O‘zbekiston | 13:19 / 13.12.2021
26929
4 daqiqa o‘qiladi

Nega PayPal'ning O‘zbekistonga kirish niyati yo‘q? - kompaniyaning o‘zbekistonlik dasturchisi bilan suhbat

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda PayPal tizimiga qo‘shilmagan yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. Kun.uz biroz avval kompaniya O‘zbekistonga kirish niyati yo‘qligi haqida xabar bergandi. O‘zbekistonlik dasturchi bu borada fikrlarini bildirdi. Nega PayPal O‘zbekistonga kirish niyatida emas?

Foto: Reuters/Uzbek.life

2018 yil iyun oyida Paypal O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni istayotgani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank 2020 yil oktyabrda PayPal bilan bog‘liq vaziyatga izoh berib, PayPal faoliyatiga cheklovni O‘zbekiston o‘rnatmaganini, kompaniya o‘zi mamlakatga kirish niyati yo‘qligini bildirdi. 2021 yilning may oyida ham bu borada yangilik yo‘qligi ma'lum qilindi.

PayPal’da dasturchi bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlik Og‘abek Yo‘ldoshev bu borada Kun.uz’ga bir nechta taxminiy sababni aytdi.

“Menda bu haqda aniq javob yo‘q, O‘zbekistonga PayPal’ni olib kelish uchun mitinglarda qatnashganman. Fikrlarimni yuqori boshqaruvga bildirganman, biroq aniq javob ololmaganman. Taxminiy 2ta sababni keltira olaman.

Birinchidan, biznes muhiti va ehtiyojning yuqoriligi. O‘zbekistonga PayPal kirishi kompaniyaga foyda bo‘lishi kerak. Biznes foyda bilan tirik. Agar foyda qilolmasa yoki foyda past bo‘lsa risk qila olmaydi. Chunki O‘zbekistondagi PayPal yordam berishi kerak bo‘lgan tranzaksiyalar soni pastroq. PayPal xorij bilan O‘zbekistonga pul o‘tkazish masalasida ishlayman deydigan bo‘lsa, mamlakatda bunaqa bizneslar rivojlanishi oqibatida PayPal’ga ehtiyoj misollari kam.

Ikkinchidan, texnik jihatlar, infrastruktura masalasi.

Jamoada ishlaganim uchun tushunamanki, PayPal’dagi xizmatlarni O‘zbekiston misolida bajarish qiyinroq, chunki O‘zbekistonda fuqarolar ma'lumotlarining avtomatlashtirilmagan qismlari ko‘proq. Masalan, PayPal’ning xizmatlarini bajarishimiz uchun O‘zbekistondagi fuqarolarning ma'lumotlarini yig‘ishimiz kerak bo‘ladi. Chunki u shunchaki pul o‘tkazish bilan shug‘ullanmaydi. U pul o‘tkazuvchi va qabul qiluvchining himoyasi bilan shug‘ullanadigan biznes. Uning himoyasi bilan shug‘ullangani uchun ma'lumotlarni to‘plab avtomatik tarzda qaysi tranzaksiya yaxshi va qaysi yomonligini aniqlash kerak. Bu uchun ko‘p ma'lumot kerak bo‘ladi. Ma'lumotsiz tranzaksiyalarning qaysi soxta yoki firibgarlik ekanini aniqlab bo‘lmaydi. AQSh va boshqa rivojlangan davlatlarda ma'lumotlar yaxshi shakllantirilgan tarzda beriladi. PayPal shu ma'lumotlarni qayta ishlaydi. Bu infrastruktura masalasi”, — deydi dasturchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ma'lumotlar O‘zbekiston hukumati tomonidan yig‘ilmagan bo‘lishi ehtimoli bor va shu muammolar sababli kompaniya O‘zbekistonga hali kirish niyati bo‘lmasligi mumkin.

“Bular qanday ma'lumotlar? Hamma ma'lumotni ochiqlay olmayman. Aytishim mumkin, yashash turar joyi (ma'lum aktuallikdagi), oxirgi telefon raqam va e-mail’lari, yashash joyining lokatsiyasi, har bir odamning soliq to‘lagandagi ma'lumotlari davlatdan so‘raladi va boshqa bir qancha O‘zbekistonda yig‘ilishi odat bo‘lmagan ma'lumotlar so‘raladi. Shundan keyin PayPal’da har bir shaxsning profili bo‘ladi. Shunda PayPal xavfsizlikni ta'minlab beradi. Bizda o‘sha ma'lumotlar umuman yig‘ilmagan bo‘lishi mumkin”, — deydi Og‘abek Yo‘ldoshev.

U ma'lumotlarni yig‘ib berish masalasi O‘zbekiston hukumati zimmasida qolayotgani bois, infrastruktura masalasida O‘zbekiston tomoni oqsayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Mavzuga oid