Jahon | 17:17 / 07.12.2021
23526
12 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik yoki urush. Putin va Bayden sammiti bo‘yicha nimalarni bilish muhim?

Seshanba kuni kechqurun AQSh va Rossiya prezidentlarining onlayn-formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. U qanday kechadi va muhokamalardan nima kutish mumkin?

SERGEI MALGAVKO/TASS

Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden seshanba kuni iyundan buyon ilk bor videoaloqa orqali muloqot o‘tkazadi, Oq uyning anons qilishicha, muloqotda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli asosiy mavzu bo‘ladi. Sharqiy Yevropada yangi katta urush boshlanishi mumkinligi haqida so‘nggi ikki oydan buyon Amerika maxsus xizmatlari (OAV orqali) ogohlantirib kelmoqda va bu tahdidlar reallikka aylanishi mumkinligiga yevropalik ittifoqchilarini ishontirmoqda. Ikki prezident murosa yo‘lini tanlay oladimi va Atlantikaning ikki sohilida bosqin haqida gapirishni bas qilishadimi - bu katta so‘roq ostida turibdi.

Uchrashuv qanday kechadi?

Jozef Bayden va Vladimir Putin uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi. Muloqot videoformat ko‘rinishida o‘tadi. Putin bu vaqtda Sochidagi qarorgohida, Bayden — Vashingtonda bo‘ladi.

Sammitda yana kimlar hozir bo‘lishi haqida hozircha ma’lum qilinmagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin amerikalik hamkasbi bilan uchrashuvlari oldidan har safar shu yo‘nalishda mas’ul bo‘lgan rossiyalik amaldorlar bilan yig‘ilish o‘tkazishini eslatib o‘tgan. «Hozirgi bosqichda ikki tomonlama munosabatlarga aloqador bo‘lgan barcha figurantlar Rossiya prezidenti bilan doimiy aloqada», — degan matbuot kotibi.

Bayden noyabr oyi o‘rtalarida xuddi shu formatda XXR raisi Si Jinping bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ularning muloqoti uch soatga yaqin davom etgan, unda ikki tomondan ham delegatsiya vakillari ishtirok etgandi.

Moskvadagilar Putin va Baydenning muloqoti ham yetarlicha uzoq davom etishini taxmin qilishmoqda.

Tomonlar muzokaralar yakunlariga ko‘ra qandaydir bayonot berilishi bo‘yicha kelishib olingani to‘g‘risida xabar qilmagan.

Bayden va Putin so‘nggi marta shu yil iyunida muzokara o‘tkazgandi - bu Jyenevada yuzma-yuz uchrashuv shaklida bo‘lgan. GETTY IMAGES

Ukraina masalasi

Bayden ham, Putin ham o‘zaro muloqot kunidan oldinroq o‘z maqsadlari haqida aniq aytishdi. Ammo hozircha bu pozitsiyalar bir-biriga mutlaqo zid ko‘rinishda.

Rossiya prezidenti 1 dekabr kuni Kremlda elchilarga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi vaqtida shunday dedi: «Hozirda bizning diplomatiya oldinda turgan birinchi galdagi vazifa - kuchli, ishonchli va uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga intilish hisoblanadi. AQSh va uning ittifoqchilari bilan muloqotda biz NATOning sharq tomon kengayish harakatlarini hamda Rossiya hududiga xavf solish darajasida yaqin joyda qurol tizimlari joylashtirilishini istisno etuvchi kelishuvlar ishlab chiqilishini talab qilamiz».

Putin bir necha bor ta’kidlaganidek, garchi hozir Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi kun tartibidagi masala bo‘lmasa-da, Moskva o‘ziga qo‘shni bo‘lgan davlatlar alyans tomonidan «harbiy o‘zlashtirilishi»ni yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan «qizil chiziq» deb biladi. Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari esa Rossiya bostirib kirmoqchiligi haqidagi xabarlar fonida Kiyevga harbiy yordam hajmini oshirdi va Kreml nuqtayi nazariga ko‘ra bu bilan «qizil chiziq»ni bosib o‘tdi.

O‘z navbatida, prezident Bayden 3 dekabr kungi brifingda Rossiyaning qo‘shni davlatga bostirib kirishini qiyinlashtirishga qaratilgan choralar va qadamlar ro‘yxatini tuzayotganini aytib o‘tdi. «Men Yevropadagi ittifoqchilar bilan doimiy aloqadaman. Hozirda men odamlar Putin qilishi mumkinligidan xavfsirayotgan ishni amalga oshirishni juda qiyinlashtiradigan tashabbuslar to‘plamini jamlayapman. Hozirda bu ishlab chiqish jarayonida», - degan Bayden aynan nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmasdan.

Muloqot arafasida CNN telekanali o‘z manbalariga tayangan holda agar Moskva Ukraina bilan mojaroga kirishsa, Oq uy Rossiyaga qarshi o‘ta qat’iy sanksiyalar paketi tayyorlayotgani haqida xabar berdi. Manbalarning aytishicha, sanksiyalar Putinning atrofidagilar - rossiyalik «oligarxlar»ga qarshi cheklovlar, banklar va energetika kompaniyalariga nisbatan choralar, Rossiya suveren qarziga qarshi sanksiyalar hamda potensial «yadroviy variant»— Rossiyani SWIFT banklararo pul o‘tkazish tizimidan uzib qo‘yishni o‘z ichiga oladi.

Mediadagi «urush»
Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirishi mumkinligi mavzusi Amerika nashrlarida oktabr oyidayoq tarqala boshlagandi - shundan buyon deyarli har hafta turli nashrlar Amerika razvedka hamjamiyatidagi manbalariga asoslangan holda Kremlning tajovuzkor rejalari to‘g‘risida yozib kelmoqda.

Rossiya chegaraga qo‘shin tashlagani haqida dastlab Washington Post yozdi, bir necha kun o‘tib Politico nashri chegara hududidan sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarni tarqatdi, Bloomberg agentligi esa go‘yoki Rossiyada sovetlar zamonidan buyon eng ko‘p miqdorda zaxiradagi askarlarning armiyaga chaqiruvi ro‘y bergani haqida yozdi.

Ammo jurnalistlarning hech biri chindan shunday voqealar bo‘layotganiga oid dalillar topa olishmagan.

SERGEI MALGAVKO/TASS

E’tiborli tomoni, dastlabki haftalarda ehtimoliy urush mavzusi Amerika nashrlarida keng yoritilgan bo‘lsa-da, Kiyevdagi rasmiylar bu borada qandaydir xavotirli bayonotlar berishga shoshilmadi, ular chegarada 2016 yoki 2018 yildagi bilan taqqoslaganda alohida e’tiborga molik holat kuzatilmayotganini ta’kidlashdi.

Ammo rus bosqini ehtimoli haqida faqat jurnalistlar emas, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bot-bot gapira boshlagach, Ukrainaning pozitsiyasi keskin o‘zgardi.

Ukrainaning deyarli barcha yuqori martabali harbiy amaldorlari Vashingtonga safarlar uyushtirdi, shundan so‘ng Ukraina rahbariyati ham Kremlning ehtimoliy tajovuz rejalaridan xavotir bildirishga kirishdi.

Nihoyat MRB direktori Uilyam Byorns Rossiyaga oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan kelgach, AQShdagilar yaqinlashib kelayotgan katta urush ehtimoliga ishonayotgani va bu borada Moskva bilan faol muzokaralar olib bormoqchi ekani ayon bo‘ldi.

1 dekabr kuni Stokholmdagi sammit doirasida Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida Ukraina masalasida munozarali muhokama bo‘lib o‘tdi. Bloomberg manbasining qayd etishicha, norasmiy kechki ovqatdan keyingi muzokara vaqtida Lavrov yana bir marta 2014 yilda Kiyevda davlat to‘ntarishi amalga oshirilganini aytgan, Davlat kotibi esa bunga javoban davlat to‘ntarishiga Viktor Yanukovichning odamlari yuzga yaqin namoyishchini otib tashlagani sabab bo‘lganini bildirgan.

Shu bilan birga, 6 dekabr kuni Britaniyaning Financial Times nashri AQShning Yevropadagi ko‘plab ittifoqchilari avvaliga Rossiyaning hujum rejalari to‘g‘risidagi xabarlarga ishonchsizlik bilan qaragani haqida yozib chiqdi.

«Jiddiy voqealar ro‘y berayotganiga ko‘plab ittifoqchilarning ishonchi komil emasdi. Biz razvedka ma’lumotlaridagi bu darajadagi farqdan hayron qoldik - qanday qilib va nima uchun AQSh ko‘rgan narsalarni biz ko‘rmaganmiz?» deydi gazeta suhbatdoshlaridan biri.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Vashington Yevropadagi ittifoqchilarni vaziyat jiddiyligiga ishontirish uchun razvedka ma’lumotlarini noodatiy darajada keng oshkor qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Bu Financial Times nashrida yoritilgan jarayon bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi, noma’lum, ammo 4 dekabr kuni nemislar tabloidi Bild Rossiyaning ehtimoliy bosqini rejasi aks etgan infografikani e’lon qildi. Undan xulosa qilish mumkinki, Putin go‘yoki nafaqat Ukrainaning janubi-sharqini, balki qo‘shni mamlakat hududining qariyb uchdan ikki qismini istilo etishni reja qilgan. Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova bu suratni ig‘vo deb atadi.

Rossiyadagilar nima demoqda?
Rossiya rasmiy shaxslarining pozitsiyasi Amerika nashrlaridagi ilk xavotirli xabarlardan keyingi bir oydan ortiq vaqt davomida ma’lum o‘zgarishlarga uchradi.

Washington Post va Politico nashrlaridagi ilk xabarlardan keyin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov qo‘shinlarning chegaraga tashlangani haqidagi har qanday faktni rad etib, amerikalik jurnalistlar ishini «sifatsiz chiqindi» deb atadi va geografiyaga e’tibor qaratib, rossiyalik harbiylar to‘plangan Yelnya shahri Ukrainadan ko‘ra Belarusga yaqinroq joylashganini aytdi. «Bu muhokama qilishga ham arziydigan holat emas. O‘zingiz ko‘rdingiz, videoda Ukraina bilan chegara haqida gapirishgan, lekin kadrda Belarus bilan chegara ko‘ringan», dedi u.

Kreml spikeri bu nashrlar tomonidan «bo‘sh, keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan asossiz chiqishlar» olib borilayotganini va Rossiya hech kimga hech qanday tahdid solmayotganini aytdi. Putinning o‘zi «Rossiya 24» uchun intervyusida Amerika nashrlaridagi maqolalarni «asossiz vahima» deb atadi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan ritorika o‘zgara bordi.

Endi barcha rossiyalik rasmiylarning pozitsiyasi shundan iboratki, qo‘shinlar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilayotgan bo‘lsa ham, bu Rossiya hududida ro‘y bermoqda va bu Rossiyaning ichki ishi hisoblanib, qo‘shnilardan hech biriga tahdid solmaydi.

«Biz o‘z hududimizda harbiylarni harakatlantirish huquqiga egamiz, ammo qandaydir keskinlashuv haqida gap yo‘q», dedi masalan Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

Shu bilan birga, Moskva aksincha Ukraina Donbassda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarga (DXR va LXR) hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida va go‘yoki mintaqadagi tutashuv chizig‘iga o‘z armiyasining yarmini olib kelgani, bu yerda hujumga o‘tish uchun 125 ming kishilik qo‘shin shakllantirilgani haqida gapira boshladi.

«Ukraina qutqulanmoqda, bu esa Kiyevda Minsk kelishuvlarini sabotaj qilish kayfiyatini uyg‘otib, mojaroni harbiy yo‘l bilan hal etish illyuziyasini oziqlantiradi», dedi Lavrov.

ANADOLU AGENCY

Rossiya tashqi razvedkasi esa Ukraina sharqida bo‘layotgan hodisalarni 2008 yil Janubiy Osetiyadagi urush arafasida ro‘y bergan voqealar bilan taqqosladi.

«Xuddi shunday vaziyatni biz Gruziyada 2008 yil voqealari arafasida kuzatgandik. O‘shanda Mixail Saakashvili «zanjirni uzgan» va Janubiy Osetiyadagi tinch aholi va rossiyalik tinchlikparvar kuchlarni yakson etishga uringandi. Bu unga qimmatga tushgandi», deyiladi tashqi razvedka xizmati bayonotida.

2008 yilda Moskva Gruziyada «tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amaliyot» boshlashi uchun asos sifatida Tsxinvalida rossiyalik tinchlikparvar kuchlar askari halok bo‘lgani keltirilgandi. Hozirda Ukraina sharqida rossiyalik tinchlikparvarlar yo‘q, ammo so‘nggi yillarda bu yerda yuz minglab kishilarga Rossiya pasportlari berildi. Rossiyaning bu yangi fuqarolarining ayrimlari, masalan, ikki respublika rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnik «Yedinaya Rossiya» partiyasiga a’zo bo‘lishga ham ulgurdi.

Yangi ziddiyat ehtimolini to‘liq rad etishdan Ukraina armiyasi mustaqil respublikalarga hujum qilishga tayyorlanayotgani haqidagi bayonotgacha bir oydan oshiq vaqt o‘tdi, mantiqan qaralsa, Moskvaning ushbu mojaroga qandaydir aralashuvini kutish mumkin, Rossiya 1 dekabrdan Janubiy harbiy okrugda 10 ming harbiy xizmatchi ishtirokida rasmiy manyovrlar boshladi.

Mavzuga oid