«Kimlarni hokim qilib tayinlab yuribmiz?» - xizmatlar sohasidagi o‘sish darajasi past tumanlar sanaldi
Xizmat ko‘rsatish sohasiga 500 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi.
Bugun, 14 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat rahbari sohada 20 foiz o‘sish qayd etilganini bildirdi.
«Yil yakunlanyapti, kelgusi yilga zamin yaratyapmiz. Birorta soha yo‘qki, e’tiborsiz yoki zarur mablag‘siz qoldirilgan bo‘lsa. «Inson qadri uchun» deya va’da berdik, endi barchasini birma-bir amalga oshirishimiz lozim. Mana, bugungi soha – xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 500 mln dollar ajratyapmiz.
Pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolar tahlil qilinib, ularning yechimi bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi.
Joriy yilda 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin, 5ta tuman va shaharda 10 foizdan ham kam o‘sish kuzatilgan. Quvada – 5 foiz, Marg‘ilon, Beshariq, Taxiatoshda – 6 foiz, Dang‘arada – 7 foiz.
Endi savol tug‘iladi – biz kimni hokim qilib tayinlab yuribmiz? Mana, kuni kecha Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim yordamchilari bilan gaplashganimda «men hokim bo‘lmoqchiman» deb hokimning oldida aytyapti. Men juda xursand bo‘ldim, chunki raqobat paydo bo‘lyapti, kadrlar zaxirasi shakllanyapti», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Hududlarga sayyohlarni jalb etish uchun sharoitlarni yaxshilash masalasiga e’tibor qaratilgan.
«Bugun viloyat hokimlari boshqa mas’ullar bilan birga, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish orqali, kelgusi yilda xizmatlar sohasida kamida 50 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha rejalarini bildirsin.
Bunda, aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, hududlarda xizmatlarni 3ta yo‘nalishda rivojlantiramiz. Xizmatlar 158ta qishloq tumanlarining ixtisoslashuvidan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Ushbu tumanlarning 70 tasida 150 minggacha, 88tasida 300 minggacha aholi yashaydi.
Eng avvalo, yirik turistik obektlari mavjud 45 ta hamda 40 ta tog‘li va tog‘oldi tumanda «tayyor loyiha» asosida, turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Parkent, Shahrisabz, Qamashi, Boysun, Sariosiyo, Kattaqo‘rg‘on kabi 25ta tuman hokimlari turizmni rivojlantirish uchun, yo‘l, mobil aloqa va tezkor internet masalasini hal qilib berishni so‘ragan.
Masalan, Shahrisabz tumanining «Navro‘z», «Miraki», «Oqdaryo» va «Hisor» hududlariga yiliga 500 mingga yaqin sayyohlar keladi. Lekin, yo‘l, mobil aloqa va internet, mehmonxona, umumiy ovqatlanish infratuzilmasi rivojlanmagani bois, sayyohlar bir kunga kelib, ularga o‘rtacha 150 ming so‘mlik xizmat ko‘rsatilmoqda.
Agar 60 milliard so‘m evaziga, ushbu hududdagi 65 kilometr yo‘lni ta’mirlab, internet va mobil aloqa hal qilib berilsa, xizmatlar 3-4 barobarga oshadi. Bu orqali, 45ta qishloqda 2 mingta mehmon uyi, 5ta mehmonxona, 100ta ovqatlanish va savdo shoxobchalarini tashkil etsa bo‘ladi.
Xuddi shunday, Qamashida jahonda sanoqli va noyob bo‘lgan «Maydanak» observatoriyasi hamda 14-asr yodgorligi hisoblangan «Langar ota» masjidi butun dunyodan turistlarni jalb qiladi. Biroq, ushbu obektlarga olib boruvchi 38 kilometr yo‘l ta’mirtalab bo‘lgani uchun (40 milliard so‘m zarur), Maydanakning salohiyatini to‘liq ishga solib bo‘lmayapti. Agar yo‘l, infratuzilma qilmasak, hech qachon rivojlanmaymiz. Yo‘l yo‘qligi uyat emasmi axir!» degan prezident.
Endi turistik salohiyati yuqori bo‘lgan tumanlarning «master plani» ishlab chiqilib, zarur infratuzilma bilan ta’minlanishi, yerlar tadbirkorlarga tayyor loyiha bilan auksionga chiqarilishi ma’lum qilingan.
«Bu ishlarni dastlabki bosqichda boshlashi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, ikki oy muddatda xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazib, kelgusi yilda turistik hududlarda infratuzilmani yaxshilashga 100 million dollar jalb qilinsin», deydi davlat rahbari.
Mavzuga oid
16:15 / 19.12.2024
Poyezdda yo‘lovchilarga choy, ichimlik suvi va shakar bepul beriladi
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
13:18 / 13.08.2024