O‘zbekiston | 09:53 / 02.12.2021
17048
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda chegarani buzib Afg‘onistonga o‘tishga uringan Fransiya fuqarosi ushlandi

Foto: IIB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida davlat chegarasini buzib Afg‘onistonga o‘tishga uringan Fransiya fuqarosi ushlangan. Uning sumkasidan psixotrop tabletkalar chiqqan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 26 noyabr kuni soat 19:00 larda Surxondaryo viloyati DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qism chegara naryadi va tezkor xodimlari tomonidan Fransiya Respublikasi fuqarosi T.M. Afg‘onistonga chiqib ketish maqsadida, Termiz tumani hududidagi temiryo‘l orqali piyoda tarzda noqonuniy ravishda davlat chegarasidan o‘tishga uringan vaqtda to‘xtatilgan.

So‘ng chegara qo‘shinlari tomonidan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlariga holat yuzasidan bojxona nazoratini amalga oshirish uchun xabar berilgan.

O‘sha kuni soat 20:30larda viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida T.M. xolislar ishtirokida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Tekshiruv paytida unga tegishli bo‘lgan kulrang ryukzak sumkasi ichida 26 dona «Topalgic 50 mg tramadol» nomli tabletka borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida xolislar ishtirokida olib qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid