O‘zbekiston | 10:19 / 04.12.2021
3314
1 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 10 yoshli bolani urib yuborib qochib ketgan haydovchi ushlandi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 10 yoshli bolani urib yuborib qochib ketgan haydovchi ushlangan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Joriy yil 2 dekabr kuni Boysun tumanida ko‘cha chetida ketayotgan maktab o‘quvchisini o‘z mashinasida urib yuborgan haydovchi unga voqeani hech kimga aytmaslikni tayinlab, ko‘chaga tashlab ketgan. Bu haqda Kun.uz’da xabar berilgandan so‘ng haydovchi topilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, haydovchi 2003 yilda tug‘ilgan E.A. birovning mashinasini boshqarib ketayotganda tanishi bilan poyga o‘ynab bolani urib yuborgan.

Qayd etilishicha, hozirda haydovchiga nisbatan Boysun tumani IIB YHXB tomonidan ma'muriy chora ko‘rilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Jabrlanuvchi 10 yoshli Eldor Eshboyev hozir viloyat markazi Termiz shahridagi RShTYoIM filialiga yotqizilgan va unga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bolada ko‘z ko‘karish va yuz shilinish jarohatlari bor. Uning ahvoli qoniqarli.

Mavzuga oid