Iqtisodiyot | 09:47 / 08.12.2021
14955
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga 11 oy davomidagi kartoshka importi 2020 yilgi ko‘rsatkichdan oshib ketdi

2021 yil yanvar oyi boshidan noyabr oyi oxirigacha O‘zbekiston 455,8 ming tonna kartoshka import qildi, deya xabar bermoqda EastFruit tahlilchilari O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma'lumotlariga tayanib. 

Foto: kabar.kg

Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 2021 yilning 11 oyi davomida ushbu mahsulotlar importi hajmi butun 2020 yildagi importdan 8 foizga oshib ketgan. 

Oldingi rekord o‘tgan yili qayd etilgan edi: EastFruit tahlilchilari ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonga kartoshka importi 421 ming tonnani tashkil qilgan, bu undan avvalgi yilga nisbatan qariyb bir yarim barobar ko‘p. 

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha yil ichida kartoshka O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘ining asosiy import pozitsiyasiga aylandi, 2017 yildan boshlab uning importi hajmi keskin oshdi, bungacha kartoshka importining yillik hajmi 50 ming tonnadan ortiq bo‘lmagan. 

2021 yilda O‘zbekistonga kartoshkani asosan Eron, Qozog‘iston, Pokiston, Qirg‘iziston va Niderlandiya yetkazib bergan bo‘lib, ular umumiy importning 95-99 foizini tashkil qiladi. 

Biroq, 2021 yil noyabr va dekabr oyi boshlarida import hajmi bo‘yicha reytingning dastlabki uch pog‘onasini egallab turgan va O‘zbekistonga ushbu mahsulotlarni yetkazib beruvchilarga nisbatan salbiy xabarlar paydo bo‘ldi. 

2021 yil 12 noyabr kuni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi 25 sentyabr kunidan boshlab Eron va Pokistondan olib kirilgan kartoshka mahsulotlarida O‘zbekiston hududi uchun karantin ahamiyatiga ega xavfli zararli organizmlar – oltinrang va nimrang nematodalar bilan zararlanish holatlari tizimli ravishda aniqlanayotganini xabar berdi. 

Oltinrang va nimrang nematodalar kartoshka yoki boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligini 80-90 foizgacha yo‘q qiluvchi xavfli organizm sanaladi. Nematodalarning butun dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi ekinlariga yillik zarari 100 milliard dollardan ortishi hisoblab chiqilgan.

Joriy yilning avgust oyidan 11 noyabr kuniga qadar respublika hududiga 110 ming tonna iste'mol kartoshkasi olib kirilgan bo‘lib, shundan 104 ming tonna mahsulotga talablarga muvofiqligi to‘g‘risida fitosanitar sertifikatlar taqdim etilgan. Nematodalar aniqlangan iste'mol kartoshka mahsulotining 3 525 tonnasi (3,2 foiz) eksportyor davlatga qaytarilgan. 775 tonna mahsulot esa (0,7 foiz) tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qaytarish imkoniyati yo‘qligi tufayli maxsus obektlarda yo‘q qilingan.

Kartoshka importi bo‘yicha yana bir yomon xabar dekabr oyi boshida paydo bo‘ldi. Qozog‘iston 3 oy muddatga mamlakatdan kartoshka va sabzi olib chiqishni vaqtinchalik taqiqlamoqda. Ushbu qaror ichki bozorda taqchillik yuzaga kelishini bartaraf etish va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida qabul qilindi. Cheklovlar dekabr oyi oxirida kuchga kiradi. 2021 yilning 9 oyida Qozog‘istonning O‘zbekistonga kartoshka importi umumiy hajmidagi ulushi 29 foizni tashkil etdi. 

2021 yilning yanvar oyi boshidan sentabr oyi oxirigacha joriy yil hosilidagi kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi dinamikasi o‘tgan yilga o‘xshash bo‘lib, narxlar taxminan 2020 yilgi darajada bo‘ldi. Ammo Rossiya kartoshka bozoridagi ajiotaj tufayli 2021 yil sentabr oyi oxirida O‘zbekistonda kartoshka narxi domino effekti bilan qimmatlasha boshladi. Oradan uch hafta o‘tib, bor-yo‘g‘i bir hafta ichida – 2021 yil 14 oktyabrdan 21 oktyabrgacha ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxlari bir kilogrammga 3 500 so‘mdan 5 000 so‘mga (0,33 dollar – 0,47 dollar) oshdi, ya'ni 43 foizga. 

Shu bilan birga, kartoshka narxining yanada o‘sishini cheklovchi omil sifatida 2021 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi Soliq kodeksiga bir qator mahsulotlar, shu jumladan kartoshkani import qilish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) nolga tenglashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma'qulladi. Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha ko‘rsatilgan tovarlarni olib kirish va sotish QQSdan ozod qilingan.

2021 yil 4 noyabrdan joriy sanaga qadar O‘zbekistonda kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi 4 500 so‘m/kg (0,42 – 0,51 dollar)ni tashkil etadi. 3 dekabr holatiga kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi 5000 so‘m/kg (0,46 dollar)ni tashkil qildi, bu 2020 yilning shu sanasiga nisbatan 43 foizga va 2019 yilning shu sanasiga nisbatan 2,2 baravar yuqori. 

Mavzuga oid