganim – yoshlarning hayoti, ularning muammolariga oid mavzular meni ko‘p o‘ylantiradi. Buning bir nechta sababi bor.

Birinchidan, hozir juda progressiv zamon. Internet olami cheksiz, ochiq va har qanday ma'lumot bilan to‘la. Savol tug‘iladi, undagi qaysi ma'lumotlar bizning jamiyatimizga to‘g‘ri keladi yoki kelmaydi?

Xulosa qilsak, yoshlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar internetda ko‘proq. Maqsadim – yaxshi bir film orqali shu boradagi savollarga javob topish.

Bugun biz rejissyorlar yoshlar internet orqali ko‘rayotgan va zaharlanayotgan illatlarga qarshi g‘oya bera oladigan filmlar ola bilishimiz kerak.

Shuningdek, sezamanki, bugun yoshlar va yoshi kattalar dunyoqarashi o‘rtasidagi tafovutlar juda kattalashib bormoqda. Menimcha, bu farq bunchalik tez kattalashib ketishi kerak emasdi. Tarixdan to shu paytgacha bu jarayonda doim me'yor bo‘lib kelgan. Nega bu me'yorlar bugun parchalanib boryapti? Men shu me'yor va uni parchalayotgan sabablar haqida kino qilmoqchiman.

Jahongir Ahmedov
Mashhur kinolari: «Omad», «Islomxo‘ja», «Ilhaq».

h0Yy6_6AooXvYkjMwyfjufnNlBX5Mxxr.jpg (1000×650)

— Siz bergan savolga meni anchadan beri o‘ylantirib yurgan achchiq bir muammo javob bo‘ladi deb o‘ylayman. Men bu haqda hatto kino suratga olishni ham o‘ylab qo‘yganman. Uning nomi – «Ona».

Biz ko‘pda buni yoddan chiqaramiz – jamiyatning buguni va kelajagi, farzandlarimizning taqdiri, qo‘yingki, hamma narsa onalar, ularning dunyoqarashi va bilimiga bog‘liq.

Biz o‘zbek jamiyatida onaning o‘rnini joyiga qo‘yishimiz kerak. Ishoning, bugungi muammolarimiz yana o‘n yillardan keyin ham o‘zgarmaydi, agarki biz qizlar, bo‘lajak onalar tarbiyasi borasida bugungi dunyoqarashimizni o‘zgartirmasak.

Inglizlar aytadi: Sen o‘zingni tarbiyala, farzanding baribir senga o‘xshaydi. Shu ma'noda biz hammamiz onalarimizga o‘xshaymiz. Bu savol hammamizni o‘ylantiradi, xo‘sh, bugungi yoshlarni qanday onalar tarbiya qilmoqda? Bugungi qizlarimiz ertaga qanday ona bo‘ladi?

Sarvar Karimov
Mashhur kinolari: «Sehrli qalpoqcha 1», «Sehrli qalpoqcha 2», «Sarvqomat dilbarim»

Foto: themag.uz

— Fikrimcha, sifatsiz ta'lim bugungi jamiyatimizning eng og‘riqli muammosidir. Siz istalgan muammoni gapiring, men uning sababini ta'limdan topib beraman.

Bugun O‘zbekistondagi ta'lim sifati (maktab, oliy ta'lim) juda yomon bahoga loyiq. Siz aytgan nomda kino olsam, unda albatta ta'lim mavzusi va muammolari yoritiladi.

Ruslan Mirzayev
Mashhur kinolari: «Snayper», «Jodugar», «Yondiradi, kuydiradi»

— Ilmsizlik. Ayni shu illat hozirgi o‘zbek jamiyatidagi barcha muammolarning doyasidir.

Bugun o‘zbekni ko‘p joyda tanishmasligi, xalqimizning ko‘plab sohalarda qolganlardan ortda ekanining sababi ham ilmsizlikdir. Ilmsiz xalq maishiylikka o‘ch bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring-chi, o‘zbek jamiyatida bugun qanday mavzudagi filmlarga talab yuqori? – Ha, maishiy mavzudagi. Aql, tafakkur talab qiladigan filmlarni bugun odamlar ko‘rmaydi, tushunmaydi. Xo‘sh, shunday jamiyatda rejissyorlar qanday kino olsin?

Fikrimcha, xalqning ilm darajasi hukumatning iroda darajasiga bog‘liq jihatdir.

Shavkat Komilov
Mashhur kinolari:«Zaharli tomchilar», «Farhod va Shirin», «Ko‘z yoshim».

— Atrofimizda og‘ir mehnati ko‘pda his qilinmaydigan bir soha kishilari bor, bu – YPX (yo‘l patrul xizmati) xodimlari.

Ijod sabab odatda uyga kech qaytaman. Tungi 1, 2, 3... Va shunda ko‘ramanki, aynan yo‘l patrul xizmati xodimlari har qanday vaqt va faslda ham oilasi hamda biz uchun mehnat qiladi. Shu insonlar hayoti haqida ham yaxshi bir film olsak yomon bo‘lmaydi.

Muxlisa Azizova
Mashhur kinolari: «Skorpion», «Ayol», «Meni ham eshiting».

Foto: weproject.media

— Uyda qizlarga, ayollarga qilinadigan maishiy zo‘ravonliklar meni eng ko‘p o‘ylantiradigan muammo, og‘riq. Qizlarning bu boradagi psixologik qiyinchiliklarini shu holatni ko‘rgan qizlargina tushuna oladi.

Bu mavzular bizda ko‘p vaqt tabu bo‘lib keldi va mana endigina gapirila boshlandi.

Statistika bo‘yicha qizlar va ayollarga bo‘ladigan zo‘ravonliklarning eng ko‘p foizi oilalarda ro‘y beradi.

Qizlar oilada o‘zi, onasi, opasi, kelinoyisiga bo‘ladigan zo‘ravonliklarni ko‘rib katta bo‘larkan, u kelajakda ham shunday oila qiladi. Bu psixologiyada isbotlangan amaliyot.

Oilasida zo‘ravonlik ko‘rmagan qizlarning kelajakda qurgan oilasi ham tinch bo‘ladi. Men ayni shu mavzuda yaxshi bir kino olishni orzu qilaman.

Shokir Xoliqov
Mashhur kinolari: «Bizni tushunishmaydi», «Choy», «Messi».

Foto: Shokir Xoliqovning shaxsiy arxividan

— Savolingizga kechroq javob yozyapman. Chunki shu savol atrofida bugun kun bo‘yi o‘ylandim, xayol surdim. Fikrimcha, bugun o‘zbek jamiyatini yemirayotgan, qiynayotgan eng katta muammolar bu — korrupsiya va monopoliyadir.

Bugun ayrim amaldorlar xalqning haqini, mulkini yaratguvchining, xalqning nafrati, jazosidan qo‘rqmay yemoqda, o‘g‘irlamoqda.

Shuningdek, meni odamlar topayotgan daromadlarning yashash uchun kerakli mahsulotlarga yetmasligi, oshib borayotgan narxlar sabab, odamlarning ishlash soatlari ham ortayotgani, migrantlarimiz ahvoli ko‘p o‘ylantiradi. Men kino olsam ayni shu mavzularda olaman.

Dilshod Ahmedov
Mashhur kinolari: «Fitna», «Omonat», «To‘qlikka sho‘xlik».

— Ishsizlik muammosini bugungi o‘zbek jamiyatining og‘riqli yarasi, deb hisoblayman. Bizning boshqa ko‘plab muammolarimiz ham ayni ishsizlik orqasidan kelib chiqyapti.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda o‘zbek yoshlari orasida ayrim dori vositalarini kayf-u safo ilinjida iste'mol qilish va unga qaram bo‘lib qolish holatlari urchimoqda. Agar hukumat bu muammoga hozir jiddiy e'tibor qilmasa, u ko‘p o‘tmay yechimi yo‘q, dahshatli muammoga aylanadi.

Feruz Bahodirov
Mashhur kinolari: «Zolushka», «Oliy ta'lim», «Uy».

— O‘zbek jamiyatida yolg‘on, odamlarning o‘z manfaati yo‘lida bir-birini uyatsizlarcha aldashi juda urchib ketgan illatdir.

Buni O‘zbekistonga chetdan kelgan insonlar tezda bilib olishi mumkin. Masalan, o‘tgan oy yaqin bir tanishim Amerikadan keldi. Uning 15 yoshli qizi bilan suhbatda eshitgan gapim meni dahshatga soldi. U aytdiki, «O‘zbekistonda odamlar yaxshi, lekin bir-birini juda ko‘p aldaydi...»

Film qilsam, uning mavzusi jamiyatda urchigan yolg‘onlar haqida bo‘ladi.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid