Jamiyat | 17:19 / 21.11.2021
50214
11 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto yo‘q – muammo ham». Blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan haftada ham o‘zbek blogosferasi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi. Kun.uz blogerlarning hafta mavzularini to‘pladi.

Shu yil oktyabrda UzAuto Motors yangi Captiva 5 sotuvga chiqarilganini e'lon qilgandi. Noyabr oyi o‘rtalarida UzAuto Motors kompaniyasining dilerlik punktlari yangilangan Chevrolet Captiva avtomobili uchun tuzilgan shartnomalarni bekor qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. 20 noyabr kuni UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Captiva 5 avtomashinasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni to‘xtatganini ma'lum qildi va buni «bugungi kunda jahon avtomobil sanoati og‘ir kunlarni boshdan kechirayotgani» bilan izohlab, o‘z mijozlaridan «keltirilgan noqulayliklar uchun cheksiz uzr so‘radi».

Mijozlar murojaatidan keyin 3 kun ichida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘langan barcha mablag‘lar to‘liq qaytarilishi, qo‘shimcha ravishda oldindan to‘lov summasining 5 foizi kompensatsiya sifatida taqdim etilishi bildirilgan.

«Zavod yo‘q, muammo ham yo‘q» – iqtisodchi UzAuto bilan bog‘liq muammolar va chegaradagi to‘siqlar haqida

«Kechadan buyon UzAuto Motors’ning Captiva bo‘yicha shartnomalarni bekor qilayotgani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ochig‘i zavod bilan bog‘liq bunday muammolar birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Oldin ham shu kabi muammolar bir necha marta sodir bo‘lgan (masalan, yetkazib berishning kechiktirilishi juda ko‘p uchraydi).

Bir necha kun oldin yozganimdek, bunday muammolarning eng yaxshi va eng to‘g‘ri yechimini tashqi savdodan izlash lozim. Ya'ni aynan tashqi savdoda muammolar bo‘lgani bois, ichki bozorda bu kabi holatlar sodir bo‘lmoqda. Agar vaziyat o‘zgarmasa, kelajakda ham sodir bo‘lishda davom etadi.

Keling, chegaralarni qisman ochish qanday natijalarga olib kelishi mumkinligi borasida fikr yuritib ko‘ramiz. Tasavvur qiling, hukumat avtomobil olib kirish uchun boshqa barcha to‘siqlarni olib tashlab, import qilingan avtomobil uchun 10 foizlik boj joriy qilsa hamda import qilinayotgan avtomobillar 15 foizga teng qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lasa, undan kelib chiqadiki, chegaradagi umumiy to‘siqlar 25 foizni tashkil etadi (hozirgi holatdan taxminan 3-4 marta pastroq). Chegaradagi to‘siqlarning bunday keskin pasayishi ortidan milliy zavodimiz chet ellik ishlab chiqaruvchilarga ichki bozorni butunlay boy bersa (ya'ni faoliyatini to‘xtatsa) hamda yengil avtomobillarning yillik iste'moli 350 mingtaga yetsa (albatta, iste'mol bu ko‘rsatkichdan biroz kamroq yoki ko‘proq shakllanishi ham mumkin), xo‘sh bu qanday natijalarga olib keladi?

Agar import qilinadigan yengil avtomobilning o‘rtacha narxi taxminan 10 ming dollarni tashkil etsa, unda yangi rejimda 10 foizlik bojlarning umumiy tushumi 350 mln dollar yoki taxminan 3,7 trln so‘mni tashkil etadi (0.1*350 000*10000). 15 foizlik QQSning umumiy tushumi esa 525 mln dollar yoki taxminan 5,6 trln so‘mni tashkil etadi (0.15*350 000*10000).

2020 yil ma'lumotlariga ko‘ra, zavod to‘lagan soliqlarning jami miqdori 2 trln so‘mni tashkil etgan. Agar e'tibor qiladigan bo‘lsak, chegaradagi bojlar pasaytirilib QQSdan olingan tushumlar zavod to‘lagan soliqlardan 2,8 marta ko‘proq. Ya'ni agar hukumat yuqoridagi qarorni qabul qilsa, budjetga soliq tushumlari kamaymaydi, balki qo‘shimcha 3,6 trln so‘mga oshishi mumkin. O‘ylaymanki, 10 foizlik boj tushumlari ham hozir import qilinayotgan avtomobillardan tushadigan tushumdan ancha ko‘proq ko‘rsatkichni tashkil qiladi (chunki ba'zi manfaatdor guruhlar, xususan, UzAuto Motors, turli imtiyozlar evaziga avtomobillarni bojlarsiz import qilmoqda). Ya'ni boshqacha aytganda, chegaradagi bojlarning men taklif qilayotgan darajaga tushirilishidan davlat budjeti hech qanday yo‘qotishga uchramaydi, balki budjet daromadlari sezilarli miqdorga oshishi mumkin», – deb yozdi Mirkomil Xolboyev.

Iqtisodchi agar zavod yopilib ketsa, hukumat ishchilarga ish topib olguncha oyliklarini to‘liq to‘lab turgan taqdirda ham bu hukumatning zavodga berib kelayotgan yoki berishga tayyor bo‘lgan imtiyozlaridan o‘n marta arzonroq tushishini ta'kidlagan.

«Bojlarni bekor qilish, ayniqsa, kambag‘allar uchun yaxshi»

Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham ayni bojlarni bekor qilish masalasiga e'tibor qaratdi.

«Bizdagi import bojlarining yo‘q qilinishi o‘zbekistonliklar real ravishda boyishiga olib keladi. Ayniqsa, daromadining asosiy qismini oziq-ovqat, kiyim, maishiy texnika kabi narsalarga ketkazuvchi insonlar eng katta manfaatdor bo‘ladi. Qo‘pol qilib aytsak, eng moliyaviy zaif insonlar import bojlaridan eng ko‘p zarar ko‘radi, chunki ularning daromadlari foizining katta qismi shuni to‘lashga ketadi. Ya'ni bu juda progressiv chora bo‘ladi. Import bojlarini bekor qilish – eng mantiqli va zararsiz ravishda O‘zbekiston aholisining moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun vosita. Ayniqsa, kambag‘al insonlar ahvolini yaxshilash uchun.

Fiskal qismini esa «foyda» va daromaddan olish kerak. Idealda, albatta «iste'mol»dan», – deb yozdi u.

Bor-yo‘g‘i 20 kun toza havo bilan

«Zametki ekonomista» kanali muallifi Botir Qobilov oxirgi uch yil ichida Toshkent shahridagi havo sifati haqida yozdi.

«2021 yilda havo sifati yaxshi (yashil rang) bo‘lgan kunlarning soni bor-yo‘g‘i 20ta ekan. Rang qancha to‘q bo‘lsa havo sifati shuncha xavfli degani. Bu yilgi noyabr oyiga qarang… (1 rasm)

Qizig‘i, 2020 yil aprel-iyul oylarida havo sifati bu yilgi o‘sha davrdan ancha yaxshiroq bo‘lgan. Sababi oddiy: karantin choralari tufayli kamroq avtomobil ko‘chada bo‘lgan, chiqindilarni atmosferaga chiqaradigan ba'zi zavodlar ishlamagan. Ya'ni havo o‘zidan o‘zi yomon bo‘lib qolmaydi, aksincha faqat va faqat bizning harakatlarimiz va qarorlarimiz unga sabab.

Eslatib o‘taman, o‘zimizning rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida atmosferaga chiqayotgan chiqindilarning 90 foizi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi», – ta'kidlaydi u.

Lug‘atlardan muammo so‘zini olib tashlaylik – bloger Xushnud Xudoyberdiyev

O‘tgan hafta strit-art rassomi «Inkuzart»ning benzin narxi tanqid qilingan graffiti keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bloger Xushnud Xudoyberdiyev ham shu mavzuga e'tibor qaratdi.

«Ko‘plab ijtimoiy masalalarda o‘zining ajoyib san'at asarlari bilan tanilgan strit-art rassomi «Inkuzart» benzin narxining keskin ko‘tarilishi mavzusida Toshkentdagi yonilg‘i quyish shoxobchasi oldidagi devorga graffiti chizdi. Ammo bu graffiti qisqa fursatlarda devordan o‘chirildi.

Uning o‘tgan galgi O‘zbekistonda avtomobillarga uzundan uzun navbatlar haqidagi graffitisi ham o‘chirilgan edi.

Menimcha, barcha lug‘atlardan «muammo» so‘zini o‘chirish hamda aholi orasida muomaladan butunlay chiqarish to‘g‘risida qonun qabul qilish kerak. Shunda O‘zbekistonda o‘z-o‘zidan birorta muammo qolmas, barchasi o‘z yechimini topar edi», – deya kinoyaomuz post qoldirdi bloger.

Maktab yetishmovchiligini yechish rejalari mavjud emas

Iqtisodchi Otabek Bakirov garchi bu jiddiy muammo bo‘lsa ham, hukumatning maktab yetishmovchiligi borasida rejalari yo‘qligi haqida yozdi.

«Umumiy quvvati 5 097,8 ming o‘rinli mavjud 9 803 ta maktabda 6 319,8 ming o‘quvchi o‘qimoqda. Ya'ni 1 222 ming o‘quvchi maktab yetishmovchiligi sharoitida ta'lim olmoqda. Bu 2-,3-smenalar, bir sinfda 45 tagacha o‘quvchi, eng muhim fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarning yetishmasligi kabilarda namoyon bo‘ladi.

Siz hukumat yaqin yillarda bu muammoni yechishga urinib ko‘radi yoki bu yo‘lda faol harakatlarni boshlaydi deb o‘ylaysizmi?

Hukumatning Tojikistonda, Qirg‘izistonda va hatto bizdan 3 karra boy Ozarboyjonda maktab qurish rejalari bor, lekin O‘zbekistonda maktab yetishmovchiligi muammosini yechishga xohishi ham, istagi ham yo‘q.

Kelasi uch yilda maktab yetishmovchiligi muammosi qisqarishi o‘rniga faqat ortadi va hukumatning prognoziga ko‘ra, yetishmovchilikni 2024 yilga borib yana qo‘shimcha 450 ming o‘quvchi, jami 1 687,4 ming o‘quvchi his eta boshlaydi.

Shuning uchun farzandingiz 50 o‘quvchi o‘qiydigan sinflarda o‘qishini, o‘zi quyiga ingan ta'lim sifatini yanada pasayishini oldindan o‘zingizga qabul qilavering», – deb yozdi u.

«Tezda zarur choralar ko‘rish lozim» – davletov.uz kanali yo‘llardagi YTHlar haqida

«Yil boshidan buyon salkam 2000 odam YTHlar natijasida vafot etgan. 2000ta qabr xuddi mana shunday ko‘rinishda bo‘ladi.

Bu bizni o‘ylantirishi kerak va tezroq zarur choralarni ko‘rish zarur. Yo‘llar infrastrukturasini yaxshilash, yo‘l qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, qoidabuzarlarga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta'minlash, piyodalar ustuvorligiga to‘laqonli erishish, imtihonlarda korrupsiyani yo‘qotish juda muhim.

Shaharlar avtomobillar uchun emas, jamoat transporti uchun, piyodalar uchun qulay qilib loyihalashtirilishi kerak. Odamlar ishga shaxsiy avtomobilida emas, jamoat transportida borish qulayligini his qilishi kerak», – deb yozdi bloger.

Kanadada istiqomat qiladigan bloger Farhod Fayzullayev ham bu haqda yozarkan, jarimalar miqdorining oshirilish kerakligini ta'kidlaydi. U «Prava» berishni korrupsiyadan xalos qilish kerakligi, avtomaktabda o‘qish majburiy bo‘lmasligi, lekin imtihon olishda korrupsiyaga barham berish shartligini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid