Chempion hikoyalari: Agueroning oltin golini eslab
Yozda «Barselona»ga kelib qo‘shilgan Serxio Aguero sog‘ligidagi muammolar tufayli futbolni tark etayotganini ma’lum qildi. Har qanday futbolchi ham bir kun faoliyatini tugatadi, ammo u hali yosh, yana ko‘plab o‘yinlarda chiroyli gollar urish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan holda ketishi baribir biroz og‘ir ta’sir qiladi.
Ammo boshqa tarafdan aytish mumkinki, u yana qancha o‘ynab, qanday gollar urmasin, neki sovrinlar yutmasin, nomini tarixning boshqa sahifasiga yozib bo‘lgan. Baribir Aguero deganda hammamiz «Siti» futbolkasini silkitib, dunyodagi eng katta golni nishonlayotganini tasavvur qilaveramiz. Quyida ushbu voqea haqida atroflicha to‘xtalingan.
U shubhasiz, futbol tarixida o‘rin tutadi: «Atletiko» bilan Yevropa Ligasi kubogini qo‘lga kiritgan, «Manchester Siti» safida Angliyadagi barcha sovrinlarni, terma jamoada uzoq kutilgan Amerika Kubogi... Faqat Chempionlar Ligasi yo‘q, xolos.
O‘zining 379 goli bilan dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri, APLda eng ko‘p gol urgan xorijlik futbolchi. Ammo bir gol hammasidan ham ajralib turadi – bu gol «Siti»ga 44 yilda ilk marta chempionlikni olib kelgandi. Ko‘p gollar, g‘alabalar, sovrinlar vaqt o‘tib unutilishi mumkin, ammo Aguero deganda aynan o‘sha gol xotirlanaveradi. «Manchester Siti»ning yangi davrining timsoli sifatida ham ushbu golni urib irg‘ishlayotgan Kun Agueroni tasavvur qilamiz. Keling, o‘sha kunlarga sayohat qilamiz.
2011/12 yilgi mavsumda Manchester klublarining chempionlik poygasi – ajoyib. Mart oxirlarida, 30-tur oldidan butun Angliya so‘nggi turlar o‘ta shiddatli kechishini sezib turgandek edi go‘yo.
Ammo bir hafta ichida «Siti» kurashdan chiqib qoldi. Avvaliga Aguerosiz «Stok Siti» (1:1) va «Sanderlend» (3:3) bilan o‘yinlarda durang qayd etildi. Keyin esa Serxio qatnashgan o‘yinda «Arsenal»ga mag‘lub bo‘lindi (0:1). Balotelli o‘sha o‘yinda ikkinchi sariq kartochkani olib maydondan chetlatilgandi. «Yunayted» birorta ham o‘yinda yo‘qotishga uchramadi va o‘sha o‘yinlarda uch g‘alabaga erishib, asosiy raqibdan 8 ochkoga ilgarilab ketdi.
Roberto Manchini shogirdlari taslim bo‘lmadi va keyingi besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi, to‘plar nisbati – 15:1. Aguero bu o‘yinlarda 5 gol va uch assistni amalga oshirdi, Vinsent Kompani esa, Manchester derbisida hal qiluvchi yagona golni urdi. Aynan «Yunayted» ustidan g‘alabadan so‘ng «Siti» yana birinchi o‘ringa qaytgandi, sababi, undan oldin «MYu» «Everton» (4:4) va «Uigan»ga (0:1) qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotgandi.
38-tur oldidan har ikki jamoada 86 ochkodan bor edi, ammo to‘plar nisbati bo‘yicha «Manchester Siti»ning holati ancha yaxshi edi. +63 ga +55. Bu farqni yo‘qqa chiqarish qiyin. Qisman bu holatda birinchi davrada «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan derbi ham ta’sir qilgan albatta, o‘sha o‘yinda «shaharliklar» 6:1 hisobida g‘alaba qozongandi.
Bu mavsumgacha «Siti» faqat ikki marta Angliya chempionatini yutgan va oxirgisi 1968 yilga to‘g‘ri kelardi. Shundan buyon jamoa besh marta quyi ligaga, hatto bir marta uchinchi divizionga ham tushib ketgan. Shayxlar klubni sotib olgach, bir qator yuqori saviyali futbolchilar transfer qilingan, o‘sha mavsum Serxio uchun birinchisi edi.
«Siti» fanatlari «KPR»ga qarshi so‘nggi tur o‘yinigacha ham chempionlikni nishonlay boshladi. 37-turdagi «Nyukasl» safari «Siti» uchun oxirgi jiddiy sinovdek tuyulgandi, shimolliklar o‘sha mavsumda kuchli to‘rtlikka kirish uchun kurashgan (yakunda 5-o‘rin). Ammo Yaya Turening gollari yordamida u yerda ham 2:0 hisobida g‘alaba qayd etildi.
Jamoa muxlisi Ian Tomasdan qiziqarli xotira:
«Men pabda «Nyukasl» bilan o‘yinni tomosha qilib o‘tirib, barmen bilan gaplashib qoldim va u qayerda yaxshi tatu chizishlarini aytib berdi. Men hayajonda ushbu manzilni oldim va jo‘nadim»
Tomas «Premer Liga chempionlari 2012» deb «Manchester Siti» klubi logosini chizdirmoqchi bo‘lgandi.
«Usta hadeb «Ishonching komilmi? Aniqmi?» deb so‘rayverdi. Albatta, men aniq ishonardim», – deb eslaydi Tomas ushbu golga bag‘ishlangan alohida xujjatli filmda, - «faqat «KPR» qolgan edi, muammo yo‘q, hammasi yaxshi bo‘ladi».
O‘yinning unutilgan jihatlari: Sabaleta birinchi golni urgan va tanaffusga tarixga kirishi haqida o‘ylab yo‘l olgan, Barton Aguero qizil olishi uchun provokatsiya qilgan
«KPR» ustidan g‘alaba parallel o‘yinda «Yunayted» qanday natija qayd etishidan qat’i nazar «Siti»ni chempionga aylantiradi. «KPR»ga ham ochko zarur – ligadan tushib ketmaslik uchun kamida bir ochko olish lozim, aks holda «Bolton» quvib o‘tishi mumkin edi.
Kompani, Leskott, Barri, Aguero, Kompani, Klishi kabi «Siti» futbolchilari o‘yin oldidan bosim katta bo‘lganini tan olishadi: «KPR» motivatsiyasi, 44 yil g‘alabasiz tarix, so‘nggi turda hammasini boy berib qo‘yish qo‘rquvi...
Mezbonlar 39-daqiqaga kelibgina hisobni ochishdi: Pablo Sabaleta jarima maydoniga yorib kiradi va Yaya Ture oshirgan to‘pni darvozaga yo‘llab, hisobni ochadi.
«Ha, o‘sha gol» - keyinchalik kulib eslaydi Sabaleta, - «tanaffusga ketayotgandi ajib bir hissiyotlar chulg‘ab olgandi – «agar 1:0 hisobida g‘alaba qozonsak, men qahramonga aylanaman, fanatlar butun umr meni eslab qolishadi».
Endi rostini ayting, o‘sha o‘yinda Sabaleta hisobni ochgani esingizda qolganmi?
O‘yin og‘ir o‘ta boshladi. «Siti» oddiy vaziyatlarda ham xato qilar, ikkinchi bo‘lim boshlarida esa, Leskott xatoga yo‘l qo‘yadi va Jibril Sisse hisobni tenglashtiradi. 55-daqiqada «Siti» uchun yaxshi voqea sodir bo‘ldi: Jou Barton maydondan chetlatildi. Karlos Teves u bilan to‘p uchun kurashayotganda, Barton tirsagi bilan argentinalik hujumchining iyagiga urdi va hakam buni ko‘rib turgandi.
Barton qizil kartochkadan keyin ham tinch turmadi va futbolchilar sonini tenglashtirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Agueroning jahli chiqib turganini sezib, unga hujum qila boshladi.
Ammo Serxio provokatsiyaga uchmay, maydonga yotib oldi. O‘sha paytda Balotellining maydonda yo‘qligi ham «Siti»ning omadi edi, aks holda, rostan ham jamoalar 10x10 qolishlari mumkin edi.
«Siti» fanatlari esa, o‘yindan keyin hazil qilib yurishdi – Bartonning qo‘polligi maydondan chetlatilganidan ko‘ra, o‘yin oxirida 5 daqiqa qo‘shib berilgani bilan foyda keltirdi.
66-daqiqada hisob o‘zgardi. Ammo «KPR» foydasiga. To‘p qanotdan oshirilgan paytda uzoq burchakni unutib qo‘yishdi. O‘yin oxirida «Aguerooooo» deb baqirgani bilan yodda qolgan Sky Spors sharhlovchisi Martin Tayler «odatiy «Siti» deb qo‘yish bilan kifoyalandi.
«Siti» muxlislarining jim qolishi Sabaletaga qattiq ta’sir qildi. Kompani esa, o‘sha paytda g‘alabaga umuman ishonchi qolmaganini tan oladi. Hatto 90+2 da Jyeko hisobni tenglashtirganda ham, belgiyalik futbolchi chempionlikka ishonmagan, «eh, endi sovrinni yutqazganimiz yanada alamliroq bo‘ladi» deb o‘ylay boshlagan ekan.
Aguerochi? Bu uning mavsumdagi eng yomon o‘yinlaridan biri edi. Hech narsa o‘xshamayotgan, vaziyatlar ko‘kka sovrilayotgan payt. Aguero eslaydi:
«Jyeko ikkinchi golni urganda men to‘pni to‘rdan olib, maydon markaziga yugurdim. Shunchaki gapira boshladim – «iltimos, menga bitta imkoniyat beringlar, birgina!»
Nasri to‘pni maydondan tashqariga chiqarib yuborgan va hakam autni «KPR» olishi kerakligini ko‘rsatayotganda, o‘rindiqqa sharfini jahl bilan urayotgan fanatni eslaysizmi? Atigi ikki daqiqa qolgandi va «Manchester Siti»da faqat bitta to‘liq hujum imkoniyati bor edi, xolos.
Va hujum ajoyib chiqdi. Leskott havoda to‘p uchun kurashda g‘olib chiqib, to‘pni bo‘sh turgan Nayjyel De Yongga tashlab berdi. De Yong balki hayotidagi eng o‘tkir pasini Agueroga oshirdi. Aguero oldinda Balotelli, Jyeko va Kompanini qoldirib, biroz orqaga o‘tgandi. Avvalroq u Marioga jarima maydonida qolishni aytadi.
Aguero jarima maydoni oldida, David Silva o‘ng qanotda, mabodo to‘p qaytarilsa, kross amalga oshirish uchun tayyor, Aguero-Balotelli-Aguero kombinatsiyasi, Kompanining Serxioga ochiq zona tashkil qilish uchun ajoyib harakatlari...
«Bir tepishda zarba ijro etish imkoniyati ko‘rinmagandi», – eslaydi Aguero, – «shunda to‘pni Tayye Tayvoning yoniga tashladim. Shunda o‘ng oyog‘imga tepishdi.
Qanchadir soniyalarda penalti haqida o‘yladim, lekin yiqilishni xohlamadim, chunki u qadar qattiq tepishmagandi va hakam ko‘rmay qolgan bo‘lishi ham mumkin edi. Tepayotgan pozitsiyam hamon yodimda, odatda bunday holatlarda yaqin burchakka kuch bilan tepaman. Bunday vaziyatlarda biroz omad ham kerak. O‘sha kuni u menga kulib boqdi».
Uyog‘ini hammamiz o‘n martalab ko‘rganmiz. Aguero futbolkasini yechib, silkitgan holda yuguradi va keyin to‘xtab, sheriklarini kutadi, Hart jazavaga tushgan «Etihad» fonida qo‘lini ochib, yugurib yuribdi, Manchini negadir qo‘lini cho‘ntagidan chiqarishni ham unutib, yordamchilari og‘ushiga shoshiladi... Va yana Agueroni ko‘rsatishadi – butun «Siti» futbolchilari uni stadion maysasiga bosib olishgandi.
Takroriy lavhada Tayvo rostan ham Agueroning o‘ng oyog‘iga tepgani ko‘rinadi, lekin Agueroga o‘sha birgina imkon taqdim etilgandi va u buni hakamning ixtiyoriga havola qila olmas edi.
Quyida esa, Aguerodan ushbu gol haqida yana ikki iqtibos:
«Bu hayotimdagi eng muhim gol. Ko‘pincha oilam, o‘g‘lim bilan o‘sha o‘yinni qaytadan tomosha qilaman. Menimcha, umrimning oxirigacha bu lahzalar ko‘z oldimda aylanaversa kerak.
Jamoa muxlislari ham bu golni doim eslashadi. Yaqinda ko‘chada bir odam yonimga keldi va menga qarab dedi: «O‘sha gol uchun rahmat. 93:20 – hayotimdagi eng yorqin lahza».
Mavzuga oid
16:59 / 15.12.2021
Aguero futbolchilik faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi
16:13 / 01.06.2021
Aguero - «Barselona»da. Messi endi qoladimi?
13:31 / 01.06.2021
«Barselona» «Manchester Siti»ning yana bir futbolchisini safiga qo‘shib oldi
19:19 / 31.05.2021