O‘zbekiston | 10:55 / 04.12.2021
31471
3 daqiqa o‘qiladi

Manba: “Uchastkavoy”ning videomurojaati ortidan Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari ishdan olingan

Mayor Ahmadjonov ishdan olingani aytilmoqda. Avvalroq uning qo‘l ostida ishlagan inspektor internetda ochiq shikoyat bilan chiqqandi. O‘shanda IIV HPBB boshlig‘i Kun.uz'ga bergan intervyusida videodagi iddaolar isbotlanmaganini aytgandi. Shundan keyin sobiq inspektor ayrim dalillarni ochiqladi.

Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Aziz Ahmadjonov 28 noyabr kuni vazifasidan chetlatilgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u besh kundan beri ishga chiqmayapti.

Manbaning ta'kidlashicha, internetda tarqalgan videomurojaatlarga aloqador barcha xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Bu tekshiruvlar natijasida Quva tumani ichki ishlar bo‘limining yana bir nechta mulozimi intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi mumkin.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xizmat tekshiruvi yakunlanmagani bois mayor Aziz Ahmadjonov va boshqa mansabdor shaxslarning lavozimidan chetlashtirilganini tasdiqlay olmasligini, tekshiruv yakunlari bo‘yicha rasmiy ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Quva tumani Baynalmilal mahallasi profilaktika inspektori lavozimida ishlagan, ayni paytda vazifasidan chetlashtirilgan sobiq xodim Nozimjon Nishonov 9 noyabr kuni Facebook orqali ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamda vazirlikning Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirzayevga videomurojaat bilan chiqqandi.

Murojaatda Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmadjonovga nisbatan qator ayblovlar yangragan.

Nozimjon Nishonovga ko‘ra, profilaktika inspektorlari har kuni besh kishiga jarima yozishga majburlanadi, ba'zi vaqtlarda har bir xodimdan 55 ming so‘mdan yig‘ib olinadi.

Uning aytishicha, Ahmadjonov qariyb 100 bosh qoramol uchun mo‘ljallangan molxona qurilishida profilaktika inspektorlarini ishlatgan, har bir xodimga qaysidir qurilish materialini olib kelish bo‘yicha soliq solgan, yo‘rig‘iga yurmagan “uchastkavoy”larni shaxsiy tarkib oldida tahqirlovchi so‘zlar bilan kamsitib, haqorat qilib kelgan.

Mayor Aziz Ahmadjonov

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida xizmat tekshiruvlari davomida Quva tumani ichki ishlar bo‘limi rahbarlarining tamagirligi, profilaktika inspektorlarini molxona qurilishida ishlatgani bilan bog‘liq faktlar tasdig‘ini topmaganini aytgandi.

Biroq shundan keyin sobiq inspektor navbatdagi videomurojaat bilan chiqdi. Videoda Quva tumani IIB rahbarlaridan biri deyilayotgan shaxs inspektorni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagani eshitiladi.

Mavzuga oid