Jahon | 23:06 / 28.11.2021
5062
2 daqiqa o‘qiladi

“Formula-1”ning Williams jamoasi asoschisi hayotdan ko‘z yumdi

Foto: Reuters

Britaniyalik biznesmen, 1977 yilda “Formula-1”ning Williams jamoasiga asos solgan Frenk Uilyams 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda Williams Racing jamoasi bosh direktori Yost Kapito ma'lum qildi.

Tadbirkorning o‘limi sababi ma'lum qilinmagan.

“Williams poyga jamoasi asoschimiz ser Frenk Uilyamsning vafotidan chuqur qayg‘uda. Ser Frenk sportimiz afsonasi edi. Uning vafoti jamoamizdagi va “Formula-1”dagi butun bir davrning tugashini anglatadi”, deb yozgan Kapito jamoaning Twitter’dagi sahifasida.

Frenk Uilyams avtosportdagi faoliyatini poygachi va mexanik sifatida boshlagan. U o‘zining birinchi poyga jamoasiga 1969 yilda asos solgan va keyinchalik uni tark etgan. Uilyamsning yangi poyga jamoasi Williams 1978 yildan o‘z poyga bolidlarini ishlab chiqargan.

Uilyams 1986 yilda Britaniya imperiyasi ordeni komandori darajasini olgan. 2020 yilda tadbirkor va uning qizi jamoa rahbariyatini tark etgan.

Mavzuga oid