O‘zbekiston | 07:23 / 22.11.2021
4220
3 daqiqa o‘qiladi

Aksilkorrupsiya agentligiga qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish huquqi berildi 

Foto: Getty Images

«O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi

«Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi qonun 23-1-modda bilan to‘ldirildi, unga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaning sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish uchun o‘z vakolatlari doirasida qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish va zarur hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega.

«Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi, «Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunlar tegishli ravishda 8-2-, 25-2-, 26-2-moddalar bilan to‘ldirildi, ularda respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma'ruzani ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili milliy ma'ruza tayyorlaydi, u agentlik direktori tomonidan Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi. Fraksiyalar, Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari milliy ma'ruzani dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, ular Qonunchilik palatasi va Senatning majlislarida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinadi. Milliy ma'ruzani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasi va Senat qarorlarni qabul qiladi, ularda respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bo‘lishi mumkin, ushbu qarorlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuboriladi.
 
«Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonun 12-3-modda bilan to‘ldirildi, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari belgilandi.

JIKning 18-moddasi 3-qism bilan to‘ldirildi, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlariga o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish, zarur hujjatlar bilan tanishish huquqi berilishi belgilangan.

Mavzuga oid