Jahon | 19:26 / 08.12.2021
45104
8 daqiqa o‘qiladi

«Nafas rostlash uchun muhlat». Bayden Putin bilan gaplashib oldi, bu yog‘iga nima bo‘ladi?

AQSh va Rossiya prezidentlari joriy yilda ikkinchi bor muzokara o‘tkazdi - videokonferensiya rejimida ikki soat. Jo Bayden agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, G‘arb «qat’iy iqtisodiy va boshqa choralar» qo‘llashi haqida ogohlantirdi, Vladimir Putin esa NATO sharqqa tomon kengaymasligi uchun kafolat talab qildi.

Foto: Reuters

Muloqotdan keyin tomonlarning bayonotlari e’lon qilindi - Kremlniki Oq uynikidan ancha keyinroq. Bu safar ikki versiyada deyarli tafovutlar bo‘lmadi. Oq uy bayonotida birinchi navbatda rossiyaliklarning Ukrainaga ehtimoliy hujumiga javoban sanksiyalar kiritilishi haqida gap ketgan, Kreml Putin Bayden bilan sanksiyalar masalasida gaplashgani hamda Ukraina masalasini muhokama qilganini tasdiqladi.

Endi nima bo‘ladi?

Birja ijobiy reaksiya qildi
«Interfaks»ning xabar qilishicha, chorshanba kuni Moskva birjasidagi savdolar boshida AQSh dollari va yevro kurslarida o‘zgarishlar sezilarli bo‘lmagan, noaniq tashqi signallar fonida rubl ikki valuta savatiga nisbatan barqarorlik saqlab qolgan.

Agentlik ekspertlarga tayangan holda Putin va Bayden muzokaralari yakunlari bo‘yicha «geosiyosiy keskinlik nisbatan pasaygani»ni rubl uchun ijobiy signal deb atagan.

Chorshanba kuni fond bozori Rossiya kompaniyalari uchun o‘sish bilan ochildi. Ekspertlar buni ham jahon fond bozoridagi ijobiy dinamika bilan, ham muzokaralarning «ijobiy yakuni» bilan bog‘lashmoqda.

Jamoalarga berilgan topshiriqlar
Oq uyning bayonotida ham, Kremlnikida ham Putin va Bayden o‘z jamoalariga topshiriqlar bergani aytiladi. Vashington talqiniga ko‘ra, ikki prezident Ukraina chegarasidagi vaziyatni yumshatish bilan bog‘liq «choralar ko‘rish» haqida ko‘rsatma bergan. Moskva versiyasiga ko‘ra esa ular «nozik masalalar» bo‘yicha «o‘z vakillariga mazmunli maslahatlashuvlarga kirishishga ko‘rsatma berishga kelishib olgan».

Putin nozik masalalar sifatida «NATO Ukraina hududini o‘zlashtirishda xavfli harakatlar qilayotgani» va Rossiya chegaralari yaqinida «harbiy qudratini oshirayotgani»ni ko‘radi, shu tufayli Moskva NATOning sharq tomon kengayishi istisno qilingan ishonchli, qonunda mustahkamlangan kafolatlarni olishni istaydi.

Rossiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Bayden Putinga NATOning sharqqa tomon kengayishi haqidagi Rossiyaning xavotirlarini «ittifoqchilar bilan» muhokama qilishini aytgan.

Putin va Bayden keyingi muzokaralarni qachon o‘tkazishi noma’lum. Ushakov jurnalistlarga prezidentlarning keyingi muloqoti sanasini taxmin qilish «hatto biroz ahmoqlik» bo‘lishi haqida gapirdi.

«Ular bu borada kelishib olishmadi. Ammo amerikaliklar bilan videokonferensiyalar tashkil qilish va o‘tkazish, keyin esa kelgusidagi aloqalar haqida o‘ylash va betaraf hududda prezidentlar uchrashuvini uyushtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish haqida kelishuv bor edi», deya Ushakovning so‘zlarini keltiradi «Kommersant’».

Bundan tashqari, Bayden payshanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan gaplashmoqchi, uning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning xabar qilishicha, u Putin bilan muloqoti haqida Fransiya, Germaniya, Italiya va Britaniya rahbarlarini xabardor qilgan.

Sallivanning qayd etishicha, Bayden Ukraina NATOdan tashqarida qolishi borasida majburiyat olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mamlakat hududiga bostirib kirilgan taqdirda, AQSh Ukrainaga avvalgidan ham ko‘proq harbiy yordam taqdim etib, Yevropa sharqiga qo‘shimcha kuchlar joylashtirishga tayyor.

«Biz 2014 yilda qilmagan ishimizni hozir qilishga tayyormiz», deya tahdid qilgan Sallivan G‘arbning Qrim anneksiya qilingandagi harakatsizligiga ishora qilib.

Sanksiyalar - «yangilik emas»
Bayden Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashganidan xavotir bildirgan hamda «AQSh va uning ittifoqchilari harbiy eskalatsiya yuzaga kelgan taqdirda qat’iy iqtisodiy va boshqa choralar bilan javob qaytarishi»ni aytgan. Oq uy suhbatning sanksiyalarga doir qismini shunday tasvirlagan.

«AQSh prezidenti ehtimoliy sanksiyalar haqida gapirdi, bizning prezident esa - sanksiyalar Rossiya uchun yangilik emasligi, ular yetarli darajada uzoq vaqtdan buyon qo‘llab kelinayotgani, ammo bu na AQShga, na Rossiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini aytib o‘tdi», deya bu jihatni izohlagan Ushakov.

Rossiya prezidenti yordamchisi jurnalistlar «Shimoliy oqim-2» bo‘yicha savol berishini kutmasdanoq, bu masala muhokama qilinmaganini aytdi. «Ehtimoliy savollar haqida oldindan aytishim mumkin: pandemiya masalasiga tegilmadi, iqlim muammosi va energetika muammolari ham muhokama qilinmadi», degan u.

Bayden Putin bilan gaplashayotganida yolg‘iz bo‘lmagan. Foto: twitter.com/WhiteHouse

Avvalroq AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland amerikalik senatorlar bilan gaplashganida Vashington va yevropalik ittifoqchilar Rossiyaning Ukrainaga hujumi ro‘y bersa, sanksiyalarning «to‘liq variantlari» ko‘rib chiqilishini aytgandi.

«Biz muhokama qilayotgan narsa - Rossiyani amalda jahon moliya tizimidan uzib qo‘yish bilan barobar bo‘ladi», dedi u. Avvalroq CNN telekompaniyasi Amerika hukumati sanksiya variantlari sifatida Rossiyani SWIFT banklararo pul o‘tkazish tizimidan uzib qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi, Bloomberg agentligi esa rubl konvertatsiyasini cheklash ehtimoli haqida yozgandi.

«Nafas rostlash uchun muhlat bo‘ladi»
Rossiyalik ekspertlar Vashington va Moskva munosabatlarida keskinlik yumshashini kutishmoqda.

«Muzokaralar arafasida tomonlar muzokaralarga qanday pozitsiyalarda borayotgani to‘g‘risida bir-biriga signallar yuborishdi. Amerikaliklar «dahshatli» sanksiyalar haqida gapirishdi, biz janubiy-sharqiy yo‘nalishda [harbiy] manyovrlar amalga oshirdik, ammo hozirda, menimcha, qandaydir nafas rostlash uchun tanaffus bo‘ladi», degan RIA Novosti muxbiriga Rossiyaning Xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi dasturiy direktori Ivan Timofeyev.

Uning kengashdagi hamkasbi Andrey Kortunov ikki prezident o‘rtasida yangi muloqot o‘tkazilgani faktining o‘zini ijobiy baholaydi. «Albatta, endi, hech qanday «Rossiya hujumi» bo‘lmasa, Bayden bu muloqotni o‘z hisobiga yozib qo‘yishi mumkin», deydi u «Rossiyskaya gazeta»ga.

Kreml oktabr oyidan buyon, ya’ni Amerika nashrlaridagi ilk xabarlardan buyon Ukrainaga hujum qilish bo‘yicha hech qanday rejasi yo‘qligini aytib keladi.

«O‘rinli» hazillar
Roppa-rosa ikki soat davom etgan (Ushakovning hisobi bo‘yicha) muzokaralar chog‘ida Putin va Bayden bir-biriga hazil qilishga ham ulgurdi.

«Qachonki jiddiy va aqlli odamlar o‘zaro gaplashar ekan, ular ba’zida qandaydir uzun iborani osonlashtirish uchun uni qisqaroq va kulgiliroq qilib yetkazadi, lekin bu vaziyatni yanada tushunarli qiladi», deydi Rossiya prezidenti yordamchisi.

«Bir necha hazillar bo‘ldi va ular juda o‘rinli edi - Amerika tomonidan ham, albatta, tabiiyki, bizning prezident ham bunday pallada qanday harakat qilishni biladi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Bayden va Putin iyun oyida ilk muzokaralarni o‘tkazgandi, o‘shanda ular Jyenevada yuzma-yuz ko‘rishgandi. O‘sha muzokaralardan keyingi yagona sezilarli natija Moskva va Vashingtonga elchilarning qaytishi bo‘lgandi.

Mavzuga oid